Muskullari. Umurtqali hayvonlarning muskullari, gavda muskullari yoki somatik muskullar hamda ichki organ bilan teri muskullari yoki vistseral muskullarga bo`linadi.
Somatik muskullar hamma vaqt ko`ndalang yo`l-yo`l muskul tolalaridan iborat bo`ladi. Tuban umurtqalilarda xuddi boshskeletsizlarnikiga o`xshab muskullari segmentlarga bo`lingan bo`ladi. Yuqori guruhga kiruvchi umurtqali hayvonlarning harakatlanishi, gavda va juft oyoqlarida murakkab muskullar taraqqiy etishi munosabati bilan metameriya ko`rinmay qoladi.
Vistseral muskullar, asosan hazm nayi muskullaridan tashkil topgan bo`lib, jag’, jabra, ya`ni halqum muskullaridan va ichak muskullaridan iborat.
Ichak muskullari silliq muskul tolalaridan, hazm nayi oldingi qismining muskullari esa ko`ndalang yo`l-yo`l muskul tolalaridan tuzilgan. Vistseral muskullar segmentlashmagan bo`ladi.
Ovqat hazm qilish sistemasi. Boshskeletsizlarga nisbatan umurtqali hayvonlarning ovqat hazm qilish sistemasi ancha murakkab tuzilgan. Xususan oziqni ushlashga moslashgan og’iz teshigi hosil bo`lgan. Hazm qilish sistemasi nayi uzaygan bo`lib har xil bo`limlar (oshqozon, ingichka va yo`g’on ichaklar)dan iborat. Oshqozon, oshqozonosti va ingichka ichak devorida hazm qilish bezlari kuchli rivojlangan. Bu bezlarning suyuqligi ovqat tarkibidagi oqsil, yog’, uglevod va boshqa moddalarni hazm qilishga yordam beradi. Boshskeletsizlarda sodda tuzilgan o`rta ichagi o`simtasidan umurtqalilarda murakkab tuzilgan parenximatoz organ – jigar hosil bo`lgan. Jigar ovqat hazm qilishda ishtirok etish bilan birga murakkab biokimyoviy jarayonlar kechadigan joy ham hisoblanadi.
Nafas olish organlari. Suvda yashovchi umurtqali hayvonlarning nafas olish organlariga jabra kiradi. Jabra yoriqlari halqum devorining xaltasimon bo`rtib chiqishidan, shuningdek, tashqi qoplag’ich devorining xaltasimon bo`rtib kirishidan hosil bo`ladi. Quruqlikda yashovchi va ikkilamchi marta suvda yashashga o`tgan umurtqalilarning nafas olish organlari vazifasini o`pka bajaradi, o`pka ba`zi baliqlarda ham bo`ladi. O`pka halqum ostki tomonining keyingi qismidan bir juft bo`rtma ko`rinishida yuzaga keladi. U oxirgi juft jabra yoriqlarining gomologidir. Birlamchi suvda yashovchi umurtqalilarda va suvda hamda quruqlikda yashovchilarda teri ham nafas olishda ishtirok etadi. Jabra bilan nafas oluvchi umurtqalilarning jabrasi ektoderma va endodermadan hosil bo`ladi. Tuban umurtqalilarga kiruvchi to`garak og’izlilar sinfi vakillarining jabrasi faqatgina endodermadan hosil bo`ladi. Qalin kapillyarlar bilan qoplangan jabra yaproqlari va boshqa o`simtalari jabralarning gaz almashinuvi yuzasini keskin oshiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |