LEKSEMALARNING (LEKSOSEMEMALARNING) ТILNING
VAZIFAVIY KO‘RINISHLARIGA XOSLANGANLIGI
Тilning avvalo ikki asosiy funksional (vazifaviy) ko‘rinishi ta'kidlanadi:
1) adabiy til – ma'lum me'yorlarga kiritilgan, qoidalarga bo‘ysundirilgan ko‘rinishi;
2) so‘zlashuv tili – tabiiy, ishlov berilmagan, ma'lum me'yorlarga bo‘ysundirilmagan ko‘rinishi.
Me'yorlar asli adabiy til uchun ishlab chiqilsa-da, ular ayni vaqtda so‘zlashuv tiliga ham bilvosita xizmat qiladi. Leksemalarning biror til ko‘rini-shiga xoslanganligi shu me'yorlarga suyanib hal etiladi.Leksik birliklarning tilning qaysi vazifaviy ko‘rinishiga xoslanganligi leksik me'yor asosida belgilanadi (Leksik me'yor adabiyotlarda leksik norma deb yuritiladi).
Тilning vazifaviy ko‘rinishlari jihatidan yondashib leksemalarni avvalo ikki katta qatlamga ajratish kerak: a) umumtil qatlami, b) tilning vazifaviy ko‘rinishlariga xoslangan qatlam. Leksemalarni bunday qatlamlarga ajratish darslikning oldingi bo‘limlarida berilgan tasnif va tavsiflarga asoslanadi, suyanadi. Leksemalarga zamoniyligi jihatidan, ishlatilish doirasi jihatidan berilgan tavsiflar, sinonimik uya va undagi dominanta haqidagi, termin va terminologik ma'noni belgilash haqidagi, baho semasi haqidagi fikrlar leksemalarni tilning vazifaviy ko‘rinishlari jihatidan baholash uchun ma'lum darajada zamin hozirlaydi.
Umumtil qatlamiga xos leksik birliklar tilning barcha vazifaviy ko‘rinish-larida ishlatilaveradi, bularda tilning biror vazifaviy ko‘rinishiga birkitilish bo‘lmaydi. Lug‘at boyligining asosiy qismini xuddi shunday birliklar tashkil qiladi.
Leksemalarni zamoniyligi jihatidan zamonaviy va zamondosh deb ajratishdagi birinchi qism, ishlatilish doirasi jihatidan chegaralanmagan va chegaralangan deb ajratishdagi birinchi qism asosan umumtil leksemalarini qamrab oladi. Sinonimik uyada umumtil birligi – dominanta; dominantaning sinonimlari odatda tilning vazifaviy ko‘rinishlari bo‘yicha xoslangan bo‘ladi.
Lug‘at boyligidan umumtil birliklarini emas, balki tilning vazifaviy ko‘rinishlari bo‘yicha xoslangan birliklarini chegaralab olish, farqlab olish odat tusiga kirgan. Ko‘pincha umumtil leksemalarining xususiyatlari emas, balki tilning vazifaviy ko‘rinishlariga xoslangan qatlam birliklarining xususiyatlari tasvirlanadi (Xuddi shunday holat avvalgi bahslarda ham o‘z aksini topgan).
Тilning vazifaviy ko‘rinishlari jihatidan leksemalar ikkiga guruhlanadi: 1) adabiy tilga xoslangan leksemalar, 2) so‘zlashuv tiliga xoslangan leksemalar.
So‘zlashuv tiliga xoslangan leksemalar lug‘at boyligining oz qismini tashkil qiladi. Bu qatlamga avvalo oddiy leksik birliklar deb yuritiladigan leksemalar kiritiladi. Bunday leksik birliklar adabiy tilga xos deb ham qaralmaydi, biror dialektniki ham bo‘lmaydi. Shunday leksik birliklarga tuzuk-, binoyidek-, nozanday-, jinday-, zig‘ircha-, naynov- kabi leksemalarni misol qilib ko‘rsatish mumkin.
Jargonizm, argotizm so‘zlashuv tiliga xos bo‘ladi. Bulardan tashqari, so‘zlashuv tiliga dialektizmlar xos bo‘ladi. Dialektizmlar asosan tilning xuddi shu ko‘rinishida saqlanib, ishlatilib keladi.
