5. Sirenlar (Sirenidae) oilasini o`z ichiga oladigan Meantes kenja turkumi Shimoliy Amerikada va G’arbiy Yevropada tarqalgan. Uzunligi 16-90 sm. Gavdasi cho`ziq, dumi uzun, eshkaksimon suzgich burmalari bor. Tashqi jabralari 3 juft. Ko`z qovoqlari yo`q. Ularning 2 ta avlodi va 3 ta turi tarqalgan. Gavdasini ilon kabi qayirib suvda suzib yuradi. Gavdasining ustida kulrang mayda sariq xollari bor. Orqa oyoqlari yo`q. Oldingi oyoqlarida 4 tadan barmoqlari bor. Proteylarnikiga o`xshash sirenlarda ham bir umrga 3 juft tashqi jabrasi saqlanib qoladi. Bundan tashqari rudiment holidagi jabra yorig’i saqlangan. Ko`zlarini ustidan teri qoplangan. Suvda kislorod yetishmasa, ular suv ustiga chiqib o`pka orqali nafas oladi. Bu oilaga katta siren (Siren lacertina) va ola siren (Pseudobranchus striatus) kiradi. Katta sirenning uzunligi 70 sm gacha boradi. Ola sirenning uzunligi 20 sm keladi. Uning oldingi oyoqlarida 3 tadan barmog’i bor, botqoqliklarda yashaydi (100-rasm).
100-rasm. Ola siren.
Dumli amfibiyalar turkumi vakillarining zarariga kelsak, ulardan ola salamandraning terisi zaharli bo`ladi, zahari suvdagi baliqlarni o`ldiradi. Dumli amfibiyalarning zahari odam uchun xavfli emas. Lekin ko`zga tushsa yomon ta`sir qiladi.
Oyoqsizlar (Apoda) turkumi. Oyoqsizlar turkumiga 6 ta oila va 165 ga yaqin tur kiradi. Asosiy oilalariga haqiqiy chervyagalar (Caecilidae), ilonbaliqlar (Ichthyophiidae) va suv chervyagalari (Typhlonectidae) kiradi.
Bu turkumni vakillari pirimitiv bo`lib, asosan yer ostida yashashga moslashgan. Tanasi tashqi ko`rinishiga ko`ra ilonga yoki katta chuvalchangga o`xshaydi, ko`pchiligida halqa segmentlari bo`lib xuddi yomg’ir chuvalchanglarini eslatadi.
Oyoqsizlar turkumi vakillari, asosan Janubiy Osiyo, Afrika, Janubiy va Markaziy Amerikaning tropik mintaqalarida tarqalgan. Uzunligi 30-100 sm.
Janubiy Amerika chuchuk suvlarida suv chervyagalari (Typhlontctes) avlodi vakillari tarqalgan, qolgan turlari, asosan yer tagida yashaydi va tuzilishi ham yer ostida hayot kechirishga va yerni kavlashga moslashgan.
Oyoqsizlarning oyoqlari va kamar skeletlari yo`q, dumi kalta, kloakasi tanasining orqa tomoniga ochiladi. Terisi yalang’och, juda ham bezlarga boy. Shuning uchun ham tanasi har doim shilimshiq bezlar bilan qoplangan bo`ladi.
Oyoqsizlar tuproqni kavlab yer ostida hayot kechirganligi uchun ko`zlari va eshitish organlari kuchsiz rivojlangan, nog’ora pardasi va o`rta qulog’i bo`lmaydi, lekin hid bilish va tuyg’u organlari yaxshi rivojlangan. Oyoqsizlarning yurak bo`lmalari orasidagi to`siq rivojlanmagan. Kichkina boshi tanasidan yaqqol ajralib turmay, balki deyarli chegarasiz qo`shilib ketgan. Kopulyativ organlari bor, ya`ni erkaklarining kloakasi bo`rtib chiqib, kopulyativ organ vazifasini bajaradi. Urug’lanishi ichki (101-rasm).
Do'stlaringiz bilan baham: |