Ng tovushi til orqa, portlovchi-sirg`aluvchi, burun, jarangli, sonor undosh tovush bo`lib, so`z boshida mutlaqo uchramaydi. So`z o`rtasida (yangi, bangi) va oxirida (bodring, ong) keladi.
Q tovushi chuqur til orqa, sof portlovchi, jarangsiz undosh tovush bo`lib, so`z boshida (qadr, qovoq, qo`l), o`rtasida (oqil, baqir, chuqur ) va oxirida (o`roq, yo`q,) keladi. Bu tovush ayrim ko`p bo`g`inli so`zlar oxirida kelganida unli bilan boshlangan qo`shimchalar qo`shilsa, g‘ tovushiga almashadi: quloq+im>qulog`im, to`yoq+i >tuyog`i. To`qson, maqtov, maqsad kabi so`zlarda esa x tovushiga o`xshab talaffuz qilinadi.
G‘ tovushi chuqur til orqa, sirg`aluvchi, jarangli undosh tovush bo`lib, so`z boshida
(g`azab, g`ildirak, g`o`za), o`rtasida (dag`al, og`ir, o`g`ri) va oxirida (tog`, bug`, tig`) keladi.
X tovushi chuqur til orqa, sirg`aluvchi, jarangsiz undosh tovush bo`lib, so`z boshida
(xabar, xurjun, xol), o`rtasida (paxta, axir) va oxirida (six, mix) qo`llanadi.
H tovushi bo`g`izda hosil qilinadigan, sirg`aluvchi, jarangsiz tovush bo`lib, so`z boshida (halol, hikoya, hukumat), o`rtasida (sayohat, ohu) va oxirida (sayyoh, eh) qo`llanadi. Bu tovush asosan arab, fors tillaridan o`zlashgan so`zlarda uchraydi.
8-§. Qo`sh tovushlar va ularning qo`llanilishi
Ma`lumki, unli tovushlar so`zlarni shakllantirishda yakka holda, qo`sh holatda va ketma-ket holda qo`llanadi. Unlilarning yakka holatda kelishi o`zbek tili tabiatiga xos bo`lib, turli tipdagi ikki unli ketma-ket bir o`rinda kelishi yoki bir xil unlining bir o`rinda qo`sh holda qo`llanishi (poema, doim, sanoat, taajjub, matbaa) turkiy tillar taraqqiyotining keyingi davrlarida boshqa tillarning ta`siri, xalqlarning o`zaro aloqasi tufayli paydo bo`ladi. Hozirgi o`zbek adabiy tilida ao, oa, oi, ia, io kabi turli unlilarning ketma-ket bir o`rinda kelish hollari mavjud: jamoat, faol, doira, ...
Bir xil unlilarning aa, uu, ii, oo kabi qo`sh kelish hollari uchraydi: taalluqli, shuur, badiiy, inshoot. Deyarli barcha undoshlar qo`sh holatda (g, x, h, g` undoshlari bundan mustasno). qo`llanadi: qubba, avval, sodda, mijja, lazzat, tayyor, ikki, alla, omma, anneksiya, oppoq, burro, issiq, o`ttiz, iffat, achchiq, ishshaymoq, to`qqiz Bu undoshlar talaffuzda ham qo`sh tarzda aytiladi. Bu hodisa aloqalarning kengayishi tufayli yangi so`zlar hisobiga boyimoqda: musson, Anna, Emma, milliard, affiks. Qo`sh unlilar so`zning o`rtasida (manfaat), so`z oxirida (mutolaa), qo`sh undoshlar esa so`z boshida (ssenariy), o`rtasida (qattiq) va oxirida (kongress) qo`llanadi.
Turkiy tilga turli tipdagi undoshlarning so`z oxirida ketma-ket (qator) kelishi qo`sh undoshlarga nisbatan ancha ilgari o`zlashdi: daraxt, g`isht, payvand, Samarqand, baxt, xursand kabi.
O`zbek tilida oldin so`z boshida undoshlarning ketma-ket kelish hollari yo`q edi, rus tili va boshqa tillarning ta`sirida adabiy tilimizda bu holat ham paydo bo`ldi: brom, drezina, ftor, grek, krem, stol, traktor, xrom, shkaf kabi.
Do'stlaringiz bilan baham: |