III. Suvda yashovchi sutemizuvchilar orasida morfologik tomondan suvda yashashga kamroq moslashgan vakillariga norka, oq ayiq, suv kalamushi, qunduz, dengiz bobori, suv yerqazari, suv dalasichqoni, ondatra, suv cho`chqasi, suv ayg’iri, o`rdakburun va nutriyalar kiradi. Suvda yashashga kuchliroq moslashganlariga morjlar va tyulenlar hamda suvda yashashga butunlay moslashganlariga kitlar, sirenlar, delfinlar kiradi. Ularning gavdasi baliqqa o`xshab boshi tanasi bilan qo`shilib ketgan. Bu guruhga kiruvchi hayvonlarning ozig’i baliq, amfibiya, dengiz yulduzi, mollyuska, dengiz kirpisi va krablar hisoblanadi. Suvda yashovchi sutemizuvchilarning terisida jun qatlami, yog’ va ter bezlari yo`qolib ketgan. Keyingi oyoqlari yo`q.
IV. Uchar darrandalarga faqat qo`lqanotlilar, ya`ni ko`rshapalaklar turkumi vakillari kiradi. Havoda uchib yurish uchun ularda uchish organi-qanot paydo bo`lgan, to`sh suyagining oldingi yuzasida ko`krak toj suyagi rivojlangan. Bosh skeleti suyaklari qo`shilib ketgan. Tungi hayvonlar bo`lganligi uchun eshitish va sezish organlari yaxshi rivojlangan. Ular mevalar va hasharotlar bilan oziqlanadi. Mevaxo`r ko`rshapalaklar daraxt shoxlari orasida dam oladi. Bizda yashaydigan ko`rshapalaklar orasida malla shomshapalak daraxt kovaklarida dam oladi. Sutemizuvchilarning boshqa turkumlari orasida letyaga, junqanot, olmaxon va qopchiqli olmaxonlar bir daraxtdan ikkinchi daraxtga 10 m dan ortiq masofaga sakrab uchib o`tadi.
Oziqlanishi. Sutemizuvchilarning ozig’i nihoyatda xilma-xil. Ozuqaning xiliga qarab sutemizuvchilar go`shtxo`rlar va o`simlikxo`rlar guruhlariga bo`linadi. Go`shtxo`rlar guruhi o`z navbatida hasharotxo`rlar (ko`rshapalaklar, yerqazarlar, chumolixo`rlar, naytishlilar, yexidnalar), yirtqichlar (yirtqichlar, ayrim qopchiqlilar, delfinlar, tyulenlar) va o`laksaxo`rlar (shoqol, sirtlon)ga bo`linadi.
O`simlikxo`r darrandalar juda ham ko`p. Bu guruhga ko`pchilik maymunlar, kemiruvchilar, tuyoqlilar, qopchiqlilar kiradi. Sutemizuvchilarning mazkur guruhlari qisman shartli bo`lib, hayvonlarning geografik tarqalishi, yoshi, yil fasllariga qarab o`zgarib turadi. Masalan: qo`ng’ir ayiq Janubiy Kavkazda o`simlik bilan oziqlansa, Uzoq Sharqda baliq va tyulenlar bilan oziqlanadi. Ko`pgina go`shtxo`r sutemizuvchilar o`simliklar bilan ham oziqlanadi. Masalan: suvsarlar, tulkilar har xil mevalarni ham yeydi. Ayrim sutemizuvchilarni yuqorida bayon etilgan guruhlarga kiritib bo`lmaydi. Masalan: hayvonlarning qonini so`rib oziqlanuvchi ko`rshapalaklardan - vampirlar shunday, ularning qizilo`ngachi shu qadar torki, undan hech qanday quyuq ozuqa o`tmaydi. Dengiz qunduzi, dengiz tipratikani mollyuskalar bilan oziqlanadi, shuning uchun ularning qoziq tishlari yassi bo`ladi. O`simlikxo`rlarning xarakterli belgilariga yassilangan oziq tishlarining bo`lishi, qoziq tishlarining bo`lmasligi yoki kichik bo`lishi, kurak tishlarining iskana shaklda bo`lishi, ko`richak va ichaklarining uzun bo`lishidir. O`simlikxo`rlar ham o`z navbatida o`txo`rlar (otlar, karkidonlar, ko`pchilik juft tuyoqlilar; kemiruvchilardan dala sichqonlari, dumsiz sichqonlar, sug’urlar), novdaxo`rlar va bargxo`rlar (fillar, jirafalar, yalqovlar, loslar), mevaxo`rlar (katta mevaxo`r ko`rshapalaklar, chala maymunlar, maymunlar) va donxo`rlarga (ko`pgina kemiruvchilar) bo`linadi. Ularning tish tuzilishi ham har xil, bunga sabab albatta har xil o`simliklar bilan oziqlanishidir. Yumshoq o`simliklar bilan oziqlanuvchilarda oziq tishlarining usti tekis bo`ladi, dag’al o`simliklar bilan oziqlanuvchilarning oziq tishlari chaynash yuzasida ko`ndalang qattiq emal burmalari bilan qoplangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |