Mehnat resurslari miqdor va sifat ko'rsatkichlariga egadir. Mehnat resurslarining miqdor ko'rsatkichlari quyidagilardan iboratdir:
• mehnatga layoqatli aholining umumiy soni;
• tarkib topgan mehnat unumdorligi va intensivligi sharoitlarida ish bilan band aholi ishlab beradigan ish vaqti.
Mehnat resurslarining sifat ko'rsatkichlari quyidagilardan iboratdir:
• mehnatga layoqatli aholining salomatligi, jismoniy layoqatligi;
• mehnatga layoqatli aholining bilim va kasbiy-malaka tayyorgarligi darajasi.
Mehnat resurslarining miqdor va sifat ko'rsatkichlari jamlanmasi mehnat salohiyatini tashkil etadi.
Mehnat resurslari quyidagi xususiyatlarga egadir:
1. Ular ish beruvchi bilan ajralmas yaxlitlikda, ana shu xodimlarga ish haqi ko'rinishida quyidagicha daromad keltiradi: mehnat foliyati + bilim, tajriba, malaka = daromad.
2. Agar xodimlarning mehnat qobliyatidan uzoq vaqt davomida foydalanilmasa, vaqt o'tishi sari ularning mehnati samaradorligi pasaya boshlaydi. Mehnat qobiliyati – bu biror faoliyatni amalga oshirish ko'nikmasidir. Vaqt o'tishi bilan nazariy bilimlar yoddan chiqadi va eskiradi, tajriba ham yo'qoladi. Mehnat qobiliyatini yo'qotmaslik uchun undan muttasil foydalanish bilan birga bu salohiyatni yanada oshirish uchun yangi bilimlarni egallash, tajribani oshirish talab qilinadi.
Mehnat resurslarining quyidagi toifalari farqlanadi:
ishchilar – ular ishlab chiqarishda bevosita mahsulot tayyorlash va iste'molchilarga yetkazib berishda ishtirok etayotgan, shuningdyek mashina– uskunalarni sozlash, ta'mirlash va hokazolar bilan shug'ullanadigan xodimlardir;
mutaxassislar – muayyan ixtisoslikka ega va shu sohada ishlab chiqarishda mehnat jarayoninni tashkil etuvchilardir;
rahbarlar – xodimlar mehnat faoliyatini uyushtiradigan ishlab chiqarish tashkilotchilaridir.
Mehnat resurslari (ularning eltuvchisi hisoblangan xodimlar) o'z shaxsiy xususiyatlariga egadir. Ushbu xususiyatlar qatorida quyidagilarni keltirish mumkin, ya'ni u:
mehnat sharoitlaridan voz kechish;
o'z xohishiga ko'ra ishdan bo'shash;
mehnat samaradorligini mehnat sharoitlaridan qat'i nazar o'zgartirish;
mehnat resurslariga chiqimlar – muzokaralar mavzusi ekanligini anglash;
kapital bilan o'rnini almashtira olish va boshqalar.
XX asrning 70-yillarida AQShda iqtisodiyotda “mehnat resurslari” atamasi o'rniga “inson resurslari” (“human resources”) qo'llanila boshlandi. Ushbu o'zgarish fan-texnika inqilobi davrida insonning ishlab chiqarishdagi roli va o'rni qayta ko'rilib chiqilishi natijasi bo'ldi.8