Ambistomalar (Ambistomatoidea) kenja turkumiga faqat bitta ambis-tomalar (Ambystomatidae) oilasi kiradi. Bu oilaning vakillari, asosan Shimoliy va Markaziy Amerikada tarqalgan. Ularning umurtqalari ham 2 tomondan botiq bo`ladi, ya`ni amfitsel tipda. Ambistomalarning terisi tekis bo`ladi. Dumi yo`g’on, rangi qo`ng’ir jigar rang ochiq dog’lari bor. Bo`yi 15-30 sm gacha boradi. Salamandraga o`xshash 4 ta avlodi va 35 ta turi bor. Ularning lichinkasi (itbalig’ini) ba`zan aksolotl deyiladi va lichinkalik davrida ular ko`payish (urchiy olish) xususiyatiga ega, ya`ni ularda neoteniya hodisasi kuzatiladi. Umurtqasiz hayvonlar bilan oziqlanadi. Otalanishi ichki, 50 tadan 500 tagacha tuxumini suvga qo`yadi, lichinkasi ham suvda rivojlanadi. Lichinkasi shoxlangan tashqi jabrasi orqali nafas oladi. Quruqlikda jinsiy voyaga yetadi. Asosiy vakili yo`lbarssimon ambistoma (Ambystoma tigrinum) hisoblanadi. Ambistomalar ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishda foydalaniladi.
4. Proteylar (Proteidea) kenja turkumiga bitta proteylar (Proteidae) oilasi kiradi. Bu oilaning 2 ta avlodi va 6 ta turi bor. Yevropa proteyi (Proteus anguinus) Bolqon yarimorolida tarqalgan, ya`ni u Bolqon yarimorolining yer osti suvlarida uchraydi. Ko`proq yer ostida, qorong’u g’orlardagi suvlarda yashaydi. Bo`yi 28-35 sm, rangi o`zgaruvchan. Uning ko`zi reduktsiyalangan, ustki tomondan teri bilan qoplangan. Oyoqlari kuchsiz, juda kichkina, nozik yurishga yaramaydi, teri ostiga yashiringan. Oldingi oyog’ida 3 ta va orqa oyog’ida 2 ta barmog’i bor. Yevropa proteyi tabiiy muhitda ba`zan tirik tug’adi, ko`pincha otalangan tuxum qo`yadi. Ularda tirik tug’ish suv haroratining 15C dan past bo`lgan davriga to`g’ri keladi, ozig’i har xil umurtqasiz hayvonlar hisoblanadi. Tutqinlik davrida maydalangan go`shtni ham yeydi. Ular uzoq vaqt (yillab) ochlikka chidaydi.
Amerika proteyi (Necturus maculosus) Shimoliy Amerikaning kichik suvliklarida yashaydi. U, asosan tagi qumloq, sekin oqadigan ser o`t ko`llarda tarqalgan. Uzunligi 36-40 sm gacha boradi. Gavdasi kulrang bir qancha xoshiyali qora xollari bor. Oldingi va orqa oyoqlarida 4 tadan barmoqlari bor. Ular tungi hayvonlardir. Kunduzi toshlar ostida yashirinib yotadi. Amerika proteyining o`pkasi bo`lsa ham suvdan tashqarida uzoq yashay olmaydi, ya`ni 4 saotdan keyin halok bo`ladi. Ularda bir umrga bir tutam tashqi jabrasi saqlanib qoladi, suvda jabradan tashqari terisi orqali ham nafas oladi. Quruqlikda terisi qurib, nafas olish xususiyatini yo`qotadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |