Vositali to`ldiruvchi
Vositali to`ldiruvchi bosh, qaratqich, tushum kelishiklaridan boshqa kelishikdagi birliklar bilan hamda ko`makchili ishlatilgan birliklar bilan ifodalanadi. Vositali to`ldiruvchilarning ma`nolari va so`roqlari turlichadir. Mazkur to`ldiruvchilarni jo`nalish, o`rin-payt, chiqish kelishiklari affikslari hamda «bilan», «uchun», «to`g`risida», «haqida» kabi ko`makchilar shakllantirib, ular kimga? nimaga? kimda? nimada? kimdan? nimadan? kim bilan? nima bilan? kim uchun? kim to`g`risida? nima xususida? kabi so`roqlardan biriga javob bo`ladi. Masalan: Inson bilimga intiladi va qachonki unda bilimga tashnalik so`nsa, u insoniylikdan mahrum bo`ladi. («Tafakkur gulshani»). Do‘sting bilan sirdosh bo`l (Maqol). Mineral tuz, bosh miya uchun zarur bo`lgan efir moyi aksar yong`oqning mag‘zidan olinadi. (J.Abdullaxonov). G`oyib endi
«studentlikning oltin davri» haqida zavq-shavq bilan hikoya boshladi. (J.Abdullaxonov). Mana endi uning yaxshi xislatlari to‘g‘risida gap ketyapti. (J.Abdullaxonov).
Vositali to`ldiruvchi ko`pincha fe`l bilan ifodalangan bo`laklarga, ba`zan esa sifat, ravish, ot, modal so`z bilan ifodalangan bo`laklarga ham bog`lanib keladi. Masalan: Bu – professor Jamolovning saxiyligi, yoshlarga mehr-muhabbatining mevasi, albatta. (J.Abdullaxonov). Temirjon gamma nurlarini hayot uchun faqat ofat manbai deb bilardi. (J.Abdullaxonov). Temirjon uning bu uyda xizmat qilishidan bexabar edi. (J.Abdullaxonov). Uning tashqi ko`rinishi sokin tuyulsa-da, ichki dunyosi olam-olam orzularga boy... (J.Abdullaxonov).
3-§. Hol
Odatda fe`l bilan ifodalangan bo`lakka bitishuv yoki boshqaruv yo`li bilan bog`lanib, undan anglashilgan ish-harakatning belgisini bildiradigan ikkinchi darajali bo`lakka hol deyiladi. Hol ish- harakatning qay tarzda bajarilishini, uning bajarilishi bilan bog`liq bo`lgan o`rin, payt, sabab, maqsad, miqdor-daraja kabilarni bildiradi. Hol ravish, jo`nalish, o`rin-payt, chiqish kelishiklari shakllaridagi ot yoki ko`makchili ishlatilgan so`zlar, sifat, son, fe`l shakllari, taqlid so`z hamda so`z birikmasi orqali ifodalanadi.
Ravish, asosan, hol vazifasini bajaruvchi mustaqil so`z turkumidir. Masalan: Faqat idora yaqinidagi MTS tomonidan yakka traktorning o‘qtin-o‘qtin gurillagani eshitildi. (O`.Hoshimov). Asta esa boshlagan shamol tumanni pastliklarga olib ketdi. (J.Abdullaxonov).
Gapda hol bo`lib kelish fe`lning ravishdosh shaklining ham asosiy vazifalaridandir. Masalan: Tomchilarning derazaga chirsillab urilishi aniq eshitila boshladi. (O`.Hoshimov). Erali bu gaplarni choyxonada odam gavjum paytida maqtana-maqtana aytib berdi. (S.Ahmad).
Ot jo`nalish, o`rin-payt, chiqish kelishigida kelib yoki ko`makchi bilan birga ishlatilib hol vazifasini bajarishi mumkin: Toshkentga butun mamlakatdan katta geolog olimlar kelishgan. (S.Karomatov). Mashina shiddat bilan qaltis tog‘ yo‘lidan uchib ketdi. (O`.Hoshimov).
Harakat nomi gapda hol bo`lib kelganda, u ham ot kabi shakllanadi: Mehmonlarni kutish uchun bog`ga dasturxon tayyorlatib qo`yishgan edi. (S.Ahmad).
Taqlid so`z ham gapda hol vazifasida kela oladi: Toshlar havoni g‘iz-g‘iz yorib o`tadi. (Oybek). Ko`chadan dupur-dupur o`ynoqlab bir gala otlar o`tadi. (J.Abdullaxonov).
Ba`zan hol so`z birikmasi bilan ifodalanadi: Tong otar payti bulbullar paydar-pay sayraydi. (S.Ahmad). Aqlni o‘stirmoq uchun hadeb o`qiyvermasdan ko`proq fikrlash kerak. («Tafakkur gulshani»).
Hol o`zi bog`lanib kelgan so`z bilan «hol-hollanmish» sintaktik munosabatini yuzaga keltiradi.
Hollar ma`nolariga ko`ra bir necha turga bo`linadi.
Ravish holi ish-harakatning qay tarzda bajarilganligini bildirib, qanday? qanday qilib? qay tarzda? qay holda? degan so`roqlarning biriga javob bo`ladi. U quyidagicha ifodalanadi:
Do'stlaringiz bilan baham: |