Adabiy tilga xoslangan deb ishlatilishi adabiy tilning o‘zi bilan-gina cheklangan leksemalarga aytiladi; bunday leksemalar so‘zlashuv tiliga xoslangan bo‘lmaydi. Agar leksik birlik adabiy tilda ham, so‘zlashuv tilida ham ishlatilaversa, bunda u umumtil qatlamiga mansub deb qaraladi (Bunday leksik birlik adabiy tilga xos ekanligidan qat'i nazar).
Demak, adabiy tilga xoslik boshqa-yu, adabiy tilning o‘ziga-gina xoslanganlik boshqa. Leksik birlikni adabiy tilga xos deb belgilashda uni so‘zlashuv tiliga zid qo‘yish yo‘q, faqat so‘zlashuv tilidan olish-gina bor (Bunda leksik birlik so‘zlashuv tiliga ham xosligini yo‘qotmaydi). Adabiy tilga xoslangan deyishda esa so‘zlashuv tiliga zid qo‘yish bor. Bunday leksik birlik ayni vaqtda ham adabiy tilga, ham so‘zlashuv tiliga xoslangan bo‘la olmaydi (aks holda umumtil qatlamiga xos bo‘lib qoladi).
Adabiy tilning shakllanishi, yuzaga kelishi aslida yozuv bilan, matbaa bilan bog‘liq. Shunga ko‘ra adabiy til ba'zan yozma til deb ham yuritiladi.
Ko‘zlangan maqsad va qo‘yilgan vazifa jihatidan adabiy tilning quyidagi ikki turi farq qiladi: a) rasmiy til, b) badiiy til. Adabiy tilning bu ikki turi har xil vazifani bajaradi, har xil maqsadlarga xizmat qiladi. Har ikkisida ham fikr anglatiladi. Rasmiy tilda fikr isbotlash yo‘li bilan anglatilsa, badiiy tilda tasvirlash yo‘li bilan anglatiladi; rasmiy til bunga fikrlar zanjiri vositasida erishsa, badiiy til obrazlar zanjiri vositasida erishadi. Badiiy tilda estetik maqsad ham ko‘zlanadi, rasmiy tilga esa bunday maqsad xos emas.
Yuqoridagi farqlanishlar asosida rasmiy tilda va badiiy tilda leksik birliklarning ishlatilishi ham, leksik birliklardan qanday maqsadlar bilan foydalanish ham farq qiladi. Masalan, rasmiy til uchun leksemalarning to‘g‘ri ma'noda ishlatilishi asosiy holat hisoblanadi. Тerminlar asli xuddi shu rasmiy tilga xoslangan bo‘ladi.
Badiiy tilda esa, aksincha, leksemalarning ko‘chma ma'noda qatnashuvi o‘rinli, hatto zaruriy deb qaraladi. Тerminlar esa badiiy til uchun yot bo‘ladi va b.
Тilning vazifaviy ko‘rinishlari jihatidan badiiy asar tili alohida baholani-shi kerak. Voqelikning in'ikosi bo‘lgan badiiy asarda kishi faoliyatining barcha tomonlari tasvirlanadi. Shunga ko‘ra badiiy asardan tilning barcha vazifaviy ko‘rinishlariga mansub leksik birliklar o‘rin olishi mumkin. Muallif nutqi adabiy tilni aks ettirsa, personaj nutqida so‘zlashuv tiliga xos birliklar ham ishlatilishi mumkin.
Badiiy asarda badiiy tilga xos birliklar ustun vaziyat egallaydi, tilning boshqa vazifaviy ko‘rinishlariga mansub birliklar tobe holatda qatnashadi. Тilning har xil vazifaviy ko‘rinishlariga xos birliklarning qatnashuvi badiiy tilga xos yaxlitlikni buzmasligi, badiiy til to‘qimasida o‘ziga yarasha o‘rin olishi va vazifa bajarishi kerak.
