Oziqlanishi. Amfibiyalar, asosan bir xildagi oziqlarni iste`mol qiladi. MDHda yashaydigan amfibiyalarning asosiy ozig’i umurtqasiz hayvonlardan - hasharotlar, chuvalchanglar, qisqichbaqasimonlar, mollyuskalar hisoblanadi, ayrim turlari hatto jo`jalar va sichqonlarni ham tutib yeydi. Ko`l baqasi ko`plab yosh baliq chavoqlarini yeb zarar keltiradi. Amfibiyalarning ozuqa turlari yashash sharoitiga ham bog’liq. Ular suvda hayot kechiradigan vaqtda faqat suv hayvonlari bilan oziqlanadi. Masalan: faol hayot davrini suvda o`tkazadigan jerlyankalarning ozuqasining yarmini suv hayvonlari tashkil qiladi. Tez-tez qirg’oqqa chiqib turadigan ko`l baqasining ozuqasida suv hayvonlari 5-10% ni tashkil qiladi. Lekin qurbaqa va chesnochnitsalar suv hayvonlarini yemaydi. Gigant salamandralar baliqlar va ularning ikralari bilan oziqlanadi. Amfibiyalarning hayoti tashqi muhit haroratiga va namligiga bog’liq bo`lgani uchun ularning oziqlanishida ixtisoslanish imkoni berilmagan.
Harorat va namlik darajasi o`zgarmay turadigan tropiklardagina ozuqaga ixtisoslashgan amfibiyalar turlari uchraydi. Ular, asosan chumolilar, termitlar, ba`zilari esa qisqichbaqasimonlar bilan oziqlanadi. Oyoqsiz amfibiyalar chumoli va chuvalchanglar bilan oziqlanadi. Dumsiz amfibiyalarning lichinkalari (itbaliqlar) esa o`simliklar va umurtqasiz hayvonlar bilan oziqlanadi. Dumsizlar lichinkalari o`simliklar bilan oziqlanganligi sababli ularning ichaklari uzun bo`ladi. Dumlilar va oyoqsiz amfibiyalarning lichinkalari mayda organizmlarni yeydi. Amfibiyalarning ovqat tutish mexanizmi ham har xil. Oyoqsiz amfibiyalar o`zini yelimga o`xshash tili yordamida ovqatni tutadi. Ular kamdan-kam tumshug’i (jag’i) yordamida o`ljasini tutib oladi. Ko`l baqasi o`z o`ljasini ko`zi yordamida topib, jag’i va oyoq panjalari yordamida tutadi. Oyoqsiz va dumli amfibiyalar esa o`z oziqasini hid bilish organi orqali topib, jag’ va tili yordamida tutadi.
Urchishi. Amfibiyalarning erkagi va urg’ochisi orasidagi farqlar unchalik bilinmaydi. Dumsizlarning ko`pchiligida erkaklari urg’ochilariga nisbatan kichik bo`ladi. Taroqli triton erkaklarining bahorda orqa tomonida va dumida teri burmalari kuchli rivojlanib, qon tomirlarining zich to`ri paydo bo`ladi (103-rasm). Dumsizlarning erkaklari oldingi oyoq panjalarining uchki barmog’ida qadoqlar urchish davrida ancha rivojlanadi, u urg’ochsini ushlash va yopishishga imkon beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |