2.3. Yoshlarda kitobxonlik va mutolaa madaniyatini yuksaltirish
Kitob - inson umr yo‘llarini yorituvchi so‘nmas nur, inson hayotiga mazmun baxsh etuvchi saodat manbai, har qanday vaziyatda ham hamroh bo‘lguvchi sodiq do‘st. Insonning ruhiy-ma’naviy kamolotini ta’minlashda kitobchalik kuchli qudratga esa vosita yo‘qdir. Shu boisdan, azal-azaldan ma’rifat peshvolari, ahli donishlar butun insoniyatni kitob o‘qishga, undan ilmu odob sirlarini o‘rganishga chorlab kelishgan. Tarbiyaning barcha mezon va unsurlari, avvalo, oilada shakllantirilganidek, kitobxonlik madaniyatini tarbiyalashda ham oilaning o‘rni nihoyatda kattadir. Qush uyasida ko‘rganini qiladi, degan naqlga tayansak, bu mohiyat yanada dolzarb bosqichga ko‘tariladi.
Darhaqiqat, shaxs takomilida oilaviy muhit, oilaviy qadriyatlar asosiy vosita rolini o‘taydi. Ota-onaning ma’naviy darajasi, axloqiy qarashlari bevosita farzandga ham ko‘chib o‘tadi, farzandlar shaxsiyatida aks-sado beradi. Binobarin, kitobxonlik, badiiy adabiyotga muhabbat ham inson ma’naviy tafakkurini, tarbiya ahvolini namoyon qiluvchi muhim xususiyatlar sirasidandir. Kitob dunyosiga oshufta, adabiy olamga hamnafas, badiiyatdan bahramand qalb egasi o‘zidagi bu tuyg‘u va fazilatlarni atrofidagilarga, ayniqsa, oilasiga ham yuqtirishi, singdirishi ehtimoli yuqori. Kitobxon ota-onalarning farzandi ham kitobga o‘zgacha mehr ko‘rsatadi, bu ma’naviyat xazinasiga tabiiy qiziqish va intilish tuyadi. Shu bois kitobxon avlod tarbiyasida, avvalo, ota-onaning tarbiyali bo‘lishi, badiiy adabiyotga oshno ekanligi muhim zaruriyatdir.
Yaqin-atrofdagi tanish oilalarimiz hayotiga sinchkov nazar tashlasak, qaysi oilada kitobxonlik madaniyati qay darajada shakllanganligiga amin bo‘lamiz. Kimdir dunyoviy hodisalar ummonida suzib yurishni xush ko‘rsa, kimlardir badiiy adabiyot osmonida sayr etishga ishtiyoqmand. Kimdir bir oyda bir kitob o‘qishga vaqt ajratsa, yana kimlardir bir haftada bir kitob mutolaa qilishni lozim biladi. Xullas, kitob bilan hamma o‘z olamida, o‘z xohish va imkoniyatlari chegarasida turli holatda yuzlashadi. Shu o‘rinda, mohiyatni yanada aniqlashtirish uchun aynan bir oila misolida kitobxonlikka qaratilgan e’tibor xususida to‘xtalib o‘tamiz.
Shunday oila borki, ular xonadonida kitob o‘qish kundalik mashg‘ulot, jiddiy faoliyat sifatida qadr topgan. Besh farzand o‘stirayotgan bu xonadon sohib va sohibalari ham o‘zlari, ham farzandlarining kitobxon bo‘lishi uchun intilishadi. O‘zi tug‘ilib-o‘sgan oilaviy muhitida o‘z vaqtida kitobga muhabbat, adabiyotga e’tibor bilan ulg‘aygan, kitobxonlikni oilaviy muhim qadriyatga aylantirgan bu insonlar bugun farzandlarining ham kitob atalmish buyuk va bebaho xazinadan bahramand bo‘lib, ma’naviy barkamollikka erishishini istaydi. Buning uchun, ham ota, ham ona o‘z vaqt va imkoniyatiga qarab, sermazmun, badiiy-estetik ahamiyati yuqori turli adabiy janrdagi, jahon va o‘zbek adabiyoti durdonalarini, diniy-ma’rifiy sarchashmalarni tanlab xarid qilishadi. Bu asarlarni farzandlarining yosh va qiziqishlari, aqliy salohiyati, o‘zlashtirish qobiliyatini e’tiborga olgan holda taqsimlab berishadi. Eng muhimi, kitob taqdim qilinganda, hajmini ham e’tiborga olgan holda, mutolaa uchun muayyan vaqtlar ajratishadi.
Oila boshlig‘i, ya’ni ota, bu borada yanada talabchan. U har kuni o‘qilishi lozim bo‘lgan sahifa miqdorini belgilab beradi, she’riy asarlarga alohida qiziqish bildirib, har bir farzandiga she’rlar yodlab borishni tayinlab turadi. Deyarli har kech ishdan qaytgach, ovqatlangandan so‘ng, farzandlarini birin-ketin chaqirib, bir pedagog kabi topshirilgan vazifa ijrosini qabul qilib oladi. Ya’niki, farzandlar o‘zlari yod olgan she’rlarni aytib berishadi; o‘qiyotgan asarlaridan belgilangan sahifalar va uning mazmunini gapirishadi; qahramonlar faoliyati, xarakter-xususiyatiga munosabat bildirishadi. Kitobni yakunlaganlar esa asardan olgan taassurotlarini ham o‘rtoqlashadi. Bu jarayonda farzandlarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichi, topshiriqqa mas’uliyat bilan yondashish darajasi, kitobxonlik madaniyati ham oydinlashib, o‘ziga xos yondashuvlarga turki bo‘ladi. Yana bir muhim jihati, farzandlar o‘ziga tegishli asarni o‘qib bo‘lgach, kitoblar almashtiriladi, biri-ikkinchisining kitobini ham o‘qib-o‘zlashtirib boraveradi. Shuningdek, oila davrasida ham kitob o‘qib berish yo‘lga qo‘yilgan. Onaning uy yumushlari ko‘p bo‘lgani boisidan, ko‘pincha dam olish kunlari ota farzandlarini atrofiga to‘plab, tarbiyaviy ahamiyati yuqori (“Tarixi Muhammadiya”, “Ijtimoiy odoblar”, “Xamsa” kabi) asarlarni mutolaa qilib, mazmunini tushuntirib beradi. Natijada, farzandlarning umumiy tarbiyasida ham ijobiy mohiyat aks etadi.
Bu kitobsevar oilada kitobxonlik bo‘yicha ota barchaga munosib o‘rnak. Kuni bilan davlatning muhim tashkilotida ishlab, oila tashvishlari bilan yelib-yugurayotgan bo‘lishiga qaramasdan, har kech kitob mutolaasi bilan shug‘ullanayotgan; biri qo‘yib, ikkinchisini olib o‘qiyotgan; ham she’riy, ham nasriy asarlarga birdek qiziqish bildiradigan, o‘qigan asarlari mazmun-mohiyati, adibning ijodiy salohiyati borasidagi fikrlarini oilasi bag‘rida muhokama qilayotgan otaning o‘ziga xos bu fazilati beixtiyor, tabiiy ravishda farzandlarga ham ko‘chib o‘tadi, ularning hech birini umuman befarq qoldirmaydi. Bundan ko‘rinadiki, yosh avlodning kitobxonlik madaniyatini shakllantirish va yuksaltirishda oila eng muhim va mustahkam tayanch bo‘lib qolaveradi.
Bugun jamiyatimizda kitobxonlikni rivojlantirish, mutolaa madaniyatini takomillashtirish borasida har doimgi davrdan bir necha barobar ko‘p miqdorda samarali ishlar amalga oshirilmoqda, tashviqot-targ‘ibotlar olib borilmoqda. Shunday bo‘lsa ham, oilaviy muhitda kitobxonlik madaniyati takomili qoniqarli darajada emas. Yuqorida ko‘rib o‘tganimiz kabi kitobsevar oilalar bilan bir qatorda, ularning aksi bo‘lgan oilaviy muhitni ham uchratishimiz achinarli. Ko‘pgina oilalar, ota-onalar na o‘zlari kitob o‘qishga qiziqishadi, na farzandlarini bu borada to‘g‘ri yo‘naltirishadi.
Shuningdek, oilaviy kitobxonlikda kitob tanlovi madaniyatiga hamma ham yetarlicha ahamiyat qaratilavermaydi. Badiiy asar tanlashda farzandining yosh va fiziologik xususiyatlari, ruhiy-ma’naviy dunyosi, qiziqish va intilishlar ko‘lamini nazarda tutmas ekan, har qanday kitobsevar ota-ona bu borada ijobiy yutuqlarga erisha olmaydi. Ko‘rinadiki, mutolaa madaniyatining ham o‘ziga xos me’yor va talablari mavjud. Shularni e’tiborga olgan holda, oilaviy kitobxonlik madaniyatiga ega bo‘lish uchun quyidagi tavsiyalarni e’tiborga olish nazarda tutiladi:
- kitob mutolaasida hamisha farzandlarga o‘rnak bo‘lish;
- kitob tanlash madaniyatiga ega bo‘lish;
- muayyan vaqtlarda oila davrasida navbatma-navbat kitob o‘qib berishni yo‘lga qo‘yish;
- xotirani kuchaytirish ahamiyatiga ega bo‘lgani boisidan farzandlarning she’r yodlashiga alohida ahamiyat qaratish, bir oyda kamida 2 ta she’r yodlatishga erishish;
- har bir farzandning yosh va xarakter xususiyatini, ruhiy-ma’naviy dunyosini nazarda tutgan holda kitob taqdim qilish;
- kichik yoshdagi bolalarga ko‘proq rang-barang suratlarga yo‘g‘rilgan, katta-katta harflarda yozilgan, uning beg‘ubor xayoloti sarhadlarini aks ettira olgan asarlarni tanlash;
- o‘rta yoshli kitobxon farzand uchun esa unga tengdosh qahramonlar taqdiri aks etgan, hayotiy, xayoliy-fantastik voqealar tasvirlangan, ko‘ngil kechinmalari jonlantirilgan asarlarni tavsiya qilish;
- katta yoshdagi mustaqil, oila qurgan farzandlar bilan ham tez-tez kitob mutolaasi xususida suhbat o‘tkazib, zaruriy tavsiyalar berib turish (bu oilaviy kitobxonlik an’anasini muqaddas qadriyat sifatida davom ettirishga zamin yaratadi);
- har bir kitob mutolaasi uchun har kunlik va haftalik miqdorlarni belgilash va muntazam nazorat qilib borish;
- o‘qilgan asar mazmun-mohiyati, qahramonlar xarakter-xususiyati, ijodkor yondashuvi, olingan taassurotlar bo‘yicha oilada davra suhbati tashkil qilib borish;
- o‘z vaqtida va talab darajasida mutolaa qilgan kitobxon farzandni alohida rag‘batlantirish;
- badiiy adabiyot o‘qishga yetarlicha qiziqish bildirmayotgan, topshiriqlarni o‘z vaqtida bajara olmayotgan farzand bilan alohida shug‘ullanish, unda kitobxonlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga erishish;
- jamiyatning moddiy-ma’naviy taraqqiyoti uchun munosib hissa qo‘shadigan yuksak ma’naviyatli, intellektual salohiyatli oila sifatida qadr topish.
Yuqoridagi mulohazalardan ko‘rinadiki, ma’naviy barkamol kitobxon avlod tarbiyasida oila muhim va mustahkam poydevor. Shu bois jamiyatda kitobxonlikni rivojlantirish, mutolaa madaniyatini takomillashtirish borasidagi har qanday faoliyatda oila bilan hamohang, hamfikr ish yuritish ko‘zlangan maqsadlarga erishishga munosib zamin yaratadi.
Yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy ishlarning rolini oshirish orqali fuqarolarimizning, ayniqsa, mamlakat yoshlarining ma’naviy va jismoniy jihatdan barkamol etib tarbiyalash, Vatan ravnaqi, yurt tinchligi va xalq farovonligi g‘oyasi orqali yuksak fuqarolik mas’uliyatini his qilish, anglash va jamiyatga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashashga muntazam da’vat etish barchamizning maqsadimizdir.
Davlatimizning yosh avlodni ma’nan yetuk, jismonan sog‘lom va aqlan barkamol qilib voyaga yetkazishdek ustuvor siyosatini amalda ta’minlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar tarbiyasiga alohida e’tibor berish, ularni ma’naviy sog‘lom qilib tarbiyalash-har bir oilaning asosiy vazifasi sanaladi. Zero, farzand tarbiyasi ko‘p jihatdan oiladagi muhitga, mahalla, ta’lim muassasalari munosabatiga bog‘liqligi va jamiyat oldida mas’ul ekanligi davlatimizning qator qonun va qarorlarida qayd etilgan.
Yoshlarga bo‘lgan e’tibor va ularning kelajagini belgilash borasidagi vazifalar mustaqilligimizning dastlabki davrlaridan davlatimiz siyosati darajasiga ko‘tarilganligi va bu elning umumistiqboli, yurt manfaati, Vatan ravnaqi borasidagi g‘amxo‘rlikning ifodasi zamiriga yetuk va komil inson bo‘lib kamol topish kabi qator masalalarni amalga oshirishda qat’iyat va irodani namoyon etish kabi talablarini o‘rtaga qo‘yadi. Binobarin, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “...mamlakatimizning taqdiri va kelajagi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga, bu yo‘lda bor bilim va salohiyatini safarbar etishga qodir bo‘lgan, azmu shijoatli yoshlarni tarbiyalab voyaga yetkazish-biz uchun eng muhim masaladir. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi o‘zining amaliy faoliyati bilan barchamizning, birinchi navbatda, yoshlarimizning umidlarini albatta oqlaydi, deb ishonamiz”, - deya alohida e’tibor qaratgani bejiz emas. Zero, bundan ko‘zlangan asosiy maqsad uyushmagan yoshlar, jinoyat ko‘chasiga adashib kirib qolgan oila farzandlari bilan qat’iy ishlash va ularning muammolarini o‘rganish, kerak bo‘lsa ilmiy tahlil qilib, ularni ham jamiyatimiz a’zolariga aylantirib, teng huquqliligining ta’minlashdan iborat. Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev qayd etganidek: “Ayni paytda bugun zamon shuni talab qilyaptiki, bu boradagi faoliyatimizni faoliyatimizni yanada kuchaytirmasak, uning samarasini oshirmasak, shuncha qilgan sa’y-harakatlarmiz bekor ketadi”, - deya bejiz ta’kidlamagan.
Azaldan xalqimiz o‘z farzandlarini baxtli bo‘lsin, deya yashaydi. Buning uchun ular “hozirgi murakkab va tahlikali zamonda bola tarbiyasi qanday bo‘lishi kerak?”, “Tarbiyaning qanday usullari bor?”, “Ulardan qay yo‘sinda foydalanish mumkin?” kabi savollarga javob izlaydilar. Chunki tobora globallashayotgan hayotning pedagogik muammolarga ta’lim-tarbiya sohasi mas’ullari, ayniqsa, ota-ona, mahalla, ta’lim muassasalar uchun ilmiy asoslangan yechimlar zarur hisoblanadi.
Shu o‘rinda “buyuk kelajagimizni mard va oliyjanob xalqimiz bilan birga quramiz” degan tamoyilida ta’lim muassasalarida yoshlar bilan ishlash, ularning muammolarini o‘rganish va savodxonliklarini oshirish masalalari yuzasidan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar ishtirok etgan tadbirda xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodning ongu tafakkurini, ma’naviy-intellektual salohiyatini yuksaltirishda kitobning o‘rni beqiyos ekani alohida ta’kidlanadi va bu borada chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda.
2017 yil 12 yanvardagi Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi bu boradagi ishlar samaradorligini bosqichma-bosqich yuksaltirib bormoqda. O‘tkazilayotgan “Eng faol bilimdon kitobxonlar” ko‘rik tanlovlari nafaqat ta’lim muassasalarida, balki barcha mahallalar, oilalar qamrovida ham ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga aylanishi lozim.
2017 yil 13 sentyabrida davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimni rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori yoshlarda kitobxonlik va kitob mutolaasiga, shuningdek, o‘zbek va jahon adabiyotlariga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishga e’tibor yanada kuchaytirilmoqda.
Bugun yoshlar uchun ta’lim muassasalarida yaratib berilayotgan sharoitlar barkamol avlodlarni tarbiyalashga zamin yaratmoqda.
Kitob insonni ezgulikka undaydi. Yaxshi-yomonni ajratishga ko‘maklashadi. Eng muhimi, ishonchli sirdosh bo‘ladi.
Shu o‘rinda istiqlol arafasida ayrim yurtdoshlarimizda kitobga, kitobxonlikka qiziqish bir qadar susaygan vaqtlar bo‘lganini eslaylik. Hozirgi paytda yurtimizda kitobxonlik, kitobsevarlik fazilati yana yuksalib bormoqda. “Kitob javoni – haqiqiy ziyolining eng ardoqli davlati”, degan an’ana qaytadan urf bo‘lmoqda.
Sohibqiron Amir Temur ta’biri bilan aytganda, “Kitob (bitig) barcha bunyodkorlik, yaratuvchilik va aql-idrokning, ilmu donishning asosidir, hayotni yaratuvchi murabbiydir”. Shu ma’noda, shaklidan qat’iy nazar, barcha kitoblar milliy o‘zligimiz hamda umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib etishga xizmat qilishi ayni muddao.
O‘z navbatida, el-yurtimizga azaliy xos bo‘lgan odamiylik, insonni qadrlash, mehr-oqibat, bag‘rikenglik kabi oliyjanob qadriyatlar, insonparvarlik, xalqparvarlik va vatanparvarlik kabi yuksak tamoyillar zamondoshlarimiz qo‘liga yetib borayotgan kitoblarning ahamiyati hamda qadrini yo‘qotmaydigan bosh mavzulari bo‘lib qolaverishiga ishonchimiz komil.
Xulosa qilib aytganda, davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar bir tomondan, azaldan kitobsevar xalqimiz, shu jumladan yoshlarimizning kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish yuzasidan hozirgi zamon talablari darajasida juda keng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, yaqin vaqt oralig‘ida O‘zbekistonimizning tom ma’noda kitobxonlar yurtiga aylanishiga xizmat qiladi.
XULOSA.
Inson hayoti uchun eng zarur narsalar qatorida birinchi non boʻlsa, ikkinchisi kitobdir. Non insonning moddiy ehtiyojini qondirsa, kitob maʼnaviy boylik, oʻzlikni anglash, eng muhimi insoniy tarbiyaning muhim manbai boʻlib xizmat qiladi. Aynan tarbiyaviy omilning kitobxonlik darajasi bilan bogʻliqligi mutolaa ishining har qanday davrda ham davlat va jamiyat uchun asosiy masala ekanligini anglatadi.
Bu oʻrinda mamlakatimizda aholi oʻrtasida, ayniqsa yoshlarda kitobxonlik darajasini oshirish, tarixiy xotira asosida farovon kelajakni barpo qilish yoʻlida qator tadbirlar amalga oshirilayotganini alohida taʼkidlash joiz. Xususan, istiqlol yillarida milliy maʼnaviy qadriyatlarni tiklash, millat va xalqning maʼnaviy qiyofasini shakllantirish, oʻzlikni anglash yoʻlida mehnat qilgan maʼrifatparvarlarimizning hayoti va asarlarini haqqoniy oʻrganish, jahon ilm-fanidagi yutuqlardan bahramand boʻlish borasida olib borilgan ishlar samarasi oʻlaroq ijtimoiy turmushimizning barcha jabhasida hayotga nisbatan qarash oʻzgardi, milliy iftixor va vatanparvarlik hissi shakllandi.
Mazkur yoʻnalishdagi ishlarni tizimli tashkil qilish uchun, avvalo, huquqiy asoslarni mustahkamlash maqsadida “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”, “Axborot olish kafolatlari va erkinligi toʻgʻrisida”gi, “Noshirlik faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Axborot-kutubxona faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlarning qabul qilinishi mamlakatimizda matbaa korxonalari va nashriyotlar soni ortib, markazda va joylarda zamonaviy texnologiyalar bilan taʼminlangan axborot-resurs markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyilishida muhim ahamiyat kasb etdi. Bu boradagi yutuqlar haqida uzoq gapirish mumkin. Taʼkidlash joizki, bugungi rivojlanish, yangilanish sharoitida, odamlar tafakkuri va dunyoqarashi ham oʻzgarib bormoqda va bu oʻz oʻrnida ularda hayotga nisbatan yangicha talab va istak bilan qarash koʻnikmasini shakllantirib bormoqda.
Shu asnoda jahon jamoatchiligi kitob va kitobxonlik masalasida turli fikrlar bildirilib, ayrim hollarda kitobning oʻrnini zamonaviy AKT egallaydi, deyilsa, bir guruh mutaxassislar asrlar davomida insonga eng yaqin yoʻldosh boʻlib kelgan kitob taraqqiyotning bugungi bosqichida ham eng yaqin maʼnaviy koʻmakchi boʻlib qolishini aytishmoqda. Biroq har qanday sharoitda ham kitobxonlik va mutolaa masalasi biz uchun ham zarur va joiz ahamiyatga ega boʻlib qolaveradi.
Bunga biz Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻibot qilish boʻyicha komissiya tuzish toʻgʻrisida”gi farmoyishi misolida yana bir bor amin boʻlishimiz mumkin.
Ushbu huquqiy hujjat asosida tashkil etiladigan komissiya tomonidan kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻibot qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish, aholi, ayniqsa yoshlar oʻrtasida yuksak, intellektual saviyani oʻstirishga xizmat qiladigan kitoblarga boʻlgan talabni oʻrganish kabi bir qator vazifalarning belgilanganligi mazkur sohaning yangi rivojlanish bosqichini boshlab berishga xizmat qiladi. Bu oʻrinda yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish masalasiga alohida eʼtibor qaratilayotganligi bejiz emas, albatta. Chunki maʼnaviy yetuk, bilimli avlodgina islohotlarimiz davomchisi, mamlakatimiz kelajagining bunyodkori va haqiqiy egasi boʻla oladi.
Joylarda kitob savdosini qoʻllab-quvvatlash maqsadida farmoyishda ixtisoslashgan kitob doʻkonlari uchun viloyat, tuman markazlari, aholi gavjum va qulay hududlardan joy ajratish yoki ijaraga berish masalalarini qayta koʻrib chiqish, sotuv aylanmasida kitob ulushining hajmi 70 foizdan ortiq boʻlgan tadbirkorlik subʼyektlarini alohida hisobga qoʻyib, ularga soliq imtiyozlari berish masalalarining belgilanganligi ham koʻpchilik istagining roʻyobi boʻldi, deyish mumkin. Chunki, kelajakdagi yuksak maʼnaviy samara oldida kitobxonlik, ziyokorlik uchun bugun qancha sharoit yaratilsa ham koʻplik qilmaydi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Mamlakatimizni 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017 yilga moʻljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yoʻnalishlariga bagʻishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi maʼruzasida ham kitoblarni chop etish va tarqatishdagi muammolarni hal qilish muhim vazifalar qatorida ekanligini taʼkidlab oʻtganlari yana bir bor kitobxonlik ishining oldimizdagi asosiy masala qatorida ekanligini anglashga xizmat qildi. Xususan, Bosh vazir raisligida maxsus komissiya tuzib bir oy muddatda darsliklar, maxsus va badiiy adabiyotga boʻlgan real ehtiyojni, ularni boshqa tillarga tarjima qilish, ular bilan oʻquv yurtlari, kutubxona va axborot-resurs markazlarini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar kompleksini taqdim etish topshirildi. Bunda yoshlar va aholining keng qatlamlari oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish masalalariga ham alohida eʼtibor berish, kitoblarning haqiqiy narxi shakllanishini juda ham puxta oʻrganish zarurligi bildirilib, yoshlarimizning kitobga boʻlgan muhabbatini, ularning maʼnaviy immunitetini yanada oshirishga qaratilgan ishlarimizni yangi bosqichga olib chiqish ham muhim vazifalar qatorida turganligi qayd etib oʻtilganligi zamirida kelajak uchun qaygʻurishning yuksak namunasini koʻrish mumkin.
Taʼkidlash joizki, kitobxonlikni targʻib qilish, axborot – resurs markazlari faoliyatini jonlantirish, ayniqsa yoshlarni oʻzlarini qiziqtirgan, kelajak yoʻlida foydali axborotlar bilan taʼminlab borishda parlament nazorati shakllaridan samarali foydalanish ham muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda yaqinda qoʻmitamiz tomonidan “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining Xalq taʼlimi vazirligi va uning Andijon va Navoiy viloyatlaridagi boshqarmalari tomonidan ijrosi boʻyicha oʻrganish tashkil etilganligi misolida ham aytish mumkin. Oʻrganish natijalari boʻyicha aniq boʻlmoqdaki, bugun markazlardan yiroq boʻlgan chekka hududlardagi oʻquv muassasalarini uzluksiz sifatli internet bilan taʼminlash, ZiyoNET taʼlim portali faoliyatini jonlantirish, oʻquvchilar qatorida oʻqituvchilarning ham kitob mutolaasiga boʻlgan ishtiyoqini oshirish borasida yechimini kutayotgan talay ishlar bor. Bundan ushbu masalaga masʼullarning qonunlar ijrosi sifatini oshirishga ham eʼtiborni kuchaytirish kerakligi oydinlashmoqda. Chunki chekka hudud yoshlarining zamonaviy AKT imkoniyatidan foydalanib oʻz bilim va koʻnikmalarini oshirishga, eng soʻnggi oʻquv adabiyotlaridan bahra olishga toʻla haqlari bor.
Bu oʻrinda aytish kerakki, qoʻmitaning joriy yil ish rejasida ham ushbu masala nazorat tahlil faoliyatining muhim yoʻnalishidan biri sifatida belgilanib, qoʻmita tomonidan “Axborot-kutubxona faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunning Toshkent shahri va Namangan viloyatidagi ijrosini oʻrganish rejalashtirilgan. Oʻrganish natijalari sohadagi qonunchilikni takomillashtirish bilan birga mamlakatimizda aholi oʻrtasida kitobxonlik darajasini oshirish, axborot-resurs markazlari faoliyatini yanada jonlantirishga muhim hissa qoʻshadi.
Har qanday buzgʻunchi kuch va xurujni yuksak maʼnaviyat bilan yengish mumkin. Shu maʼnoda kitobxonlik bugun barchamiz uchun hayotiy zaruratga aylanmogʻi kerak. Ushbu masalaga shaxsan davlatimiz rahbari tomonidan alohida eʼtibor qaratilib bu borada muhim vazifalarning belgilab berilayotganligi aholi oʻrtasida yuksak maʼnaviy ong va maʼrifatparvarlikni targʻib qilish yoʻlida barchamiz uchun yangi ibrat bosqichini boshlab berdi, deyish mumkin.
Darhaqiqat, Inson ichki olamini hech narsa kitobchalik benazir boyita olmaydi. Ruhiyatimizni hech narsa kitobchalik, o‘qish-o‘rganish, mehnatchalik muvozanatga, to‘g‘ri yo‘lga sola olmaydi. Hattoki, intellektual rivojlanishda ham kitob eng asosiy o‘rin tutadi. Chunki kishining o‘zini-o‘zi tarbiyalashida kitob ham bilim manbai, ham o‘zini yaxshi tomonga o'zgartirish, taqqoslash, taqlid qilish, munozara yuritish, bahslashishda ma’lum darajada ko‘zgu vazifasini o‘taydi.
Hayotda inson yolg‘iz o‘zi yashay olmaydi. Albatta, atrofidagi odamlar bilan munosabatda bo‘ladi. Ana shu munosabatlarda qiynalgan, to‘g‘ri yo‘l izlagan paytda suygan kitobimizga murojaat qilamiz. Ba’zan ulardan quvvat olib, tog'ri yo‘lni o'zimiz uchun lozim tutamiz. Demak, biz avvalo kitobdan ilmni, sabrni, insonlar bilan go'zal muomalada bo'lishni hamda kechirimli bo'lishni o'rganamiz. Evaziga esa halovat topib, ruhiy muvozanatimizni to‘g‘rilaymiz.
Xalqimiz orasida "Ilmsiz-bir yashar, ilmli-ming yashar", degan maqol bejizga aytilmagan. Inson har bir ilmni ustoz va albatta kitobdan o'rganadi. Kitob insonning eng yaqin do'stidir.
Hozirda yoshlarimiz asosiy axborotlarni televideniya va internet orqali olmoqda. Shu bois yoshlarni kitob o’qishga bo’lgan qiziqishlarini kuchaytirish, ularning ma'naviy saviyasini oshirishda kitob muhim ahamiyat kasb etadi. Ammo, bugungi kunda yoshlarimiz orasida kitob o'qish, kitobni o'rganish ancha sustlashib qoldi. Albatta bu achinarli holdir. Avvalo ota-onalar hushyor bo'laylik, farzandimiz nimaga qiziqishini va qanday kitob o'qishini muntazam nazorat qilib boraylik. Ularni kitob o'qishlari, ilm olishlari uchun sharoit yaratib, kutubxonamizni kitob bilan boyitaylik.
Buyuk shoir va mutafakkir Hazrat Alisher Navoiy: "Kitob - beminnat ustoz. U har daqiqa bizni donishmandlarning bilim xazinasi bilan oshno eta oladi", degan edilar. "Yoshlarimizning ma'naviy dunyosini yuksaltirish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash eng muhim vazifalarimizdan biridir",- deb ta'kidlagandi O’zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimov.
Kitob farzandlarimiz ta'limi va ma'naviy tarbiyasida eng muhim omil bo’lib xizmat qilmoqda. Kitoblar insoniyatning eng boy bilim xazinasi sandig’idir, desak xato qilmaymiz. Kitob doim bizni fikrlashga, dinni o'rganishga, halol yashashga, Vatanni sevishga, jamiyat taraqqiyotiga xizmat qilish va ma'naviy me'rosimizni asrashga hamda ezgulikka chorlab kelgan. Shuning uchun kitoblar millatning madaniy me'rosi sifatida boqiydir.
"O’z tarixini bilmaydigan, kechagi kunini unutgan millatning kelajagi yo’q", deb yozadi O’zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimov o’zining "Yuksak ma'naviyat yengilmas kuch" asarida.
O’zbekiston o’zining ko’p asrlik madaniyati durdonlarini, jahonga mashhur allomalarining ilmiy-adabiy me'rosini, jumladan ular qoldirgan noyob kitoblarini kelajak avlod uchun avaylab-asrab, yosh avlod o’rtasida ommalashtirib, keng targ’ib qilib kelmoqda.
Darhaqiqat, kitob – bilim manbai. Kitob mutolaasi esa insonni hayoti davomida mukofot bilan taqdirlovchi sharafli mehnatdir. Bu borada farzandlarda kitob mutolaasiga mehr uyg’otishda oila muhim ahamiyat kasb etadi. Farzandlarimizda kitobga mehr uyg’otishga harakat qilaylik. Kitob bizga ulkan ta’sir ko‘rsatib, juda katta chuqur hayotiy tajriba berishini ham aslo yodimizdan chiqarmaylik.
Olimlarimizdan biri kitob haqida shunday degan edi: "U kishini ziyoli qiladi, unda go'zallik tuyg‘usinigina emas, hayotni, uning butun murakkabliklarini tushuntirish kabi qimmatli tuyg‘uni rivojlantiradi, boshqa davrlar va boshqa xalqlarni tushunishda yo‘lboshchilik qiladi, sizga kishilarning qalbini ochib beradi. Bir so‘z bilan aytganda, sizni donishmand qiladi".
Shunday ekan xulosa o'rnida shuni aytmoqchimizki, kitob o‘qishdan aslo to'xtamang. Hozir kitobdan olgan barcha yaxshi fazilatlarni bir umr qalbingizda saqlab qoling. Zero, kitob insonni doimo yaxshilikka yetaklaydi.
ZINHOR O‘QI
Sev kitobni qo‘yma qo‘ldan har kuni zinhor o‘qi,
Qancha dono bo‘lsang ham kamlik qilur, takror o‘qi.
Xo‘ja ko‘rsinga varaqlab, qo‘ymagin chang bostirib,
Bilmasang olam sirin, aybingga bo‘l iqror, o‘qi.
Hali inson bilmagan olamning sir asrori ko‘p,
Ona yer, tilsiz xazina, erta kech ming bor o‘qi.
Ko‘hna tarixni bobolar ming kitobga bitdilar,
Har varog‘in hijjalab, qoldirmayin qator o‘qi.
Og‘asher ko‘p so‘zlama o‘rgan hayotning “Qomusin”,
Ul kitob dilga sevinch, belga quvvat, mador, o‘qi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi. Toshkent: «O’zbekiston» 2010. 39-b.
O’zbekiston Respublikasining «Ta’lim to’g’risidagi» Qonuni. Barkamol avlod-O’zbekiston taraqqiyotining poydevori. Toshkent, Sharq 1998. 20 – 29-b.
Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi. Barkamol avlod – O’zbekiston taraqqiyotining poydevori. Toshkent, Sharq 1998. 31 – 61-b.
Karimov I.A. Biz kelajagimizni o’z qo’limiz bilan quramiz. Tom 7- Toshkent: O’zbekiston, 1999. 410-b.
Karimov I.A. Vatan ravnaqi uchun har birimiz mas’ulmiz. Tom 9-Toshkent: O’zbekiston, 2001. 430-b.
Karimov I.A. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. Toshkent , Ma’naviyat. 2008. 173-b.
Karimov I.A. Barkamol avlod orzusi. Toshkent, O’zbekiston, 1999.
Karimov I.A. Asosiy vazifamiz – Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirishdir. 2009-yilning asosiy yakunlari va 2010-yilda O’zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim ustuvor yo’nalishiga bag’ishlangan majlisidagi ma’ruza-Toshkent;O’zbekiston, 2010.
Avloniy. A. Turkiy guliston yoxud axloq. Toshkent: O’qituvchi, 1992
Abduraxmonov. A. Axloqiy tarbiya va milliy qadriyatlarimiz – Sharq yulduzi. 1990. №12-164-173-b.
O’zbekiston Respublikasi Xalq talimi vazirligi Qashqadaryo viloyati pedagog kadirlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti. Z.Boqieva Etakchi-raxbar,do’st va tarbiyachi.2011-yil
Erkayev.A.Ma’naviyat-millat nishoni. Toshkent: Ma’naviyat. 1997.188-b.
Jalilov. A. O’zbekiston mustaqillik, ma’naviyat va mafkura – Toshkent: Ma’naviyat, 2004, 189-b.
Inomova M.Oilada bolalarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasi.Fan, 1999.
Munavvarov. A. Pedagogika – Pedagogika Oliy o’quv yurtlari uchun o’quv qo’llanma. Toshkent: O’qituvchi, 1996-2008.
Mahkamov. U. Axloq odob saboqlari. Toshkent: Fan, 1994.
Ochilov. M. Muallim – qalb me’mori. Saylanma. Toshkent: O’qituvchi, 2001. 430-b.
Safo Ochil. Mustaqillik ma’naviyati va tarbiya asoslari. Toshkent: O’qituvchi, 1995. 207-b.
Tursunov.I.Y.Nishonaliyev.U.N. Pedagogika kursi. Toshkent: O’qituvchi, 1997. 232-b.
Tulenov.J.G’ofurov.Z.Mustaqillik va milliy tiklanish. Toshkent: O’qituvchi, 1996. 238-b.
Do'stlaringiz bilan baham: |