Nerv impulslari
Nerv tolalari boʻylab tarqaladigan qoʻzgʻalish toʻlqinlari - nerv impulsi hisoblanadi. Nerv impulslari nerv hujayralari (neyronlar) qoʻzgʻalganda paydo boʻladi. Signallarni sezuvchi periferik nerv uchlari (reseptorlari) dan markaziy nerv sistemasiga va undan ijrochi aʼzolar (muskullar va bezlar)ga oʻtkazib beradi. Nerv impulsi asosida elektr kimyoviy reaksiyalar yotadi. Impuls oʻtkazish tezligi 0,5 dan 120 m/sek. gacha. Nerv impulsi neyrondan neyronga sinapslar orqali oʻtadi. Qo`zg`alishning toladan o`tishi ham o`q silindrning plazmatik membranasiga bog`liq. O`q silindri gialoplazmaga to`lgan va unda neyrofibrillalar, mikronaychalar, mitoxondriyalar kabi organellalar uchraydi. O`q silindri tashqaridan Shvann parda yoki Shvann va miyelin parda bilan qoplangan.
Ta`sirlovchilar
Qo`zg`aluvchanlik barcha to`qimalarga xos xususiyatdir. To`qimaning qo`zg`alishi uchun ma`lum ta`sirlovchi bo`lishi shart, shundagina to`qimada moddalar almashinuvi sodir bo`lib, tirik organizm ta`sirga qo`zg`alish bilan javob beradi.
Muskul to`qimasi qo`zg`alganda qisqaradi, bez to`qimasi esa sekret yoki shira ajratadi. Ta`sirlovchilar fizik, kimyoviy, elektrik, biologik va boshqa turlarga bo`linadi.
Ta`sirlovchi kelib chiqishiga ko`ra, organ yoki to`qimaga ta`siriga ko`ra adekvat va noadekvat ta`sirlovchilarga bo`linadi.
Muayyan to`qima, hujayra, organ uchun xos bo`lgan ta`sirlovchi adekvat ta`sirlovchi deyiladi. Masalan, ko`z uchun yorug`lik, muskul uchun nerv impulsi adekvat ta`sirlovchi bo`la oladi.
Muayyan to`qima, organ uchun xos bo`lmagan ta`sirlovchi noadekvat ta`sirlovchi deyiladi. Masalan, muskul elektr toki, kislota ta`sirida ham qisqarishi mumkin. Ta`sirlanish tashqi, ichki muhit omillari ta`sirida tinch faoliyatdan faol holatga o`tishdir. Bu omillar ta`sirlovchilar hisoblanadi.
Refleks nerv tizimining asosiy faoliyati sifati
Nerv tizimining asosiy faoliyat mexanizmi - refleks. Refleks so`zi lotincha bo`lib, “qaytaraman” degan ma`noni bildiradi. Refleks tushunchasi to`g`risida birinchi bo`lib so`z yuritgan farangistonlik faylasuf Rene Dekartning fikricha, oyna o`zida tushgan nurni qaytarganidek, miya organizmni ta`sirlagan narsalarni qaytarib, ularga javob shakllaydi. Xozirgi vaqtda organizmning markaziy nerv tizimi ishtrokida ro`y beradigan har qanday reaksiyani refleks deyiladi. Refleks yuzaga chiqishi uchun uning morfologik asosi - reflektor yoy mavjud bo`lishi shart.
Reflektor yoy besh qismdan iborat. 1) retseptor - tashqi yoki ichki muhitning muayyan ta`surotlarini qabul qilishga ihtisoslashgan tuzilma; 2) retseptorda hosil bo`luvchi impulslarni nerv markaziga yetkazuvchi afferent (sezuvchi) neyron ; 3) odatda orqa yoki bosh miyada joylashgan nerv markasi; 4) o`z aksoni yordamida impulsni markazdan ishchi a`zoga yetkazuvchi efferent (harakatlantiruvchi) neyron; 5) tegishli faoliyatni bajaruvchi ishchi a`zo (effektor) - muskul yoki bez. Chin refleks vujudga kelishi uchun qo`zg`alish reflektor yoyning hamma yeridan o`tishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |