14-§. V - XI asrlarda Xitoy Tayanch tushunchalar: Xitoyning birlashtirilishi. Suy imperiyasi. Tan imperiyasi. Dehqonlar qo`zg`oloni. Xitoy ilm-fanining jahon ilm-faniga qo`shgan hissasi. Suy imperiyasining tashkil topishi. V-VI asrlarda Xitoy mayda-mayda davlatlarga bo`linib ketgandi. Bu ko`chmanchi qabilalar hujumining oqibati edi. VI asrning ikkinchi yarmida Xitoyni Buyuk Turk xoqonligi bosib olishi xavfi tug`ildi. Shu xavf Xitoyning birlashuvini tezlashtirdi. Bu tarixiy hodisa 589- yilda o`z davrining yetakchi lashkarboshilaridan biri Vendi tomonidan amalga oshirildi. Vendi Xitoyda suy sulolasi hukmronligini o`rnatdi.
Birlashgan davlat Suy imperiyasi nomi bilan tarixga kirdi.
Suy sulolasi mustahkam markaziy hokimiyat barpo eta olmadi. Hokimiyat amalda mahalliy hukmdorlar qo`lida to`planganicha qola berdi. Buning ustiga ko`chmanchi turkiy qabilalarning uzluksiz hujumlari imperiyaning ahvolini yanada og`irlashtirdi. Va nihoyat, imperiyaning istilochilik urushlari uni butunlay holdan toydirdi. Yuqorida qayd etilgan omillar natijasida suy sulolasi barham topdi.
Tan imperiyasi.Xitoydagi og`ir ichki vaziyatdan foydalangan mahalliy hukmdorlardan biri Li Yuan 618- yilda hokimiyatni bosib oldi. U yangi sulola - tan sulolasi hukmronligiga asos soldi. Tan sulolasi Xitoyda 907- yilgacha hukmronlik qildi. Bu davrda Xitoy ulkan imperiyaga aylandi. Imperiya amaldorlarning juda katta guruhi tomonidan idora etilardi.
Markaziy boshqaruv olti vazirlik: amallar, soliq, harbiy, sud, jamoat ishlari, marosim ishlari vazirliklari tomonidan amalga oshirilgan.
Imperiya viloyatlarga, viloyatlar okruglarga, okruglar uyezdlarga, uyezdlar bo`lislarga, bo`lislar o`z navbatida qishloqlarga bo`linib boshqarilgan.
Qishloqlar esa har bir kishi bir-biriga kafil bo`ladigan 5 xonadon birlashmasiga bo`lingan.
Tan sulolasi hukmronligining barham topishi.Imperiyaning istilochilik urushlari haddan tashqari katta xarajatlar evaziga amalga oshirilgan. Bu esa soliqlarning tobora ortib borishiga olib kelgan. Og`ir soliqlar dehqonlarning tinka-madorini quritar edi. To`yib ovqat yemaslik, ocharchilik ularning yo`ldoshi edi. Natijada dehqonlar qo`zg`olon ko`tarishga majbur bo`lganlar. Dehqonlar qo`zg`olonining eng yirigi 875-884- yillarda bo`lib o`tgan. Qo`zg`olonga sobiq harbiy xizmatchi Xuan Chao rahbarlik qilgan.
Qo`zg`olon imperiyani larzaga solgan. 880- yilda Xuan Chao o`zini hatto imperator deb ham e'lon qilgan. Tan sulolasi ko`chmanchilarning yordami bilan 884- yildagina qo`zg`olonni bostirishga erishgan.
Qo`zg`olon tan sulolasi hokimiyatini zaiflashtirgan. Bundan viloyat hukmdorlari foydalanganlar. Ularda separatchilik kayfiyati kuchaygan. Oxir-oqibat 907- yilga kelib Tan imperiyasi qulagan. Bu hodisadan so`ng Xitoyda bir necha o`n yillar siyosiy tarqoqlik hukm surdi.
Dehqonlar qo`zg`oloni izsiz ketmadi. Uning oqibatida dehqonlarni holdan toydiruvchi o`ta og`ir soliq tizimi barham topdi.