Treskasimonlar (Gadiformes) turkumi. Treskasimonlar turkumiga 750 ga yaqin tur kiradi. Treskasimonlar turkumining vakillari katta ov ahamiyatiga ega bo`lgan ancha yirik baliqlar hisoblanadi. Ularning barcha suzgich qanotlarida yumshoq va bo`g’imlarga bo`lingan shu`lalari bor.
Qorin suzgich qanotlari ko`krak suzgich qanotlari ostida yoki undan oldinda joylashgan, suzgich pufagi yopiq. Treskalar, asosan iliq suvli okean va dengizlarda tarqalgan. Faqat nalim (Lota lota) Yevropa, Osiyo va Shimoliy Amerika chuchuk suvlarida yashaydi va u sanoat ahamiyatiga ega bo`lgan yagona qimmatbaho baliqlardan biri hisoblanadi. Treskasimonlar turkumining vakillari, asosan Boltiq, Oq, Barents dengizlarida hamda Uzoq Sharqda keng tarqalgan. Treskasimonlar turkumidan eng katta ov ahamiyatiga ega bo`lgan turi treska (Gadus morhua) hisoblanadi. Treskasimonlarni ovlash dunyo miqyosida seldsimonlardan keyin ikkinchi o`rinda turadi. Uning go`shtidan tashqari, «D» vitaminiga boy bo`lgan jigaridan olinadigan shifobaxsh baliq moyidan tibbiyotda ham foydalaniladi.
Treskalar juda ham serpusht, ya`ni 2,5 mln dan 10 mln tagacha ikra tashlaydi. Treskalarning eng yirigi 180 sm gacha va og’irligi 40 kg gacha boradi. Ular 8-10 yoshda jinsiy voyaga yetadi, 24 yilgacha yashashi mumkin. Treskasimonlardan yana piksha (Melanogrammus aeglefinus), navaga (Eleginus navaga), sayda (Voreogadus saida), mintay (Theragra chalcogramma) va boshqa turlari ham ko`plab ovlanadi
(70-rasm). Treskalarning asosiy xarakterli belgilariga, 3 ta orqa suzgich qanoti va 2 ta anal suzgich qanotlarining borligidir.
Kambalasimonlar (Pleuronectiformes) turkumi. Kambalasimonlar turkumi vakillarining tanasi ikki yon tomondan qisilgan. Ko`zlari va burni boshining ikki yon tomonida joylashmay, balki asimmetrik bo`lib boshining bir tomoniga o`tgan. Dum suzgich qanoti gomotserkal. Suzgich pufagi yo`q. Orqa va anal suzgich qanotlari qo`shilib ketgan. Kambalalar suv tubida yashaydi va yon tomoni bilan suzadi. Yosh kambalalar esa yoni bilan suzmay, odatdagiday to`g’ri suzadi va ularning ko`zlari, burni ham boshining ikki yon tomonida joylashgan bo`ladi, keyinchalik ular asta-sekin suv tubiga tushib voyaga yetadi. Suv tubiga yon tomoni bilan yotadi va boshining pastga qaragan tomonidagi ko`zi, burni ustki tomonga o`tadi. Ularning qorin juft suzgich qanotlari ko`krak juft suzgich qanotlaridan oldinda joylashgan.
Bu turkumga 500 ga yaqin tur kiradi. Kambalalar Atlantika va Tinch okeanlarining dengizlarida tarqalgan. MDHda Kaspiy va Orol dengizlaridan tashqari hamma dengizlarda uchraydi. 1000 m gacha bo`lgan chuqurliklarda yashaydi.
MDHda kambalalarning 80% Oxota dengizida uchraydi. Ular Murmansk va Uzoq Sharq o`lkalarida ko`p ovlanadi. Kambalalar juda ham oz migratsiya qiladi.
Ularning migratsiyasi tuxum qo`yish, ovqat topish va qishlash bilan bog’liq. Kambalalarning migratsiyasi 100-200 km atrofida bo`ladi.
Kambalalarning uzunligi 86 sm gacha, ba`zilari 2-3 m gacha, og’irligi 100 kg gacha boradi. Erkagi 9 yoshda va urg’ochisi 13 yoshda jinsiy voyaga yetadi. Ular 25 yilgacha umr ko`radi. Kambalalar nihoyatda serpusht, bir necha millonlab uvildiriq tashlaydi. Ular, asosan bahorda ko`payadi. Oxota dengizida yashaydigan kambalalarning uzunligi 45 sm, og’irligi 500 g keladi. Yaponiya dengizida yulduz kambalasi yashaydi, uning uzunligi 54 sm, og’irligi 4 kg gacha boradi. Kambalalar umurtqasiz hayvonlar va baliqlar bilan oziqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |