Sotsiolingvistika tarixi
Reja:
1. 20-40 yillarda «sotsiolingvistika» fanining shakllanishi.
2. 50-60 yillarda «sotsiolingvistika» fanidagi o’ziga xos xususiyatlar.
3. 70-80 yillarda «sotsiolingvistika» fanining asosiy muammolari.
4. Hozirgi davr sotsiolingvistikasi.
Ma‘lumki, 20-30 yillar mobaynida sotsiolingvistika ijtimoiy tilshunoslik fani sifatida yuzaga kelgan yangi sohalardan biri bo’ldi. Bu davrda ijtimoiy munosabatlarda tilning hayot taraqqiyotidagi o’rni, tilning jamiyat bilan bog’liq holda shakllanishi, qolaversa, til va jamiyat tendentsiyasining yuzaga kelishi sotsiolingvistika fanining rivojlanishi va taraqqiyotiga asos bo’ldi.
Sotsiolingvistikaning bu davrda yuzaga kelishi shunday bir holatga to’g’ri keldiki, asosan hayotda jamiyat taraqqiyoti bilan bog’liq masalalarni qamrab oluvchi faktorlar til nazariyasining yuzaga kelishida asos bo’lgan edi. Ayniqsa, tilni bilish va his etish umumjamiyat masallalariga borib taqaladi.
Professor A.P. Barannikov 1919 yilda yozgan maqolasida shunday fikrlarni ilgari suradi: Hozirgi tilshunoslikka e‘tibor bilan qarasak, bu fan ijtimoiy til bilimlari hisoblanib, fan va til qonuniyatlari o’rtasidagi o’zaro bog’lanish mavjud bo’lib, uni quyidagicha o’rganish mumkin. Birinchidan, til umumjamiyat qonuniyatlari asosidagi hodisa sifatida tushuniladi, ikkinchidan, tilni bir necha bor davrning taraqqiyot mevasi sifatida his etish maqsadga muvofiq. Xuddi shu masalada A.N. Selishev, N.M. Karinskiy, B.A. Larin singari taniqli tilshunos olimlar ham fikr bildirishib, sotsiolingvistika tarixi, uning yuzaga kelishi va muhim jihatlari xususida anchagina yaxshi ma‘lumotlarni aytib o’tadi. Xususan, sotsiolingvistika fani sotsiologik tadqiqotlarning tekshirish ob‘ektiga xosdir, uni esa ijtimoiy dialektlar, badiiy asar tilidagi adabiy va noadabiy til vositalari qonuniyatlariga amal qilishini ta‘kidlaydi. Shu bilan birga, yozma til, og’zaki til va hududiy til ko’rinishlariga xosligini ta‘kidlashadi.
Mashhur turkolog olim Y.D. Polivanov, akademik N.Y. Marr, professor. F. P. Filinlar ham ushbu masalada anchagina fikrlar bayon etishadi, «sotsiolingvistika» fanining muammolarini hal etishda boshqacharoq fikrga kelishadi. Xususan, Y.D. Polivanov quyidagi masalalar, sotsiolingvistika fani uchun asosiy muammolar ekanligini ta‘kidlaydi:
1. Tilni ijtimoiy-tarixiy faktor sifatida ajrata bila olish;
2. Tillar va dialektlarning yozilishini ijtimoiylik nuqtai nazaridan belgilash;
3. Tilni jamiyatning asosiy mahsuloti tarzida sintez qilish;
4. Ijtimoiy munosabatlarda tilni his etmoqlik va uning o’zaro bog’liq jihatlari;
5. Tilning yashash (mavjudlik) yoki alohida tomonlarini to’g’ri baholay bilish;
6. Fan, madaniyat tarixida tilning umumiy fonologik qonuniyatlarni joriy etishdagi o’rni;
7. Til siyosatida ijtimoiy lingvistikaning ustuvor jihatlari.
20-40 yillar tilshunosligida ijtimoiy lingvistikaning vazifaviy doirasi kengayib bordi. Akademik Ya.N. Marr «Til va jamiyat muhim qonuniyatlarni o’zida mujassam ettirgan hodisadir», deydi. Chunki til sinfiy tushunchalarga egadir, negaki, u jamiyat a‘zolariga xizmat qiladi. Holbuki, til va tafakkur, til va xalq, til va jamiyat, til va davlat, til va millat, til va etnik guruhlar kabi muammolar tilning sinfiyligi asosida yuzaga kelishini aytib o’tadi.
30-40 yillarda o’zbek tilshunosligida ham shu kabi an‘analar davom etdi. Xususan, Fitrat, Elbek, Botu, Faxri Kamol singari olimlar qarashlaridagi ana shunday mulohazalar o’zbek ijtimoiy tilshunosligi fani g’oyasini belgilashda muhim ahamiyat kasb etdi.
50-yillarning boshlarida milliy tillarni rivojlantirish, tillar o’rtasidagi aloqalarni o’rnatish va har bir tilni xalq uchun xizmat qilishi masalasida ancha ishlar amalga oshirildi. Bu borada V.V Vinogradov L.A.Bulaxovskiy, A.S. Chikobova, B.S. Kuznetsov, B.A. Serebryannikovlarning izlanishlari tahsinga loyiqdir. Ularning ilmiy va ijodiy qarashlarida har bir milliy tilni yangicha ta‘limotlar asosida o’rganish masalasi ilgari surildi. Shuningdek, akademik Ya.Marr har bir milliy tilni yangicha talqin etish asosida o’rganishni eng muhim faktorlardan biri deb biladi, uning qarashlarida «til va jamiyat» o’rtasidagi bog’liq munosabatlar, tilning sinfiyligi, tilning milliyligi haqidagi g’oyalar o’z ifodasini topgan. Bundan tashqari, u milliy til va uning dialektal asosi, adabiy til va adabiy bo’lmagan til unsurlarining mavjudligi, ijtimoiyligi haqida tillarning evolyutsion taraqqiyoti masalasida muhim fikrlarni ilgari suradi. Ikkinchidan, tilning ijtimoiy dialektologik va ijtimoiy differentsiyasi xususida qarashlari aslida muhim muammolarni yuzaga ketirishi shuhbasizdir. Negaki, bu masalalar ijtimoiy til muammolarini to’la-to’kis o’rganishga asos bo’ladi. Xullas, 20-40 yillarda sotsolingvistika va uni hayotga tadbiq etishning dastlabki bosqichlari bo’lib o’tdi. 50-60 yillarda ijtimoiy tilshunoslik xaqidagi nazariyalar biroz bo’lsa-da, rivojlandi. Sababi, bu masalada bir necha bor muhim yig’ilishlar bo’lib o’tdi. 1952 yilda Milliy tillar muammmolariga doir, 54-55 yillarda «Nutq madaniyati» masalasida, badiiy asar tilini normallashtirish borasida bahslar bunga yaqqol misoldir. Bu davrda S. I. Denisov, V.V. Vinogradov, F. P. Filin, V.M. Jirmunskiy kabi olimlar «Ijtimoiy dialektlar va ularni normalashtirish» xususida, qolaversa, ularni til taraqqiyotidagi o’rni masalasida ko’pgina ijobiy fikrlarni ilgari suradilar. Xususan, V. M. Jirmunskiy ijtimoiy dialektlar «terminining paydo bo’lishi, sinfiy differentsiatsiyalanishlar va sinfiy jamiyatlar umumiy qonuniyatlaridan to’g’ridan-to’g’ri yoki bir yoqlama hollarda yuzaga kelishini» ta‘kidlaydi.
1962-yilda Olmaotada milliy tillarning taraqqiyoti masalasida bo’lib o’tgan konfrentsiyada ham milliy tillarni rivojlantirish va taraqqiy ettirish masalasida muhim vazifalar belgilanib olindi. O’zbek tilshunosligida ham V.V.Reshetov, A.K. Borovkov, A. G’ulomov, F.Abdullayev, O.Usmonov kabi olimlarning ijodiy yo’nalishlarida shu masalalar ilgari surilib kelindi.
70-80 yillarda ijtimoiy tilshunoslikning tekshirilish ob‘ekti ancha kengaydi va mustahkamlanib bordi. Bunda asosan quyidagi masalalar kun tartibidan o’rin oldi:
a) umumiy masalalar;
b) tillar aloqasi masalasi;
v) til uyushmalari va ularni rivojlantirish;
g) tilning ijtimoiy va hududiy masalalari.
1.Umumiy masalalar.
Bu borada milliy tillarning rivojlanish qonuniyatlari, milliy va xalq tillari taraqqiyotini tez sur‘atlar bilan rivojlantirish, ko’p tillilik masalasi, shuningdek, tillar o’rtasidagi aloqalar xususidagi fikr-mulohazalar o’rin oldi. Shu masalada Jirmunskiy, Andreev, Petrovskiy kabi tilshunos olimlarning tadqiqotlari diqqatga molikdir. Qolaversa, ijtimoiy lingvistikaning til qonuniyatlarini hayotga tadbiq etishdagi o’rni alohida ta‘kidlanib kelindi. Bundan tashqari, milliy tillar taraqqiyotida har bir tillarning o’z ta‘sir kuchini his etish, xususan, shu tilda so’zlashuvchi xalqlar ijtimoiy muhitidan kelib chiqqan holda ularning o’rnini belgilash kabi vazifalar o’rin olib keladi.
Ayni paytda fanda yangicha nazariya va qarashlarni tadbiq etish asosida ijtimoiy lingvistikaning faoliyatini kuchaytirish o’z-o’zidan tillar o’rtasidagi an‘analarga amal qilishdir.
2.Tillar aloqasi. Ma‘lumki, har bir til o’z rivojlanish taraqqiyotiga egadir. Tillar o’rtasidagi o’zaro aloqalar muhim ahamiyat kasb etadi. 1974 yilda bo’lib o’tgan yirik konferentsiyada tillar o’rtasidagi hamkorlik masalasi kun tartibidan o’rin oladi. Ijtimoiy lingvistikaning asosiy muammolaridan biri sifatida tillarning o’zaro aloqasi masalasiga alohida ahamiyat berildi. Qolaversa, bu davrda til taraqqiyoti va uning qurilishida til siyosatining muhim ta‘sir etgani, har bir tilning taraqqiyotida o’z ta‘sirini ko’rsatayotganligi alohida ta‘kidlab o’tildi.
3.Til uyushmalari. 70-80-yillarda Yevropa tilshunosligida sotsiologlar va tilshunoslar hamkorligida ijtimoiy lingvistika bilan bog’liq tarzda shakllangan til uyushmalari tashkil etildi. Bular Chexiya, Polsha, Vengriya, Bolgariya, Germaniya, shuningdek, Aqsh, Angliya, Yaponiya va boshqa mamlakatlarda til uyushmalari faoliyat ko’rsatdi. Bu uyushmalarda ijtimoiy lingvistikaning eng muhim jihatlari sintez qilindi. Jumladan, ijtimoiy lingvistikaning xalqaro maydondagi o’rni, ijtimoiy lingvistikaning birlamchiligi, «Ijtimoiy lingvistikaning taraqqiyot muammolari» kabi masalalar til uyushmalarining asosiy muammolaridir. Keyingi yillarda til uyushmalarining sa‘yi-harakatlari natijasida bir necha ilmiy monografiyalar yuzaga keldi. Bunda asosan quyidagi masalalar o’rin olgan:
1. Ijtimoiy lingvistikaning milliy tillar taraqqiyotidagi o’rnini tahlil etish hamda til qurilishi rivojidagi o’rnini belgilash;
2. Til muammolarini nazariy va amaliy jihatdan o’rganish; til madaniyati masalalarini hal etish jarayonini aniqlash, shu kabi masalalar keyingi yillarda ko’pgina ilmiy va o’quv muassasalarida keng planda o’rganilib kelindi. Ayniqsa, Kiyev, Minsk, Toshkent, Almaota, Boku, Dushanba, Ashxabad, Tbilisi, Yerevan kabi shaharlarda ijtimoiy lingvistikaning muhim jihatlarini o’rganishga katta e‘tibor qaratildi.
3. Tilning ijtimoiy va hududiy variantlari (dialektlari) ijtimoiy lingvistikaning asosiy o’rganish ob‘ktlaridan bo’lib, ijtimoiy va hududiy variant (diallektlar)dir. Bu masalada Golovin, Bondaletovlarning qarashlarida muhim qonuniyatlar yuzaga keladi. Xususan, til va uning yuzaga kelishida ijtimoiy variant va hududiy (diallektlar)ning alohida o’rni bo’lganligini ta‘kidlashadi. Shuningdek, ijtimoiy va hududiy dialektlar til qonuniyatlarini shakllanishining bir ko’rinishi ekanligini uqtiradi.
Akademik V.G.Stepanov tilshunoslar bilishi va o’rganishi lozim bo’lgan masalalaridan biri sifatida dialekt va tildan tashqari uslubiy ma‘nolar hosil qiluvchi qisqa til hodisalari hamda variantlar xususida fikrlar bildiradi.
Xullas, ijtimoiy lingvistikani o’rganish va tadbiq etish borasida yuqorida aytilgan fikr-mulohazalarga asoslanmoq maqsadga muvofiqdir.
ADABIYOTLAR
Normurodov R. Sotsiolingvistika (Uslubiy qo’llanma). Termiz 2004, 62 bet.
Mo’minov S.M. O’zbek muloqot xulqining ijtimoiy-lisoniy xususiyatlari. DD.-T.2000.
Yusupov E. «Milliy manfaatlar va milliy muammolar». G’G’ «Sharq yulduzi». №12, 6-b.
Hojiyev A.P. Lingvistik terminlarning qisqacha lug’ati. -T: 2001.
Do'stlaringiz bilan baham: |