Ijtimoiy ziddiyatlarning kuchayishi. 1348- yilda Angliyada qora o`lat - vabo kasalligi tarqaldi. Buning natijasida aholining 1/3 qismi qirildi. Oqibatda ishchi kuchiga bo`lgan talab nihoyatda oshib ketdi. Lordlar o`zlari istagan miqdorda ishchi kuchi topa olmay qolganlar. Ayniqsa, ritsarlar (mayda feodallar) qiyin ahvolga tushib qolishgan. Chunki ishchi kuchining tanqisligi yollanib ishlovchilar uchun to`lanadigan haq miqdorining oshishiga olib kelgan. Ritsarlar va shahar mulkdorlari qimmatbaho ishchi kuchi yollay olmas edilar. Shunday sharoitda qirol farmon chiqargan. Unga ko`ra, yeri, yashash joyi bo`lmagan, yoshi oltmishdan oshmagan barcha erkak va ayollar taklif etilgan ish joyiga borishga majbur edilar. Buning ustiga, farmonda ish haqi kasallik tarqalganiga qadar qancha bo`lsa, shuncha miqdorda saqlanib qolishi ko`rsatilgan edi. Tabiiyki, parlament qirol farmonini tasdiqlagan. Farmonga itoat etmaganlar qattiq jazolangan.
Bu ham yetmaganidek, 1377- yilda „jon solig`i" deb ataluvchi soliq joriy etilgan. Bu Fransiya bilan olib borilayotgan urush (yuz yillik urush) xarajatlarining tobora ortib borishi oqibati edi. Bunday soliq Angliya tarixida hech qachon bo`lmagan edi. Qonunga ko`ra, 14 va undan katta yoshdagi barcha fuqarolar jon solig`i to`lashga majbur edilar. Bu soliqni belgilash chog`ida mulkiy holat hisobga olinmagan. Bu dehqon oilalarini holdan toydirgan. Oqibatda dehqonlar qo`zg`oloni yuz bergan.
Qo`zg`olonning yetilishida kambag`al ruhoniylar targ`iboti ham maTum rol o`ynagan. Ular krepostnoylikka qarshi edilar. Ruhoniylar dehqonlar orasidagi o`z va'zlarida: „Xudo hamma kishilarni teng qilib yaratgan, binobarin, yer-suv hammanikidir", - der edilar. Ular: „Odam Ato yer haydab, Momo Havo charx yigirgan paytlarda kim dvoryan (katta yer egasi) bo`lgan, axir?" - degan qochiriqli so`zlarni ko`p qaytarganlar.
Qo`zg`olonning boshlanishi.Qo`zg`olon 1381- yilning may oyida Esseks grafligida boshlandi. Qo`zg`olonchilar katta yer egalarining yer-mulklarini yakson qildilar. Barshchina va obrok majburiyatlari qayd etilgan hujjatlar yoqib yuborildi. Tez orada qo`zg`olonchilarga Kent grafligi dehqonlari ham qo`shilganlar. Ayrim shaharlar qo`zg`olonchilarni qo`llab-quvvatlaganlar. Kentlik Uot Tayler qo`zg`olonga rahbarlik qildi. U vaqtincha bo`lsa-da, qo`zg`olonchilarni birlashtira oldi. Uot Tayler asli hunarmand edi. U yuz yillik urushda qatnashgan va harbiy sohani o`rgangan edi.
Uot Tayler qo`zg`olonchilarni Londonga boshlab borgan. Ularning maqsadi qirol bilan uchrashish va uning oldiga o`z talablarini qo`yish edi.
13- iyun kuni London shahri egallandi. Qirolning ba'zi vazirlari qatl etildi. Qirol qo`zg`olonchilar bilan uchrashishga majbur bo`ldi.
Essekslik qo`zg`olonchilar qirol oldiga 4 banddan iborat talabnoma qo`yganlar. Bu talablar quyidagilar edi: 1. Krepostnoy huquqni bekor qilish. 2. Qo`zg`olonchilarga umumiy afv berish. 3. Mamlakatning barcha hududlarida savdo-sotiq qilish erkinligini berish. 4. Bir akr (40 sotix) yer uchun 4 pens miqdorida ijara haqi belgilash.
Qirolning bu talablarga rozi bo`lmaslikdan boshqa iloji qolmadi. Qo`zg`olonchilarga talablari qondirilgan yorliqlar berildi. Bu essekslik dehqonlarni qanoatlantirgan va ular Londondan chiqib ketganlar.
Kentlik qo`zg`olonchilar ham qirol oldiga o`z talablarini qo`yganlar. Bu talablar esseksliklarning talablaridan keskinroq edi. Chunonchi, bu talablar cherkov yerlari hisobidan yer ajratib berish, jamoa yer-suvidan erkin foydalanish va barcha toifaviy tafovutlarni bekor qilish kabilardan iborat edi.
15- iyun kuni qirol qo`zg`olonchilar rahbari Uot Tayler bilan uchrashgan. Bu uchrashuvda Uot Tayler o`ldirilgan. Boshqa grafliklardan to`plangan qirolga sodiq ritsarlar qo`shini qo`zg`olonni shafqatsizlik bilan bostirgan.