Test (baholash) – bu о‘quvchining bilimlari, qobiliyatlari yoki kо‘nikmalarini baholash uchun ishlatiladigan savollar, masalalar yoki amaliy mashg‘ulotlar tо‘plami.
Test topshirig‘i – bu testning tarkibiga kirgan har qanday topshiriq turi.
Muqobil javobli test topshirig‘i – savol va unga berilgan bir nechta muqobil javoblardan iborat bо‘lgan topshiriq turi. Test topshiruvchidan mana shu muqobillar orasidan tо‘g‘risini topish talab qilinadi.
Yopiq test topshiriqlari yaratishning umumiy qoidalari
Oldingi mavzularda ko‘rganimizday, test topshiruvchidan to‘g‘ri javobni tanlashni talab qiladigan test topshirig‘i yopiq test topshirig‘i deyiladi. Yopiq test topshiriqlarining eng katta afzalligi test natijalarini tez qayta ishlash hamda tekshirishda subektivlikni yo‘qotish imkonini berishidir.
Yopiq test topshirig‘i bir qancha shakllarda bo‘lishi mumkin: muqobil javobli test topshirig‘i, “to‘g‘ri-noto‘g‘ri” shaklidagi test topshirig‘i, moslashtirishni talab qiluvchi test topshirig‘i va ketma-ketlikni topishni talab qiluvchi test topshirig‘i.
Yopiq test topshiriqlarining turlari
|
Misollar
|
Muqobil javobli test topshirig‘i
|
O‘tkir Hoshimov qalamiga mansub romanni toping.
A) “Diyonat” B) “Tushda kechgan umrlar”
C) “Odam bo‘lish qiyin” D) “Shaytanat”
Alisher Navoiyning "Sab’ai sayyor" dostonida qo‘llanilgan kompozitsion usulni toping:
A) hikoya ichida hikoya B) retrospektiva
C) perspektiva D) fikrlar oqimi
|
“To‘g‘ri-noto‘g‘ri” shaklidagi test topshirig‘i
|
Quyida berilgan hukmlarning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini belgilang.
1. Ikkinchi jahon urushi 1941 yil 22 iyunda Germaniyaning SSSRga hujum qilishi bilan boshlandi.
A) To‘g‘ri B) Noto‘g‘ri
2. Ikkinchi jahon urushi 1945 yil 2 sentabrda Yaponiyaning taslim bo‘lishi bilan yakunlandi.
A) To‘g‘ri B) Noto‘g‘ri
|
Moslashtirishni talab qiluvchi test topshirig‘i
|
Quyida davlatlar va poytaxtlar berilgan. Har bir davlatning poytaxtini toping. Har bir javob faqat bir marta ishlatilishi mumkin. Diqqat: A-E javoblardan biri ortiqcha!
Davlatlar Poytaxtlar
1. AQSH A) London
2. Avstraliya B) Kanberra
3. Kanada C) Ottava
4. Yangi Zelandiya D) Vashington
E) Vellington
Berilgan asarlarni (1-3) janrlar (A-D) bilan moslashtiring:
Asarlar (1-3): Janrlar (A-D)
1) “Hamlet” A) she’riy roman
2) “Yevgeniy Onegin” B) qasida
3) “Shohnoma” C) doston
D) fojia
|
Ketma-ketlikni topishni talab qiluvchi test topshirig‘i
|
Alisher Navoiy “Xamsa”siga kiruvchi dostonlarni to‘g‘ri-ketma-ketlikda qo‘yib chiqing.
A) “Farhod va Shirin” B) “Saddi Iskandariy” C) “Hayrat-ul abror”
D) “Layli va Majnun” D) “Sab’ai sayyor”
1) __ 2) __ 3) __ 4) __ 5) __
|
Yopiq test topshiriqlari turlari
Yopiq test topshiriqlari samarali bo‘lishi uchun bir qancha umumiy qoidalarga rioya qilmoq lozim:
1. Har bir test topshirig‘i test spetsifikatsiyasiga muvofiq, o‘lchanayotgan konstruktning konkret bir elementini baholash maqsadida tuzilishi lozim, ya’ni bir test topshirig‘i orqali konstruktning bir necha elementini qamrab olishga harakat qilinmasligi kerak.
Misol:
Oddiy kitobxon aqlli ikkita qahramonning qismatidan hayajonlanib, uzoq yillar eslab yuradigan yozuvchi – haqiqiy yozuvchi.
Ushbu gapdagi ko‘makchi morfemalar tarkibida nechta o‘rinda quyi keng unlilar ishtirok etgan? A) 8 B) 10 C) 7 D) 9
Ushbu test topshirig‘ida ham ko‘makchi morfemalarni, ham ular tarkibidagi quyi keng unlilarni topish so‘ralmoqda, ya’ni test topshiruvchi bitta topshiriqqa to‘g‘ri javob berishi uchun ham morfemikadan, ham fonetikadan bilimini ishga solishi kerak bo‘ladi. Bu holda muammoning yechimi – ikkita alohida test topshirig‘i tuzib, bir test topshirig‘ida ko‘makchi morfemalarni, ikkinchisida quyi keng unlilarni so‘rash.
Yana bir misol:
Alovuddin Muhammad Talos vodiysida qoraxitoylarni mag‘lubiyatga uchratgan yilda qaysi shahar aholisi xorazmshohga qarshi qozg‘olon ko‘targan?
A) Buxoro B) Samarqand C) Toshkent D) O‘tror
Ushbu test topshirig‘ida ham yuqoridagi qoida buzilgan – test topshiruvchidan ham Alovuddin Muhammad Talos vodiysida qoraxitoylarni mag‘lubiyatga uchratgan yilni topish, ham shu yili aholisi xorazmshohga qarshi qozg‘olon ko‘targan shaharni topish talab qilinmoqda. Test topshiruvchi yuqoridagi topshiriqqa to‘g‘ri javob bera olmasa, uning aynan nimani - yilni yoki shaharni bilmasligi haqida asosli xulosa chiqarib bo‘lmaydi.
2. Har bir test yopshirig‘i baholanayotgan domen uchun muhim bo‘lgan bilimga asoslanishi lozim, ya’ni test topshirig‘i muhim bo‘lmagan, mayda-chuyda detallarga asoslanmasligi kerak.
Misol:
Anbar Otin qaysi buyuk mumtoz shoiramizning jiyani bo‘lgan?
A) Nodirabegim B) Jahon otin Uvaysiy C) Zebinisi D) Dilshodi Barno
Ushbu test topshirig‘i baholanayotgan domen – adabiyot uchun muhim bo‘lmagan ma’lumot asosida tuzilgan: Anbar Otin kimning jiyani bo‘lganligini bilish uning ijodini tushunishda hech qanday rol o‘ynamaydi.
Yana bir misol:
O‘zbekistonda “Fayzifilm” xususiy kinostudiyasi qachon ro‘yhatga olingan?
A) 1992-yil B) 1991-yil C) 1993-yil D) 1999-yil
Ushbu test topshirig‘ida ham yuqoridagi qoida buzilgan: “Fayzifilm” kinostudiyasi qachon ro‘yxatga olinganligini mustaqil O‘zbekiston tarixidagi muhim, ahamiyatga molik voqea deb bo‘lmaydi, demak, o‘quvchining bu ma’lumotni bilish-bilmasligi tarixning shu davrini yaxshi bilish-bilmasligi haqida valid (asosli) xulosa chiqarish imkonini bermaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |