Shtaufenlar sulolasi hukmronligi. 1125-yilda Germaniyada hokimiyat tepasiga shtaufenlar sulolasi keldi.
Bu sulolaning imperatori Fridrix I Barbarossa edi. U 38 yil imperatorlik taxtida o`tirgan. Uning hukmronlik yillari bosqinchilik urushlariga to`la bo`ldi. Chunonchi, 1158- yilda Italiya bosib olindi. Bu Germaniya tomonidan Italiyani ikkinchi marta istilo qilinishi edi. Italiya erkin shahar kommunalari shaharlarga imperator noiblarining tayinlanishiga rozilik berishga majbur etilgan.
Sodiq huquqshunoslar imperator Fridrix I ni „yerdagi jonli qonun" deb madh etganlar.
Erkinlikka ko`nikkan Italiya shaharlari ittifoqqa birlashganlar. Bu ittifoqda Milan shahri yetakchi rol o`ynagan. Germaniya ta'sirining kuchayishidan cho`chigan Rim Papasi ham shaharlar ittifoqiga qo`shilgan.
1176-yilgi jangda imperator qo`shini mag`lubiyatga uchragan. Fridrix I Italiya shaharlarining erkin kommuna huquqlarini tan olgan. Buning evaziga shahar kommunalari sifatida imperatorning oliy hokimiyatini tan olganlar. Ayni paytda Fridrix I Rim Papasi davlati ishlariga aralashmaslikka rozi bo`lgan.
Biroq Fridrix I Italiyadan butunlay voz kechgan emas. U mamlakat janubidagi Sitsiliya qirolligini oilaviy nikoh yordamida Germaniya ta'sirida saqlab qolishga erishgan.
Imperator hokimiyatining tushkunlikka uchrashi.1212-yilda Rim Papasi Sitsiliya qiroli Fridrix II Shtaufen (Fridrix I na-birasi)ni Germaniya imperatori deb e'lon qildi. Ammo u Sitsiliyada yashar edi. Natijada Germaniyada hokimiyat amalda yirik feodallar qo`liga o`tgan.
Fridrix II yirik feodallarning imperatorlikka yangi nomzod ko`rsatib qo`ymasliklari uchun ularga har qanday masalada yon bosgan.
Rim Papasi esa Fridrix II ni o`z vassali deb hisoblardi. Papa hatto Fridrix II ni salib yurishida ishtirok etishga ham majbur etgan. Biroq u Papa kutganidek muvaffaqiyatga erisha olmagan. Bu esa Papani ranjitgan. Rim Papasining Italiya shaharlari ittifoqini qayta tiklashi ularning munosabatlarini keskinlashtirgan. Tez orada imperator bilan Papa o`rtasida urush boshlangan. Papa Rimdan qochib ketishga majbur bo`lgan. U Fridrix II ni dindan qaytgan deb e'lon qilgan. Germaniya knyazlarini yangi imperator saylashga chaqirgan.
1245- yilda Rim Papasi Fridrix II ning barcha fuqarolarini imperatorga sodiqlik qasamlaridan xalos etgan. Imperator tarafdorlari bilan Papa tarafdorlari o`rtasidagi kurashda Fridrix II yengilgan.
1250- yilda uning vafot etishi shtaufenlar sulolasini halokatga uchratdi. 1273- yilgacha Germaniyada amalda imperator bo`l-magan. Bu holat mamlakatda ishlab chiqarishni butunlay izdan chiqargan.