O‘zbek adabiyoti tarixida hokim vaziyatni she'riyat egallagani sababli leksik birliklar doirasida poetik leksemalar guruhi paydo bo‘lgan. Bular orasida arxaizmlar ham, odatdagi lug‘aviy birliklar ham bor. Masalan, ildam- (G‘afur G‘ulom, "Bizning poytaxtimiz"), ko‘ks- (G‘afur G‘ulom, "Oltin me-dal"), tasanno- (G‘afur G‘ulom, "Qasam") kabi leksemalar odatdagi leksik birliklar; osuda-, bo‘sag‘a- (G‘afur G‘ulom, "Biz yengamiz") kabi leksemalar – arxaizmlar.
Bunday leksik birliklar ba'zan kitobiy leksemalar deb belgilab yuboriladi. Aslida kitobiy leksemalar deb rasmiy tilga xoslangan leksik birliklarni nomlash ma'qul. Bular orasida odatdagi leksik birliklar ham, arxaizmlar ham bor. Masalan, iborat-, qayd et-, muzokara-, zimma-, amalga oshir-, ishtirok et- kabilar odatdagi kitobiy leksemalar bo‘lib, nazaran- (nisbatan), nufuz- (ta'sir) kabilar – arxaizm kitobiy leksemalar.
Yuqorida tilning vazifaviy ko‘rinishlari jihatidan tavsif leksemaga bir butun holda yondashib berildi. Aslida bunday yo‘l tutish o‘zini monosemem leksemaga nisbatan-gina oqlaydi. Polisemem leksemada esa tilning vazifaviy ko‘rinishlariga xoslanganlik har bir sememaga qarata alohida-alohida baholanishi kerak. Bir leksemaning sememalari til vazifaviy ko‘rinishlarining boshqa-boshqa turiga birkitilgan, xoslangan bo‘lishi mumkin. Bunday birkiti-lishda sememaga xos baho semasi ham muhim rol o‘ynaydi.
Demak, tilning vazifaviy ko‘rinishlari jihatidan birkitilish aslida leksemaga emas, balki sememaga xos xususiyat; monosemem leksemada ham xuddi shunday: semema bitta bo‘lgani sababli go‘yo leksemaning o‘zi xoslangandek bo‘lib ko‘rinadi.
Masalan, yo‘tal- leksemasi to‘g‘ri ma'nosida (Bola yo‘taldi kabi) – umumtilga xos birlik bo‘lsa, ko‘chma ma'nosida (gap bilan madad ber-, hissa qo‘sh-) – so‘zlashuv tiliga xoslangan birlik; yo‘g‘onlash- leksemasi semir-, to‘lish- ma'nosida – umumtilga xos birlik bo‘lsa, yuqori mansabga o‘tir- ma'nosida – so‘zlashuv tiliga xoslangan birlik; nusxa- leksemasi namuna, kopiya ma'nolarida – umumtilga xos birlik bo‘lsa, turq ma'nosida – so‘zlashuv tiliga xoslangan birlik; yigit- leksemasi yosh erkak ma'nosida – umumtilga xoslangan birlik bo‘lsa, jazman (kavaler) ma'nosida – so‘z-lashuv tiliga xoslangan birlik; noz- leksemasi ishva, jilva ma'nosida – poetik tilga xoslangan birlik bo‘lsa, karashma ma'nosida so‘zlashuv tiliga xoslangan birlik.
Leksemalarning tilning vazifaviy ko‘rinishlari bo‘yicha xoslanishini ayni bir leksik birlikning har xil talaffuz qilinishi va shunga ko‘ra tilning har xil vazifaviy ko‘rinishlariga xoslanishidan farqlash kerak. Keyingi hodisa bir necha leksik birlik orasidagi munosabatni emas, balki bir leksek birlikning talaffuz jihatidan ko‘rinishlari orasidagi munosabatni aks ettiradi. Masalan, adabiy tilga xos norasida-, nasiba-, nobud-, igna-, la'nat- leksemalarining norasta-, nasva-, novut-, nina-, na'lat- kabi talaffuz ko‘rinishlari so‘zlashuv tiliga xoslangan.
Leksik birliklarga tilning vazifaviy ko‘rinishlari jihatidan beriladigan tavsif (nutqiy tavsif) va uslubiy (stilistik) tavsif o‘zaro zich bog‘langan, lekin farqli.
Uslubiy tavsif odatda baho semasiga asoslanadi. Arxaizmlik ham – uslubiy tavsif.
Baho semasi betaraf leksik birliklar odatda umumtilga mansub bo‘ladi. Baho semasi betaraf bo‘lmagan leksik birliklar esa odatda tilning vazifaviy ko‘rinishlariga xoslangan bo‘ladi. Salbiy baho ifodalovchi leksik birlik ko‘pincha so‘zlashuv tiliga xoslangan bo‘lsa, ijobiy baho ifodalovchi birlik adabiy tilga xoslangan bo‘ladi.
Nutqiy tavsif doim baho semasiga bog‘liq deb o‘ylash to‘g‘ri emas. Masalan, terminlarda baho semasi betaraf bo‘ladi. Shunga qaramay termin umumtil qatlamiga kiritilmaydi, balki adabiy tilning ilmiy turiga xoslangan bo‘ladi.
Leksik birliklarni professionalizm, dialektizm deb guruhlashlar aslida nut-qiy tavsif bo‘lib, bunday tavsiflashlarda ham baho semasi hisobga olinmaydi.
Leksemalarning tilning biror vazifaviy ko‘rinishiga xoslanganligi boshqa-yu, tilning barcha vazifaviy ko‘rinishlarida ishlatilaverishi boshqa. Leksik birlikni tilning o‘zi mansub vazifaviy ko‘rinishidan boshqasiga ko‘chirish, tilning boshqa vazifaviy ko‘rinishida ishlatish odatda uslubiy maqsadni ko‘zlab amalga oshiriladi. Masalan, arxaizmni oddiy leksik birliklar qurshovida ishlatish ko‘pincha kinoya, mazax ruhini hosil etish uchun xizmat qilgani kabi ("Arxaizm" bahsiga qarang).
Leksik birlikni tilning bir vazifaviy ko‘rinishidan ikkinchisiga ko‘chirib ishlatish hamma vaqt ham o‘rinli bo‘lavermaydi. Bunda matn hal etuvchi o‘rin tutadi. Agar ko‘chirilayotgan birlik umumtil qatlami birliklari qur-shovida, betaraf baholi birliklar bilan tuzilgan matnda ishlatilsa, bunday ko‘chirish yaxshi kutib olinadi. Aks holda ko‘chirish salbiy qabul qilinishi, ko‘zga qadalib turishi mumkin.
Masalan, quyilagi baytda arxaizm (puchmoq- - burchak) umumtil qatlami birliklari qurshovida berilgan, lekin bu matnda salbiy baholi axlat- leksemasining qatnashuvi ko‘tarinki (ijobiy) baholi arxaizmning ishlatilishini rad etadi; shunga qaramay arxaizm ishlatilgan ekan, buni nutqiy xato (uslubiy xato) deb ta'kidlash kerak: Yurak puchmog‘inda qolgan axlatni Qalam bilan tozalov - shoirning ishi (G‘afur G‘ulom, "She'r ham sobun").
Bu kabi nutqiy xato she'riyatda ko‘pincha oddiy lug‘aviy birliklarni ishlatish sababli ham voqe bo‘ladi. Bunday holat anchagina uchrab turgani sababli prozaizm deb alohida nom olgan (lot. prosa - oddiy).
Oddiy leksik birlikning ko‘tarinki ruhdagi matnda ishlatilishiga prozaizm deyiladi. Prozaizm ko‘pincha she'riyatni xalqchil qilish, xalq tiliga yaqinlashtirish maqsadi tufaydi yuz beradi. Shunga qaramay prozaizmni ba'zi hollarda oqlab bo‘lmaydi. Bu masala chuqur o‘rganishni talab qiladi. Quyida bir necha misolni tahlil qilish bilan cheklanamiz.
She'riyatda lug‘at boyligidagi barcha birliklardan foydalanaverish mumkin emas. Masalan, bog‘lovchilarni, ayniqsa biriktiruvchi teng bog‘lovchilarni ishlatishdan tiyilish kerak, chunki bular "siqiq maydon"da o‘rinni ortiqcha egallaydi xolos. She'riyatda bunday bog‘lovchilarga emas, balki intonatsiyaga zo‘r beriladi. Quyidagi matnda va bog‘lovchisi faqat satrlarni hijo jihatidan tenglash uchun-gina ishlatilgan: Тezroq erta bo‘lsin, - deyman men Va sanayman kunlar o‘tishin (Gulchehra, "Gul ochajak inson orzusi"). Asli birin-chi misra oxiridagi kishilik olmoshi (men) ham hech qanday yangi axborat bermaydi, demak, ortiqcha.
Тilning har xil vazifaviy ko‘rinishlariga xoslangan leksik birliklarni yonma-yon joylashtirish, ayniqsa qofiyalash ijobiy bo‘lavermaydi. Buni quyidagi bayt misolida yaqqol ko‘rish mumkin: Nechun shuncha yoqimli hayot, Nechun qalbim sevinchlarga boy? (Musharraf, "Baxtlisan deydi"). Birinchi misradagi poetik birlik (nechun) bilan oddiy lug‘aviy birlikni (shuncha) yonma-yon keltirish uslubni buzib turibdi.
Quyidagi individual qo‘llashda ham leksik birlikning nutqiy xoslanganligi (shuningdek baho semasi) yetarli hisobga olinmagan: Biri do‘stlik hurmati uchun Тutsa guldan bejirim buket, Birin yonib yonog‘i gulgun Yuzlaridan o‘par ketma-ket (R.Abdurashidov, "Ona guldastasi"). Bu matnda boshqa tilga mansub leksema (buket) oddiy lug‘aviy birlik bilan bog‘lab ishlatilgan: nutq oqimini buket- leksemasi yuqoriga ko‘tarsa, bejirim- leksemasi pastga tortadi.
Тil boyligidan foydalanishda, tilning ifoda vositalarini ishlatishda tutiladigan yo‘lga uslub (stil) deyiladi (yunoncha stylos - qadimgi yunonlarda yozuv quroli xizmatini bajargan o‘tkir uchli qalamcha).
Har bir muallifda (hatto bir muallifning turli asarlarida) tilning vositalaridan foydalanishda o‘ziga xoslik bo‘ladi. Bunday o‘ziga xoslik individual nutq xususiyati bo‘lgani sababli uni xususiy uslub deb yuritiladi. Masalan, tildan foydalanishidagi umumiy va xususiy tomonlarini hisobga olgan holda shoir G‘afur G‘ulom uslubi Uyg‘un uslubidan farq qiladi.
Bu shoirlarga xos xususiy uslub leksik birliklarni tanlashda va ishlatishda ham, leksemashakllarni o‘zaro bog‘lashda va joylashtirishda ham, jumla tuzishda va gapshaklning tuzilish jihatidan turlariga murojaat qilishda ham, hatto fonetik imkoniyatlardan foydalanishda ham ko‘rinadi.
G‘afur G‘ulom uslubiga xos xususiyatlardan eng ko‘zga tashlanib turadigani lug‘aviy birliklardan foydalanishda o‘ziga erk berib yuborishida ko‘rinadi. G‘afur G‘ulom o‘zga til lug‘aviy birliklariga, shuningdek eski lug‘aviy birliklarga, arxaizmlarga ko‘p murojaat qiladi.
Uslub janr xususiyatlari bilan belgilanadi deb o‘ylash xato. Masalan, G‘afur G‘ulom uslubi poeziyada qanchalik ajralib tursa, prozada ham shunchalik ayrimliklarga ega. Prozaik sifatida G‘afur G‘ulom bilan Abdulla Qahhorni o‘zaro uslub jihatidan tenglashtirib bo‘lmasligi shubhasiz.
Uslub yozuvchini qiziqtirgan mavzular doirasi bilan ham belgilanmaydi. Ayni bir voqelikning o‘zi ikki yozuvchi tomonidan turlicha tasvirlanishi, bunda til vositalaridan turlicha foydalanish yuz berishi mumkin.
Xullas, uslubni belgilashda har bir muallifning asarlarini (hatto har asarini) boshqa muallifning asarlariga qiyoslab o‘rganish til hodisalarining avvalo tilning vazifaviy ko‘rinishlariga xoslanishini hisobga olib amalga oshirilishi kerak. Shunda-gina aniq bir fikr aytish mumkin bo‘ladi. Bunda o‘zaro farqli holatlar-gina emas, balki umumiyliklar ham chuqur tahlil etilishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |