Jiblajibonlar (Matacillidae) oilasi vakillari cho`l va tog’larda tarqalgan kichik hajmdagi qushlar bo`lib, dumi uzun. Bu oila vakillarining tana uzunligi 12-22 sm. Oyoqlari ingichka va uzun, yerda yaxshi harakatlanadi. 57 ta turi bor. Yer yuzida keng tarqalgan. MDHda 16 ta va shu jumladan, O`zbekistonda 15 ta turi uchraydi. Bu oilaning vakillariga oq jiblajibon, tog’ jiblajiboni, sariqboshli jiblajibon, sariq peshonali jiblajibon va sariq jiblajibonlar kiradi (182-rasm).
Oq jiblajibon haydalgan yerlarda, daryo qirg’oqlarida va ko`llarning atrofida uchraydi. Jiblajibonlar O`zbekistonga mart oyida uchib keladi. Ba`zan oq jiblajibonlar O`rta Osiyoda qishlab qoladi. Jiblajibonlar vataniga uchib borgandan so`ng juft-juft bo`lib yashaydi, ammo uya qurishga shoshilmaydi. 20-40 kundan so`ng toshlar orasiga, ariq qirg’oqlariga, bino va daraxtlarning yerdan baland bo`lmagan qismiga uya qurishga kirishadi.
Apreldan boshlab 2-7 ta tuxum qo`yadi. Tuxumini, asosan urg’ochisi bosadi. Jiblajibonlar zararkunanda hasharotlarni yo`q qilib, qishloq xo`jaligiga foyda keltiradi.
Pashshaxo`ralar (Muscicapidae) oilasiga kiruvchi qushlar juda mayda bo`lib, daraxtlarda yashaydi va ko`pincha uchib yurgan hasharotlarni tutib yeydi. Daraxt yoriqlariga uya quradi. Tana uzunligi 9-23 sm, tumshug’i keng, yassi, tumshug’i asosida qilchalari bor. Oyoqlari kalta, yerda yaxshi yurolmaydi. 330 ta turi bor. MDHda 15 ta turi, shu jumladan, O`zbekistonda 6 ta turi uchraydi. Asosiy vakili ola-bula pashshaxo`r (Ficedula hypoleuca). 2-6 ta tuxum qo`yadi.
182-rasm. Jiblajibonlar: 1- sariq jiblajibon, 2- sariqbosh jiblajibon, 3-tog’ jiblajiboni,
4- cho`l jiblajiboni, 5-oq jiblajibon.
Qarqunoqlar (Laniidae) oilasi vakillari o`rtacha va mayda qushlar bo`lib, o`rmonlarda, butazorlarda yashaydi. Bu qushlarning xarakterli belgisi tumshug’i biroz ilgaksimon, ustki qismida kesigi bor. Tana uzunligi 16-36 sm, dumi uzun, ingichka. 72 ta turi bor. Shimoliy Amerika, Afrika va Osiyoda tarqalgan. MDHda 11 ta turi, shu jumladan, O`zbekistonda 5 ta turi uchraydi. Bu qushlar sichqon va boshqa mayda kemiruvchilar, mayda qushlar va hasharotlarni tutib yeydi. Qarqunoqlarning qiziq bir xususiyati bor. Ular kaltakesak, sichqon kabi og’izlariga sig’maydigan katta o`ljalarini uyasining atrofidagi daraxtlarning quruq shoxlari uchiga ilib qo`yadi.
Kerak bo`lganda shu qurib qolgan hayvonlar bilan oziqlanadi. Tipik vakillariga qorapeshonali qarqunoq (Lanius minor), uzun dumli qarqunoq (L.schach), olato`g’onoq (L.collurio), kulrang qarqunoq (L.exubitor) kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |