IX asrda Movarounnahr va Xurosondagi siyosiy vaziyat.
IX asrda O‘rta Osiyo hududida hali ham arablar hukmronligi davom etardi. Ammo erk va hurlik singari oliyjanob tarixiy an’analarga sodiq bo‘lgan avlod-ajdodlarimiz arab bosqinchilariga qarshi kurashni bir daqiqa bo‘lsada to‘xtatmadilar va mustaqil markazlashgan davlat barpo qilishga intildilar. Bu harakat arab istilochilarini har doim tahlika va qo‘rquv ostida saqlab turdi. Ular joylardagi, hatto o‘zlaridan chiqqan hukmdorlarga ham shubha bilan qarar va ishonmas edilar.
Holid ibn Barmoq — Barmoqiylar misolida buni ko‘rib ishonch hosil qilamiz. Barmoqiylar Xuroson va Movarounnahrni idora qilish bilangina cheklanib qolmadilar. Ularning ta’siri markaziy arab xalifaligida ham kuchli bo‘lgan. Abbosiylar hukmronlik qilgan davrda qariyb ellik yil mobaynida davlatni idora qilishning ma’sul lavozimlari Balxdan chiqqan barmoqiylarning qo‘lida bo‘lgan. Abbosiylar bunday ma’suliyatli lavozimlarni barmoqiylar qo‘liga berishga majbur bo‘lsalarda, biroq ularning faollashib borayotganligidan qo‘rqar edilar. 786-809-yillarda xalifalik qilgan Xorun Ar-Rashidning barmoqiylar xonadoniga qaqshatqich zarba berganligini shu ma’noda tushunsa bo‘ladi. U hatto o‘ziga yaqin bo‘lgan qishloqlar aholisini ham qirib tashlagan1. Hokimiyat tepasiga barmoqiylar o‘rniga Tohiriylar keladi. Tohiriylar Xurosonning yirik oqsuyak yer egalaridan bo‘lib, bu sulolaning asoschisi Tohir ibn Husayn edi. Bu sulola asli Hirot viloyatining Bo‘shang shahridan edi. Tohir 809-813-yillarda Xorun ar-Rashidning o‘g‘illari Ma’mun bilan Amin o‘rtasidagi bo‘lgan kurashda Ma’mun tomonida bo‘ldi, unga Bog‘dodni va xalifalik taxtini egallashda yordam berdi.
Ma’mun 813-yilda xalifalik taxtiga o‘tirgach, Tohir ibn Husayn katta hurmat va e’tiborga loyiq nufuzli kishi bo‘lib qoldi. 821-yilda u Xurosonning noibi etib tayinlandi. Movarounnahr ham Xuroson noibligi tarkibiga kirardi. Uning qarorgohi Nishopurda edi. Tohir o‘z qo‘l ostidagi keng viloyatlarni mustaqil davlatga aylantirish uchun ochiqdan ochiq harakat qildi. U noiblikka tayinlangan kundan bir yil o‘tar-o‘tmas, jome masjidida juma namozida o‘qiladigan xutbadan xalifa nomini chiqarib tashlashga buyruq berdi. Bu o‘sha davr uchun xalifaga qarshi ko‘tarilgan isyon bilan teng edi. Bu voqeadan ko‘p vaqt o‘tmay Tohir ibn Husayn to‘satdan vafot etdi. Shundan keyin Tohirning har bir qadamini kuzatib yurgan xalifa uni zaharlab o‘ldirgan degan gap tarqaldi. Xalifa bunday mayda-chuyda gaplarga asos qoldirmaslik maqsadida Xuroson noibligi taxtiga Tohir ibn Husaynning o‘g‘illari Talxa va Abo‘labbos Abdullohni navbat bilan qo‘ydi va Tohiriylar nasliy sulolasiga asos soldi. Abo‘labbos Abdulloh noibligi davrida (830-844) xalifaga rasman qaram — vassal bo‘lsa-da, amalda mustaqil davlatga aylanib, poytaxtni Marvdan Nishopurga ko‘chirdi. Buning eng asosiy sababchisi xalifalik hukmronligini xavf ostida qoldirgan va tez-tez ko‘tarilib turadigan xalq qo‘zg‘olonlari edi. Ana shunday qo‘zg‘olonlardan biri 806-yilda bo‘lgandi. Xalifalikni zirqiratgan bu qo‘zg‘olon Nasaf, Buxoro, Usrushona, Shosh, Xorazm va boshqa hududlarni qamrab oldi. Qo‘zg‘olonga isyonkor arab lashkarboshisi Rofe ibn Lays boshchilik qildi. Qo‘zg‘olon Muqanna an’analarini davom ettirdi. Bu harakat, ayniqsa, Shosh shahrida kuchli tus oldi. Chunki bu yerda VIII asrning 80-yillarida yengilgan Muqanna muxlislari ko‘proq yashiringan edilar. Qo‘zg‘olonni har galgidek turklar yana qo‘llab-quvvatladilar. Qo‘zg‘olonchilar Samarqandni egalladilar. Xalifa Ma’mun bu harakatning xalifat uchun o‘ta xavfli ekanligidan tashvishda edi va uni bostirish uchun turli vositalarni ishga soldi. Nihoyat qo‘zg‘olon 810-yilda bostirildi. Uni bostirishda Somon ibn Asad faol qatnashdi. Bu ishda Somonxudotning nabiralari — Asadning o‘g‘illari Nuh, Ahmad, Yahyo va Ilyoslar katta hissa qo‘shdilar. Ular aslida Balx viloyatining Somon qishlog‘i oqsoqoli Somonxudotning avlodlari bo‘lganlar. Somon ibn Asad va farzandlari xizmatlari evaziga xalifa Ma’mun Nuh ibn Asadni Samarqandga, Ahmad ibn Asadni Farg‘onaga, Yahyoni Shosh va Ustrushonaga, Ilyosni Hirotga noib etib tayinladi. Bu voqea 819-821-yillarda ro‘y beradi. Ana shu tariqa Movarounnahrda Somoniylar sulolasi qaror topdi. Albatta bu yerda Tohirning Somon ibn Asad o‘g‘illarini yaxshi bilganligi va ularga xayrixohligi ham katta rol o‘ynagan. Somon hali Marvda noib bo‘lib turgan paytida Tohir ibn Husayn va xalifa Ma’munning diqqatini o‘ziga tortgan edi. Somon Ma’munning ta’sirida otashparastlik dinidan chiqib, islom dinini qabul qilgan2.
Aniq bo‘lmagan ma’lumotlarga qaraganda aka-uka Somoniylarning, xususan Ahmad ibn Asadning ahvoli og‘irlashib qoladi. Farg‘ona va Ustrushonada xalifalikka qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarilib, Ahmad o‘z noibligini tashlab ketadi. Qo‘zg‘olonni Tohirning o‘g‘li Talxa bostirgach Ahmad Farg‘onaga qaytadi va bu yerda uzoq vaqt hokimlik qiladi. Nuh Samarqandda 819-820-yildan 841-842-yilgacha, Ahmad Farg‘onada 819-820-yildan 864-865-yilgacha, Yahyo Shosh va Usturshonada 819-820-yildan 855-856-yilgacha noiblik qiladilar3. Noiblik alohida xizmatlari uchun in’om — mukofot tariqasida berilgan. Mansab bilan bir qatorda foydalanish uchun yer-mulklar ham hadya qilingan. Somoniylar ikkinchi darajali noiblar bo‘lganliklaridan ularga mis tangalar (falsalar), tohiriylarga esa ayni zamonda kumush tangalar (dirham) zarb qilishga ham ruxsat berilgan. Somoniylarga in’om qilingan yerlarning naqadar boy bo‘lganligini IX asrdagi mashhur arab geografi Ibn Hurdodbekning viloyatlarning soliq miqdori to‘g‘risidagi ma’lumotlaridan bilsak ham bo‘ladi. Uning yozishicha, butun Sug‘d hududi xalifalik xazinasiga tohiriylar orqali 326 ming muhammadiy dirhamdan to‘lab turgan. Farg‘ona Ahmad ibn Asad orqali 280 ming, Yahyo ibn Asad orqali Shosh — 607 ming, Ustrushona — 50 ming dirhamdan to‘lagan. Iqtisodiy yuksalish harbiy qudratni ham belgilagan. Movarounnahrda 600 ming suvoriy va piyoda qo‘shin bo‘lgan. Hozirgi O‘zbekistonning shimoliy chegaralariga yaqin viloyatlarda asosan ko‘chmanchi turk qabilalari yashaganlar. Sirdaryoning o‘rta va quyi oqimlarida ularning shaharlari ko‘p bo‘lgan. Ko‘chmanchi turkiy qabilalar Movarounnahr vohalarida sug‘diylar, farg‘onaliklar, xorazmliklar va boshqalar bilan birga umumiy hayot kechirardilar.
IX asrning birinchi yarmidan e’tiboran turkiy-o‘g‘uzlar Movarounnahrning o‘troq va madaniy hayot kechirayotgan vohasi xalqlariga hujumlar uyushtirib, ularni tez-tez bezovta qila boshlaganlar. Shu boisdan ham Abdulla ibn Tohir X asrning 30-yillarida turk-o‘g‘uzlardan himoyalanish uchun Farobod (Qizil Arvotga yaqin) va Dohiston (Mashhadi Misriyon)da mustahkam ravotlar qurdirgan, hatto o‘z o‘g‘li Tohirni qo‘shinga bosh qilib, turk-o‘g‘uzlarga qarshi jang qilish uchun urushga yuborgan. Bunday istehkom devorlari Buxoroda (Kampir devor nomi bilan hozirgacha mashhur), Samarqandda (Qiyomat devor deb ataladi) va boshqa joylarda ham qurilgan. Ko‘chmanchi turk qabilalari IX asrning birinchi yarmida Yahyo ibn Asad hokimlik qiluvchi Shosh (Chosh)ga tez-tez hujumlar uyushtirganlar. Yahyoning iltimosiga binoan va uning ishtirokida akasi Nuh ibn Asad 840-yilda Isfijobning turk hokimiga qarshi yurish qildi va tarixiy g‘alabaga erishdi. U Isfijobda o‘lkan va mustahkam mudofaa devori qurdirgan. Nuh ibn Asad 841-yilda vafot etdi. Manbalarning guvohlik berishicha, Samarqand viloyatini bir vaqtlar aka-uka Ahmad va Yahyo birgalikda idora qilganlar. 855-yilda Ahmadning o‘g‘li Nasr ibn Ahmad Samarqand noibligiga tayinlanadi. Bu hol Movarounnahrda Ahmad ibn Asad nufuzining oshuviga olib keladi. 856-yilda Yahyo ham vafot etdi. Ahmad endi Shosh va Ustrushona noibligini ham o‘z qo‘liga oladi va bu viloyatlarni o‘g‘li Yoqub ibn Ahmadga beradi.