B
99-rasm. A. Erkak baqaning siydik-tanosil sistemasi: 1-buyrak; 2-siydik yo`li (urug’ yo`li ham hisoblanadi); 3-kloaka bo`shlig’i; 4-siydik-tanosil teshigi; 5-siydik pufagi; 6-siydik pufagi teshigi; 7-urug’don; 8-urug’ olib chiquvchi kanallar; 9-urug’ pufagi; 10-yog’ tanachasi; 11-buyrak usti bezi. B. Urg’ochi baqaning siydik-tanosil sistemasi: 1-buyrak; 2-siydik yo`li; 3-kloaka bo`shlig’i;
4-siydik teshigi; 5-siydik pufagi; 6-siydik pufagi teshigi; 7-chap tuxumdon (o`ng tuxumdon rasmda chizilmagan); 8-tuxum yo`li; 9-tuxum yo`lining voronkasi; 10-yog’ tanachasi (o`ng tomonidagisi ko`rsatilmagan); 11-buyrak usti bezi; 12-jinsiy teshik.
Yumaloq shakldagi urug’donlari buyraklarning oldingi chetida joylashgan. Urug’donning ustki tomonida yog’ tanalari bor. Har bir urug’dondan bir nechta ingichka urug’ chiqaruvchi naychalar chiqadi. Bu naychalar buyraklardan o`tib, juft Volf nayiga ochiladi. Volf nayi erkaklarda ham urug’ yo`li, ham siydik yo`li bo`lib xizmat qiladi. Volf nayining pastki qismida urug’ pufagi hosil bo`ladi. Volf nayi siydik-tanosil teshigi bilan kloaka orqali tashqariga ochiladi.
Dumsiz amfibiyalarda urug’lanish jarayoni tashqarida - suvda o`tadi. Erkaklari oldingi oyoqlari bilan urg’ochilarini qo`ltiqlab oladi. Qo`l barmoqlarida (erkaklarining) qadoq (mazol) bo`lib, bu urg’ochilarini ushlab turishga yordam beradi. Tashqariga chiqarilgan tuxum hujayralari tezda urug’ suyuqligi bilan otalanadi.
Amfibiyalarning pushtdorligi juda o`zgaruvchan bo`ladi. Masalan, qurbaqalar 10000 tadan 12000 tagacha va ko`l baqasi 3-8 mingta ikra qo`ysa, o`tloq baqasi 1500-3000 ta, tritonlar 100-600 ta ikra qo`yadi. Fillomeduzalar 100 tagacha, Yavan uchuvchi baqasi 70 tagacha, pipalar 50-100 ta, Darvin rinodermalari 20-30 ta, Seylon ilon balig’i 10-15 ta va halqali chervyagalar atigi 5-10 tacha tuxum qo`yadi.
Embrionining rivojlanishi. Amfibiyalarning tuxum hujayralarida sariq moddaning miqdori o`rtacha bo`lib, bu modda, asosan tuxumning pastki qismida to`plangan. Urug’langandan keyin 3-4 soat o`tgach, zigota to`liq, lekin teng bo`lmagan yo`l bilan bo`linadi. Birinchi va ikkinchi bo`linish ariqchasi meridional (bo`yiga) yo`nalishda o`tadi va 4 ta blastomer hosil qiladi. Uchinchi bo`linish ariqchasi gorizontal tekislikda o`tadi. Undan keyingi bo`linish vertikal va gorizontal tekislikda o`tadi va shar shaklidagi blastula hosil qiladi. Blastulaning devori bir qavat hujayralardan tashkil topgan bo`lib, uning ustki tomoni animal, pastki tomoni vegetativ qutb deb ataladi.
Vegetativ qutbning hujayralari animal qutb hujayralariga nisbatan yirikroq bo`ladi. Taxminan bir sutka o`tgach, blastulaning vegetativ qismi blastotselga botib (invaginatsiya) kiradi, animal qutbning blastomerlari esa vegetativ qutb blastomerlarini ustidan o`rab oladi. Buning natijasida gastrula hosil bo`ladi, uning gastropori sariqlik qopqog’i hosil qiladigan vegetativ blastomerlari bilan to`la bo`ladi.
Tuxum bo`lina boshlagan paytdan 2-3 kun o`tgach, gastropor o`rtasida shaklan oq dog’ga o`xshagan sariqlik qopqog’i tor halqa holiga keladi. 3-4 kundan keyin embrionning bo`yi cho`ziladi, gastropor torayib, kichkina tirqish shaklini oladi va uning oldida bir-biriga parallel bo`lgan ikkita qavarma (valik) hosil bo`ladi, ular oldingi tomondan ko`ndalang qavarma bilan o`zaro tutashadi. Bu qavarmalarning orasida markaziy nerv sistemasi murtagi-medulyar plastinka joy oladi. Yana 1-2 kundan keyin qavarmalar bir-birlari bilan qo`shilib ketadi.
Ularning ostidagi medulyar plastinka qayrilib tutashadi va nerv nayiga aylanadi, shunda embrionning dum va bosh bo`limlari ro`yirost bilinib qoladi. Zigota taxminan bir hafta o`tgandan keyin, embrion deyarli to`liq tashkil topadi, yana 1-2 kundan keyin esa embrion tuxum pardasini yorib, lichinka-itbaliq ko`rinishida tashqariga chiqadi. Bu davr taxminan 5-30 kun davom etadi. Chunki embrionning rivojlanishi bevosita muhit haroratiga bog’liq bo`ladi.
Itbaliq. Dumsizlarda lichinka yoki itbaliq tuxumdan chiqadi va maxsus organ- so`rg’ich yordamida suv o`simliklariga yoki boshqa jismlarga yopishadi. Uning uzun dumi, boshining ikki yon tomonida 2-3 juft tashqi jabralari bo`ladi, juft oyoqlari hali rivojlanmagan. Bunday itbaliqda yon chiziq organlari bo`ladi. Tez orada tashqi jabralari yo`qoladi. Ularning o`rniga jabra yaproqlari bo`lgan uch juft jabra yoriqlari yuzaga keladi.
Bir necha kundan keyin itbaliqlarning og’zi paydo bo`ladi, og’iz atrofida va uning ichki yuzasida mayda tishchalar hamda jag’lar paydo bo`ladi. Shu paytdan boshlab itbaliqlar suvo`tlari bilan oziqlana boshlaydi. Oldingi va orqa juft oyoqlari bir vaqtda rivojlanadi va rivojlanishning 20-25 kunlarida lichinkada juft oyoqlaridan dastlab orqa oyoqlar o`sib chiqadi. Shu vaqtdan boshlab xoanalar va hiqildoq yorig’i paydo bo`ladi, o`pkalari rivojlana boshlaydi, qon aylanish sistemasi qayta tuziladi, mezonefritik buyrak paydo bo`ladi.
Metamorfozning oxirida oldingi oyoqlar tashqariga chiqadi, jabra yoriqlari bitib ketadi, jag’lar va tishlar tushib ketadi. Ko`zlari kattalashadi, skeletning shakllanishi tugaydi, dumi yo`qoladi va itbaliq baqaga aylanadi.
Dumli amfibiyalarda lichinka ancha shakllangan holda tuxumdan chiqadi. Dumlari yaxshi rivojlangan, tashqi jabralari ancha katta bo`ladi. Ikkinchi kuniyoq jabra yoriqlari ochiladi, og’zi hosil bo`ladi va lichinka oziqlana boshlaydi. 2-3 haftaga kelib avval oldingi, keyin orqa oyoqlari paydo bo`ladi. O`pkasi rivojlanadi, qon aylanish sistemasi o`zgaradi va tashqi jabralari qisqara boshlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |