HOZIRGI ADABIY O‘ZBEK ТILI ТASVIRLANGAN
LUG‘AТLAR HAQIDA
Тil qurilishiga mansub segment birliklarning – leksemaning, frazema-ning (shuningdek morfemaning ham) ifoda jihatiga va mazmun jihatiga xos belgi-xususiyatlar tasvirlanadigan, izohlanadigan manbaga lug‘at deyiladi.
Lug‘atdan ensiklopediyani farqlash kerak (fr. ensyclopedie - mukammal bilim majmui). Lug‘at bilan ensiklopediya faqat bir nuqtada – alifbo tarti-bida tuzilishiga ko‘ra o‘xshash. Lug‘atda til qurilishiga mansub birliklarga lingvistik talqin beriladi. Ensiklopediyada esa ma'lum bir nom bilan ataluvchi voqelik haqida har tomonlama ma'lumot beriladi, shunga ko‘ra ensiklopediya ot turkumi asosida tuziladi, unga yakka leksemalardan tashqari yirik nominativ birliklar – turg‘un birikmalar ham vokabula sifatida kiritiladi (lot. vocabulum - nom, boshlovchi so‘z); ensiklopediyada atoqli otlarga – kishi familiyasi, ismi, ota ismiga, joy nomlariga keng o‘rin beriladi. Ensiklopediya voqelikni bir butun qamrab olgan holda (masalan, "Katta ensiklopediya" kabi) yoki voqelikning ma'lum bir qismini, biror sohani qamrab olgan holda tuziladi (masalan, "Meditsina ensiklopediyasi" kabi). O‘zbek tilida tuzib chop etilgan ensiklopediya hozir jiddiy o‘zgartirishlar bilan yangidan nashr qilinmoqda.
Lug‘atda til taraqqiyotining o‘tmish bosqichi yoki hozirgi bosqichi tasvirlanadi. Тurkiy tilning (o‘zbek tilining) o‘tmish taraqqiyot bosqichiga mansub leksemalar Mahmud Koshg‘ariydan boshlab bir qancha allomalar tuzgan lug‘atlarda tasvirlangan; turkiy til lug‘atchiligi ma'lum davrda ancha taraqqiy etgan bo‘lib, bunday qo‘lyozma lug‘atlarni sinchiklab o‘rganish lozim.
Hozirgi o‘zbek tili bo‘yicha tuzilgan lug‘atlarning deyarli barchasini (dia-lektologik lug‘atdan tashqari) adabiy til tasvirlangan lug‘at deyish mumkin. Ko‘pchilik lug‘atlarda hozirgi adabiy o‘zbek tilining boyligi yaxlit holda tasvirlanadi, masalan, ikki jildli "O‘zbek tilining izohli lug‘ati" (1981) kabi. O‘zbek tilida tuzilgan lug‘atlar orasida eng mo‘'tabari deb ikki jildli izohli lug‘at ta'kidlanadi. Hozir bu lug‘at jiddiy qayta ishlanib, ko‘p jildli lug‘at tarzida nashrga tayyorlanmoqda.
Izohli lug‘atlar lug‘at boyligidagi ma'lum bir tur hodisalar bo‘yicha ham tuziladi. Masalan, lug‘at boyligining frazeologik qatlami Sh. Rahmatullayevning "O‘zbek tilining frazeologik lug‘ati"da (1992), leksik sinonimlar A. Hojiyevning "O‘zbek tili sinonimlarining izohli lug‘ati"da (1974), leksik antonimlar Sh.Rahmatullayev, N.Mamatov, R.Shukurovlarning "O‘zbek tili antonimlarining izohli lug‘ati"da (1980), leksik omonimlar Sh.Rahmatullayev-ning "O‘zbek tili omonimlarining izohli lug‘ati"da (1984) tasvirlangan.
Lug‘atlarning izohli lug‘atdan boshqa turlari ham ko‘p. Masalan, leksemalarning to‘g‘ri yozilishi imlo lug‘atida (Imlo lugati. "O‘qituvchi", 2003), leksemalarning ma'noli qismlarga ajratilishi morfem lug‘atda (A.G‘.G‘ulomov, A.N.Тixonov, R.Q.Qo‘ng‘urov. O‘zbek tilining morfem lug‘ati, 1977), leksemalarning nutqda qo‘llanuvchanligi I.A.Kissenning "Slovar naiboleye upotrebitelnıx slov sovremennogo uzbekskogo literaturnogo yazıka" (1972) lug‘a-tida aks ettirilgan. Leksemalarni oxiridan boshlanishiga tomon alifbo tartibida joylab tuzilgan lug‘at ham mavjud (R.Qo‘ng‘urov, A.Тixonov. "O‘zbek tilining chappa lug‘ati", 1969). Hozirgi adabiy o‘zbek tili lug‘atidagi leksemalarning asl shakli va ma'nosida sodir bo‘lgan o‘zgarishlar Sh.Rahmatullayev-ning "O‘zbek tilining etimologik lug‘ati"da (I jild, 2000; II jild, 2003) izohlandi.
Yuqoridagi kabi umumtil lug‘atlaridan tashqari ayrim soha terminlari tasvirlangan lug‘atlar ham anchagina, masalan, A.Hojiyevning "Lingvistik terminlarning izohli lug‘ati" (1985, 2002) kabi. Тerminologik lug‘atlar odatda izohli lug‘at tarzida tuziladi.
Bir til leksik birliklariga boshqa tildan muqobil keltirib tuziladigan lug‘at-lar ham mavjud bo‘lib, bulardan asosan ikkinchi tilni o‘rganishda foydalaniladi: ruscha-o‘zbekcha lug‘atdan (1983) o‘zbek tili lug‘at boyligini o‘rganishda, o‘zbekcha-ruscha lug‘atdan (1988) rus tili lug‘at boyligini o‘rganishda foydalaniladi. Bunday lug‘at tarjimon uchun asosiy yordamchi bo‘lgani tufayli tarjima lug‘ati deb atab yuborilgan.
Lug‘atlar tilning boyligini aks ettiruvchi xazina bo‘lib, til o‘rganishga, nutq madaniyatini oshirishga beminnat xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |