IV.3. Suvda hamda quruqlikda yashovchilarning ekologiyasi
Suvda hamda quruqlikda yashovchilar sinfining vakillari sovuqqonli (poykiloterm) hayvonlar guruhiga kiradi, ya`ni ularning gavda harorati doimiy emas, tashqi muhit haroratiga va namligiga qarab o`zgarib turadi.
Teri orqali nafas olish ular hayotida katta ahamyatga ega, chunki teri orqali nafas olish ularda qo`shimcha nafas olish organi bo`lishi bilan bir qatorda, ba`zan yetilmagan o`pka orqali nafas olishning o`rnini ham bosadi. Teri ustidagi namning bug’lanishi gavda haroratini doimo pasayib turishiga sabab bo`ladi, shunga ko`ra havo qancha quruq bo`lsa, gavda harorati shuncha pastga tushadi.
Suvda hamda quruqlikda yashovchilarning gavda harorati havo namligiga bog’liq bo`lishligi bilan birga, ularning harorati xuddi baliq yoki sudralib yuruvchilarning gavda harorati singari, tashqi muhit harorati bilan baravar bo`libgina qolmay, balki bug’lanish natijasida odatda tashqi muhit haroratidan 2-3C past bo`ladi, bu tafovut havo juda quruq bo`lganda 8-9C gacha ham borishi mumkin.
Suvda hamda quruqlikda yashovchilar ko`p jihatdan namlik va temperaturaga bog’liq bo`lganligi uchun ular sahrolarda va qutb tomonlarda deyarli uchramaydi, ya`ni tropikdan shimolga va janubga hamda toqqa qarab ko`tarilib borgan sari amfibiyalarning turlari va sonlari kamayib boradi. Masalan: qutb doirasida faqat o`tloq baqasi, o`tkir tumshuqli baqa va sibir to`rt barmoqli tritoni tarqalgan, aksincha ekvator tomonda ularning turlari borgan sayin ko`payadi va nam hamda issiq tropik o`rmonlarda nihoyatda ko`p bo`ladi. Masalan: namlik ko`p bo`lgan Kavkazda amfibiyalarning 12 ta turi uchrasa, territoriyasi 6 baravar katta bo`lgan O`rta Osiyoda bu sinfning 3 ta turi, ya`ni ko`l baqasi, yashil qurbaqa va O`rta osiyo qurbaqasi uchraydi.
Amfibiyalar yashash muhitiga qarab 4 ta ekologik guruhga bo`linadi.
1. Faqat suvda yashaydigan amfibiyalar. Bu guruhga kiruvchi amfibiyalar quruqlikka chiqmay, faqat suvda yashaydi. Bularga dumli amfibiyalardan proteylar, sirenlar, ayrim tur amfiumalar, dumsiz amfibiyalardan Afrika shportsli (tepkili) baqasi kiradi.
2. Hayotining bir qismini suvda va bir qismini quruqlikda o`tkazuvchi amfibiyalar. Bu guruhga ko`pchilik dumsiz amfibiyalar vakillari kiradi. Ular ko`payish davrini va qishki uyqusini suvda o`tkazadi. Ko`l baqasi suvdan tashqarida uchrasa ham, lekin suv bo`yidan uzoqqa ketmaydi, quruqlikda biror xavf sezilsa, darhol suvga tushadi. Hayotining aksariyat qismini quruqlikda o`tkazadigan qurbaqalar, olovli va kavkaz salamandrlari ham faqat suvda urchiydi va rivojlanadi.
3. Daraxtda yashovchi amfibiyalar. Dumsiz amfibiyalar turkumi orasida tropik o`rmonlarda daraxtda yashashga moslashgan turlari ham mavjud. Ular o`z tuxumlarini suvga, yirik barg ustiga, daraxt ildiziga qo`yib, shu yerda ko`payadi. Umuman daraxtda yashaydigan amfibiyalarning hayot sharoiti ham har xildir. Masalan: kvakshalar umrining ko`p qismini daraxtda o`tkazadi, lekin ularning ko`payishi, urchishi yerda va suvda o`tadi. Daraxtda yashaydigan amfibiyalar turli moslanish belgilariga ega. Kvakshalar barmoqlarida joylashgan bezlar ishlab chiqaradigan shilimshiq moddasi va so`rg’ichlari yordamida daraxtlarda o`rmalab yuradi. Ba`zi turlarining shilimshiq ishlab chiqaruvchi bezlari qorin terisida ham joylashgan. Fillomeduzalar barmoqlari yordamida daraxt butoqlarini mahkam tutib turadi. Mana shunday barmoqlari bilan mahkam daraxtlarni ushlab olgan dumsiz amfibiyani osonlikcha, ularning barmoqlariga shikast etkazmasdan daraxtdan ajratib olish qiyin. Yava uchuvchi baqaning uzun barmoqlari orasida pardalari bo`lib, bu pardali barmoqlari yordamida ular bir daraxtdan ikkinchi daraxtga 10-15 m ga sakraydi. Bu baqalarning uzunligi bor-yo`g’i 5-7 sm kelsada, lekin barmoqlari orasidagi pardalarini ochganda 20 sm2 gacha boradi.
4. Yer ostida yashovchi amfibiyalar, ya`ni kavlovchi amfibiyalar. Bu guruhga barcha oyoqsiz amfibiyalar vakillari kiradi. Ular umrining ko`p qismini yerni kavlab, yer ostida o`tkazadi, kunduzi deyarli yer ustiga chiqmaydi. Dumsiz amfibiyalardan chesnochnitsa ham yerni chuqur kavlab, tuproqda hayot kechiradi. Lekin dumsiz amfibiyalar uchun tuproq ostida yashash vaqtinchalik. Oyoqsiz amfibiyalar vakillari uchun esa tuproq asosiy yashash muhiti hisoblanadi. Amfibiyalar yuqorida ta`kidlanganidek, turli tabiiy muhitda yashasada, lekin ularning tarqalishi yillik haroratning birmuncha yuqori bo`lishi, suv havzalarining mavjudligi, havoning namligi, suv va tuproqning kimyoviy tarkibiga bog’liq.
Issiqlik amfibiyalarning yashashi uchun eng muhim omillardan biri hisolanadi. Harorat +7, +8C bo`lganda ko`pchilik amfibiyalar passiv hayot kechiradi va karaxt bo`lib qoladi, harorat -2C bo`lganda ularning ko`pchiligi halok bo`ladi. Past haroratda amfibiyalarning tuxumlari va lichinkalari rivojlanmaydi. Shuning uchun ham amfibiyalarning turlari tropik mintaqalarda xilma-xil bo`lib, shimoliy yo`nalishga yaqinlashgan sari ularning turlari kamayib boradi. Quruq issiq ham amfibiyalarning yashashiga to`sqinlik qiladi. Chunki quruq issiq havo ularning yupqa terisini quritib qo`yadi, ya`ni yupqa terili amfibiyalarning bunday issiqda gavdalari bug’lanib ko`p namlik yo`qotadi. P.V.Terentyevning ko`rsatishicha (1950), agar amfibiyalar terisi ko`p bug’lanib tez qurib qolsa, ya`ni 15% tana og’irligini yo`qotsa halok bo`ladi. Asta-sekinlik bilan uzoq muddatda terisi qurib, namligini yo`qotib borsa, A.G.Bannikovning ko`rsatishicha bunday amfibiyalar tana vaznini 75% ga yo`qotgandagina halok bo`ladi (kvakshalar). Amfibiyalarning yashashi uchun eng yuqori harorat +40C hisoblanadi.
Quruqlikka va issiqlikka chidamli amfibiyalarga dumsizlardan – qurbaqalar kiradi. Qurbaqalarning terisida shox moddalari mavjud va u qurbaqa terisini qurib qolishdan saqlaydi. Bundan tashqari qurbaqalar, asosan tunda faol hayot kechiradi, kunduzi esa issiq, quriq havodan yashirinib o`z inlarida yotadi. Shuning uchun ham qurbaqalarni O`rta Osiyo hududlarida cho`l va dashtlarda ham uchratish mumkin.
Ayrim amfibiyalar issiqlikdan saqlanish uchun o`zlarida ko`p suyuqlik saqlaydi. Masalan: Avstraliya tsikloranlari siydik pufaklarida gavdasining 50% ni tashkil qiladigan suvni saqlaydi.
Amfibiyalar sho`rlangan suv havzalarida va kuchli sho`rlangan tuproqlarda ham yashay olmaydi. Osh tuzining 1-1,5% li eritmasi amfibiyalarning lichinkalari va voyaga yetganlarini nobud qiladi. Dengiz va boshqa sho`r suvli havzalar amfibiyalarning tarqalishiga to`siq bo`ladi. Shuning uchun ham ko`pgina okeanlarda, orollarda sharoitning optimal bo`lishiga qaramasdan amfibiyalar uchramaydi, ularning 65% dan ko`prog’i chuchuk suvda va ular qirg’oqlarida yashaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |