Oziq g’amlash. Ko`pgina sutemizuvchilar yilning noqulay paytlarida oziqlanish uchun ozuqa g’amlab qo`yadi. Bu xususiyat ko`proq kemiruvchilarda uchraydi. Masalan: cho`lda yashaydigan dumsiz sichqonlar, dala sichqonlari, ko`rsichqonlar, olaxurjunlar, sassiqqo`zan, norka va boshqalar o`tlarni quritib qoyalar yorig’iga va toshlar ostiga ko`mib qo`yadi. Qo`ziqorin ko`p bo`lgan yillari bitta olmaxon 10 tadan 2 ming donagacha qo`ziqorinni g’amlab qo`yadi. Sassiqqo`zan va norkalar baqalarni ham o`ldirib uyalariga to`playdi.
Sikllilik. Sutemizuvchilarda tinchlik davri bilan faollik davrining sutka va yil fasllarida muntazam ravishda almashinib turishi ozuqa topishiga moslanishidir.
Sutkalik siklliligi. Tirikchilikni tunda yoki kunduzi o`tkazish darrandaning ozuqa topish xarakteriga bog’liq. Kemiruvchilar bilan oziqlanuvchi ko`pchilik yirtqichlar turlicha faollik bilan ularni kechasi ham, kunduzi ham tutadi. Ko`rshapalaklar, aksincha, faqat kechasi faol bo`ladi.
Fasliy sikllilik ham oziq topish qiyin bo`ladigan yil fasllariga moslanishidir. Bu moslanish uyquga kirish hodisasi bilan ifodalanadi. Uyquga kirish kloakalilar, qopchiqlilar, hasharotxo`rlar, qo`lqanotlilar, yirtqichlar va kemiruvchilarda namoyon bo`ladi. Qishki uyquga kiradigan darrandalar kuzda tanasiga yog’ to`plab oladi. Hayvon uyquga kirganda gavda harorati pasayib, moddalar almashinuvi susayadi. Shu sababli yog’ zahiralari bahorgacha yetadi.
Ko`rshapalaklar, tipratikanlar, sug’urlar, yumronqoziqlar, olmaxonlar, qo`shoyoqlar haqiqiy qishki uyquga kiradi. Qishda yetarli oziq topa oladigan lemminglar, yerqazarlar, krotlar, oq sichqonlar qattiq sovuqda ham qishki uyquga kirmaydi. O`rta Osiyoda tarqalgan sariq yumronqoziqlarda dalada o`t qurib qolganda yuz beradigan yozgi uyqu ham haqiqiy uyqu hisoblanadi. Demak, qishki uyquni va haqiqiy uyquni farq eta bilish kerak. Sutemizuvchilar orasida qishki uyqu, haqiqiy uyqu va uzluksiz mavsumiy uyquga kiradigan vakillari bor.
Qishki uyquga kiradigan sutemizuvchilarda moddalar almashinuv darajasi, gavda harorati va nafas olish jarayonlarining unchalik pasaymasligi bilan xarakterlanadi. Bu uyqu osonlik bilan buzilishi mumkin. Bunday uyqu ayiqlar, yenotlar, yenotsimon itlar va bo`rsiqlarga xos. Ular, asosan yiqilgan daraxtlar ostida (qo`ng’ir ayiqlar), xashaklar ostida, daraxtlar kovagida (qora ayiq, yenot) qishki uyquga ketadi. Qishki uyquning uzoqligi har yili o`zgarib turadi. Yenotsimon itlar, yenotlar qishning issiq kunlarida uyqudan uyg’onib uyadan va daraxt kovaklaridan chiqib, faol yashaydi. Uxlash muddati shimolda ko`proq va janubga borgan sari kamayib boradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |