Mustaqil ishlash uchun topshiriqlar
Kassadagi naqd pullar va boshqa qimmatliklarning butligi va saqlash qoidalariga rioya qilishni tekshirish.
Kassa muomalalarini yuritish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Banki Boshqaruvining 1998 - yil 24 - yanvardagi 376-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Yuridik shaxslar tomonidan kassa operatsiyalarini amalga oshirish qoidalari» bilan tartibga solinadi. Ushbu qoidaga muvofiq, barcha yuridik shaxslar, mulkchilik shaklidan qat'iy nazar, o‘zlarining pul mablag‘larini bank muassasalarida saqlashlari shart.
Tashkilotlar o‘z kassasida kassadagi naqd pullar qoldig‘i limitlari doirasida naqd pullarga ega bo‘lishlari mumkin. Kassalardagi naqd pullar qoldig‘i limitlari va tushumni ishlatish me'yorlarini bank muassasalari ushbu tashkilotlar rahbarlari bilan kelishgan holda belgilaydi. Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati va Favqulodda vaziyatlar vazirligi organlari bundan mustasno.
Zarur bo‘lgan hollarda ko‘rsatilgan limitlar qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
Kassa muomalalarini yuritish uchun korxona shtatidan kassir ajratiladi. U o‘zi qabul qilib olgan pul va boshqa boyliklarni but saqlashi uchun to‘liq moddiy javobgar shaxs hisoblanadi.
Pul mablag‘larini auditorlik tekshiruvidan o‘tkazishning asosiy maqsadi: korxona kassasidagi milliy (5010) va xorijiy valutadagi (5020) naqd pul mablag‘larini, bankdagi hisob-kitob (5110), valuta (5200) schyotlari va boshqa maxsus (5500), pul ekvivalentlari (5610) hamda yo‘ldagi pul (o‘tkazmalari) mablag‘lari (5710) schyotlariga doir muomalalarni auditorlik tekshiruvidan o‘tkazib, moliyaviy hisobotning «Pul mablag‘lari» bo‘limi bo‘yicha ma'lumotlarning ishonchliligi va bankdagi schyotlarda pul mablag‘larini hisobga olish uslubiyotining O‘zbekiston Respublikasida amal qilayotgan me'yoriy hujjatlarga muvofiqliligi to‘g‘risida xulosa bildirish, ularni saqlanishi va ishlatilishining maqsadga muvofiqligi, buxgalteriya hisobida to‘g‘ri aks ettirilishi hamda qonuniyligini ta'minlashdan iborat.
Ushbu maqsadni amalga oshirish uchun quyidagi vazifalarni hal etish zarur:
- inventarizatsiya o‘tkazish yo‘li bilan kassadagi mavjud pul mablag‘lari, qimmatli qog‘ozlar miqdori va summalarining haqiqiy qoldig‘ini aniqlash;
- kassa muomalalarini hisobga olishda «Yuridik shaxslar tomonidan kassa muomalalarini amalga oshirish qoidalari» ga rioya qilinayotganligini aniqlash;
- bank muassasasidagi hisob-kitob, valuta va boshqa maxsus schyotlar bo‘yicha amalga oshirilgan muomalalarni tekshirib chiqish;
- o‘tkazilgan tekshirish asosida oraliq dalolatnoma tuzish va xulosa qilish.
Kassa operatsiyalarini tekshirishda ma'lumot manbasi quyidagilar hisoblanadi:
- naqd pullarni kirim qilish va berish bo‘yicha dastlabki hujjatlarni rasmiylashtirish (kirim va chiqim kassa orderlari KO-1, KO-2);
- kassa daftari (KO-4 shakli), kirim va chiqim kassa hujjatlarini ro‘yxatga olish daftari (KO-3, KO-Za);
- kassa hujjatlariga oid dastlabki tasdiqlovchi hujjatlar;
- 5010 - «Milliy valutadagi pul mablag‘lari», 5110 - «Hisob-kitob schyoti», 5610 - «Pul ekvivalentlari» (turlari bo‘yicha), schyotlari, 006 - «Qat'iy hisobot blankalari» balansdan tashqari schyoti va boshqa hisob-kitob schyotlari bilan korrespondentlangan schyotlar bo‘yicha hisob registrlari, balanslar va boshqa hisobot shakllari».
Kassa muomalalari odatda, kassir, bosh buxgalter yoki unga vakolatli shaxs ishtirokida kassadagi pul mablag‘larini inventarizatsiya qilishdan boshlanadi. Korxonada bir nechta kassa mavjud bo‘lgan hollarda pul qoldig‘ining kamomadi bo‘lgan taqdirda, uni boshqa kassa hisobidan qoplanishi, kassa daftaridagi qoldiqni o‘zgartirish mumkinligini oldini olish maqsadida auditor boshqa kassa eshiklarini muhrlab qo‘yadi.
Auditor kassirdan inventarizatsiya o‘tkazish vaqtigacha bo‘lgan kassa muomalalari bo‘yicha kassa hisobotini talab qiladi. Shuningdek, barcha kirim va chiqim hujjatlari uning tomonidan hisobotga kiritilganligi va inventarizatsiya vaqtiga kelib kassaga kirim qilinmagan va hisobdan chiqarilmagan pul mablag‘lari yo‘qligi to‘g‘risida tilxat berishi lozim.
Shundan keyin kassir, pul kupuralarini guruhlashtirishni boshlaydi hamda auditor va bosh buxgalter ishtirokida ularni to‘la hisob-kitobini o‘tkazadi, bank muassasasidan olingan muhrlangan pul mablag‘lari ham sanovdan o‘tkazilishi kerak.
Auditor shunga ahamiyat berishi kerakki, kassa chiqim orderida yoki uning o‘rnini bosadigan boshqa hujjatda pul oluvchining tilxati bilan tasdiqlanmagan kassa pullarini berish, kassadagi naqd pul qoldig‘ini qoplashga qabul qilinmaydi. Kassa kirim orderlari bilan tasdiqlanmagan naqd pullar ortiqcha pul sifatida kirim qilinadi. Xojalik yurituvchi subyekt rahbari va bosh buxgalteri imzosi bilan tasdiqlanmagan kassa chiqim hujjatlari, kassadan vaqtinchalik pul olinganligini bildiruvchi tilxat va shunga o‘xshash boshqa hujjatlar inobatga olinmaydi va kamomad deb hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |