To’rtinchidan: o‘quvchilarni sinfdan-sinfga, bir umumta'lim muassasasidan boshqasiga o‘tkazishda o‘quvchilar harakati nazorati kuchaytirish maqsadida, umumiy o‘rta ta'lim muassasasida ish hujjatlarini yuritilishi aniq tartibga solindi.
Beshinchidan 8-9 sinf o‘quvchilarning soni 25 nafar yoki undan ziyod bo‘lganda o‘quvchilarning fiziologik rivojlanishini hisobga olib, ularning sportga bo‘lgan qiziqishini orttirish hamda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish uchun jismoniy tarbiya fanidan o‘g‘il bolalar va qiz bolalar alohida guruhlarga bo‘linib, mashg‘ulotlar tashkil etilishi belgilandi.
Oltinchidan mazkur qarorda olis hududlardagi maktablarning filiallarini tashkil etish, kam komplektli sinflar bilan ishlash tartibi takomillashtirildi. Maktabda kuni uzaytirilgan guruhlar va logopediya shahobchalari tashkil etish va ularning faoliyatini olib borish tartibi belgilandi. Olis (tog‘li, cho‘lli) aholi punktlarida yashovchi maktab yoshidagi bolalarning umumiy o‘rta ta'lim olishlarini tashkil etish maqsadida tegishli tuman (shahar) hokimliklarining qarori asosida umumta'lim muassasalarining filiallarida o‘quvchilar soni 100-180 nafar bo‘lganda tashkil etiladi.
Vazirlar Mahkamasining 140-son qarori bilan umumiy o‘rta ta'limga tegishli ayrim qarorlar o‘z kuchini yo‘qotdi. Jumladan:
1. Vazirlar Mahkamasining «Ta'lim muassasalari to‘g‘risidagi normativ hujjatlarni tasdiqlash haqida» 1995 yil 21 noyabrdagi 440-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 1995 y., 11-son, 44-modda).
2. Vazirlar Mahkamasining «Kasb-hunar ta'limi o‘quv yurtlari to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida» 1996 yil 11 dekabrdagi 439-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 1996 y., 12-son, 36-modda).
3. Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasida umumiy o‘rta ta'limni tashkil etish to‘g‘risida» 1998 yil 13 maydagi 203-son qarorining 2-bandi, shuningdek qarorga 1-ilova.
4. Vazirlar Mahkamasining «Umumta'lim maktablarining o‘quv binolaridan samarali foydalanishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 1999 yil 19 iyuldagi 352-son qarori.
5. Vazirlar Mahkamasining «Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limiga izchil o‘tishni ta'minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2003 yil 29 oktyabrdagi 473-son qarori 1-bandining uchinchi xatboshi, shuningdek qarorga 2-ilova.
6. Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida (Vazirlar Mahkamasining «Maktabdan tashqari ta'lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2011 yil 28 fevraldagi 50-son hamda «Xalq ta'limi hududiy organlari tuzilmasini takomillashtirish to‘g‘risida» 2011 yil 1 martdagi 52-son qarorlari)» 2011 yil 20 iyundagi 183-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2011 y., 6-son, 55-modda)ga ilovaning 1 va 4-bandlari.
Shuningdek, umumta'lim fanlarini o‘qitishning uzluksizligi va izchilligini ta'minlash, zamonaviy metodologiyasini yaratish, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi davlat ta'lim standartlarini kompetensiyaviy yondashuv asosida takomillashtirish, o‘quv-metodik majmualarning yangi avlodini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etishni tashkil etish maqsadida 2017 yil 6 aprelda “Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limining davlat ta'lim standartlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 187-sonli qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror asosida Umumiy o‘rta ta'limning davlat ta'lim standarti 1-ilovagamuvofiq, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limining davlat ta'lim standarti 2-ilovagamuvofiq, Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limining umumta'lim fanlari bo‘yicha malaka talablari 3-ilovaga muvofiq, Akademik litsey va kasb-hunar kolleji diplomlarining davlat namunalari 4-ilovaga muvofiq hamda Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari uchun umumta'lim fanlaridan o‘quv-metodik majmualarning yangi avlodini ishlab chiqishga qo‘yiladigan umumiy talablar 5-ilovagamuvofiq tasdiqlandi.
Yangi tasdiqlangan Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limining davlat ta'lim standartlari 2017-2018 o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etilishi belgilandi.
Davlat ta'lim standartining maqsadi — umumiy o‘rta ta'lim tizimini mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, rivojlangan xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribalari hamda ilm-fan va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan holda tashkil etish, ma'naviy barkamol va intellektual rivojlangan shaxsni tarbiyalashdan iborat.
Davlat ta'lim standartining vazifalari quyidagilardan iborat:
umumiy o‘rta ta'lim mazmuni va sifatiga qo‘yiladigan talablarni belgilash;
milliy, umuminsoniy va ma'naviy qadriyatlar asosida o‘quvchilarni tarbiyalashning samarali shakllari va usullarini joriy etish;
o‘quv-tarbiya jarayoniga pedagogik va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining o‘quvchilari va bitiruvchilarining malakasiga qo‘yiladigan talablarni belgilash;
kadrlarni maqsadli va sifatli tayyorlash uchun ta'lim, fan va ishlab chiqarishning samarali integratsiyasini ta'minlash;
ta'lim va uning pirovard natijalari, o‘quvchilarning malaka talablarini egallaganlik darajasini tizimli baholash tartibini, shuningdek ta'lim-tarbiya faoliyati sifatini nazorat qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish;
davlat ta'lim standartlari talablarining ta'lim sifati va kadrlar tayyorlashga qo‘yiladigan xalqaro talablarga muvofiqligini ta'minlash.
Vazirlar Mahkamasining 187-sonli qarori bilan tasdiqlangan Umumiy o‘rta ta'lim DTSlarida yangi tushunchalar qatorida kompetensiya tushunchasi kiritilgan. Bu o‘rinda kompetensiya — mavjud bilim, ko‘nikma va malakalarni kundalik faoliyatda qo‘llay olish qobiliyati deb ta'rif berilgan. Ta'limda ilg‘or davlatlarning tajribalaridan bizga ma'lumki xozirgi vaqtda o‘quvchilar nafaqat bilim, balki uni hayoti davomida qo‘llay olishi malakasiga ega bo‘lishi nihoyatda muhimdir.
2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida ta'limni sohasidagi bir qator vazifalari belgilab berilgan edi:
Yoshlarni kasbga tayyorlash maqsadida umumiy o‘rta ta'lim maktablarining 10-11-sinf o‘quvchilariga o‘quv-ishlab chiqarish majmualarida beriladigan kasblar bo‘yicha malaka talablarini ishlab chiqish (maqsad: umumiy o‘rta ta'lim maktablarining 10-11-sinf o‘quvchilariga beriladigan kasblar bo‘yicha zamonaviy malaka talablarini ishlab chiqish va tasdiqlash; o‘quv-ishlab chiqarish majmualari tashkil etilgan 489 ta sinflarni jihozlash nazarda tutiladi
Umumiy o‘rta ta'lim maktablari rahbar va o‘qituvchilarining ish vaqti me'yorlarini qayta ko‘rib chiqish asosida ortiqcha hisobotlarni kamaytirish, ta'limni boshqarish organlari va rahbarlari, shuningdek, boshqa tashkilotlar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarda ko‘rsatilmagan hisobotlar va qo‘shimcha ma'lumotlarni talab qilishga barham berish (maqsad: o‘qituvchilar ish vaqti me'yorlarini belgilashga oid amaldagi hujjatlarga o‘zgartishlar kiritish asosida ortiqcha qog‘ozbozlik va hisobotbozlikka chek qo‘yish; o‘qituvchilarning o‘z ustida ijodiy ishlashi hamda o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish orqali ta'lim-tarbiya sifatini oshirish uchun shart-sharoit nazarda tutiladi);
Respublikadagi 335 ta umumiy o‘rta ta'lim maktabining moddiytexnika bazasini mustahkamlash hamda maktablarni mebel, o‘quv-laboratoriya jihozlari va boshqa inventarlar bilan ta'minlash (maqsad: loyiha bilan manzilli dastur tasdiqlanib, qurilish, ta'mirlash va jihozlash ishlari amalga oshiriladi).
Ushbu vazifalarni amalga oshirish maqsadida tegishli me'yoriy-huquqiy asoslar yaratiladi. Yuqorida ta'kidlanganidek, xozirgi kunda zamonaviy ta'lim muassasa rahbari bu o‘zgarishlar va islohotlar bilan xamnafas bo‘lishi, yangiliklardan tezkor habardor va bu islohotlarning mazmun-mohiyatini jamoadagilarni o‘z vaqtida habardor qilishi talab etiladi.