S keleti. Ichki skeleti bosh skeleti, o`q skeleti (xorda yoki umurtqa pog’onasi) va boshqa bo`limlardan iborat (14-rasm).
14-rasm. Umurtqali hayvonlar skeletining sxemasi: I-baliqlar skeleti;
II-quruqlikda yashovchi umurtqali hayvonlar skeleti.
Bosh skeleti bosh miya va sezgi organlari (hid bilish, ko`rish, eshitish, muvozanat saqlash), hazm qilish sistemasining oldingi qismi va u bilan bog’langan jabralarni mustahkamlab turish funktsiyasini bajaradi. Bosh skeleti ikki qismdan – miya qutisi (bosh miya va sezgi organlarini himoya qilib turuvchi) va vistseral (hazm qilish va jabralar bilan bog’langan) qismlardan iborat.
O`q skeleti tuban umurtqali hayvonlarda (to`garak og’izlilar va ayrim tur baliqlarda) hamda boshqa umurtqali hayvonlarning embrionlarida, asosan xordadan iborat bo`ladi.
Xordani biriktiruvchi to`qimadan tuzilgan qin o`rab turadi, bu qin markaziy nerv sistemasini ham qo`shib o`rab oladi va skeletogen qatlam, ya`ni tog’ay yoki suyak umurtqa pog’onasini paydo qiladigan qatlam hisoblanadi. Shuni ta`kidlash lozimki, suyak yoki tog’ay skelet hosil qilishda xordaning o`zi ishtirok etmaydi.
Umurtqali hayvonlarning umurtqa pog’onasi bir-biri bilan harakatchan tarzda qo`shilgan bir qancha umurtqalardan iborat bo`ldi. Jag’sizlarning (to`garak og’izlilar sinfi vakillarining) umurtqalari murtak holida bo`ladi, shunga ko`ra umurtqa pog’onasi bo`limlarga bo`linmaydi. Baliqlarning umurtqa pog’onasi 2 ta bo`limga – qovurg’alar o`rnashgan tana bo`limiga va qovurg’asiz dum bo`limiga bo`linadi.
Quruqlikda yashovchi umurtqalilarning tipik umurtqa pog’onasi 5 bo`limdan, ya`ni bo`yin, ko`krak, bel, dumg’aza va dum bo`limlaridan iborat. Ko`krak bo`limining qovurg’alari to`sh bilan qo`shilib, ko`krak qafasini hosil qiladi. Umuman, taraqqiy etgan umurtqa pog’onasi bir tomondan, butun gavdaga tayanch bo`lsa, ikkinchidan orqa miya va ichki organlar uchun saqlovchi g’ilof bo`lib xizmat qiladi. Quruqlikda yashovchi umurtqalilarda o`q skeleti oyoq kamarlari bilan qo`shilib, juft oyoqlarga ham tayanch bo`ladi.
Oyoqlar skeleti toq va juft oyoq (suzgich qanot) skeletlariga bo`linadi. Toq oyoqlar (suzgich qanot) skeleti faqat birlamchi suv hayvonlarida (to`garak og’izlilar va baliqlarda) bo`ladi. Ular orqa, dum va anal suzgich qanot pardalarini tutib turadigan tashqi skelet – shu`lalardan hamda gavda muskullariga o`rnashgan va suzgich qanot shu`lalarini tutib turadigan ichki skelet – radial shu`lalardan iborat. Juft oyoqlar (suzgich qanotlar) skeleti, oyoq kamarlari skeletiga va erkin oyoq skeletlariga bo`linadi.
Harakat organlari kamarlari hamma vaqt hayvon tanasining ichida joylashgan bo`ladi. Ularning tuzilishi har xil guruhlarda turlicha bo`lganligi uchun o`z joyida tushuntiriladi.
Baliqlarning suzgich qanot kamarlari birmuncha sodda tuzilgan bo`ladi va umurtqa pog’onasiga qo`shilib turmaydi.
Quruqlikda yashovchi umurtqalilarning juft oyoqlari baliqlarning juft suzgich qanotlaridan farq qiladi. Oldingi yoki yelka kamarining tipik elementlariga kurak, korakoid va prokorakoid kiradi. Ularda qoplag’ich suyak -o`mrov ham bo`ladi. Tos yoki chanoq kamarida yonbosh, quymich va qov suyaklari bor. Chanoq kamarida qoplag’ich suyaklar yo`q.
Erkin oyoq skeleti faqat ichki skeletdan iborat bo`lib, 3 bo`limga bo`linadi.
Birinchi bo`lim bitta, ya`ni yelka yoki son suyagidan, ikkinchi bo`lim 2 ta suyakdan, ya`ni tirsak va bilakdan hamda katta va kichik boldir suyaklaridan iborat, uchinchi bo`lim esa 3 ta kichik bo`limlarga: oldingi oyoqda – bilaguzuk, kaft va barmoq suyaklariga, orqa oyoqda – tovon, oyoq kafti va barmoq suyaklariga bo`linadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |