Qotillik jinoyatlarini sodir etuvchi shaxslar toifasi. Ushbu toifa barqaror g‘ayriijtimoiy maqsadi, chuqur g‘ayriijtimoiy buzilganligi bilan ajralib turadi. Uning nihoyatda ibtidoiy hayotiy mo‘ljallari, axloqqa zid ishlari, ehtiyojlarining ustunligi zo‘ravonlik harakatlarining nihoyatda qo‘pol ko‘rinishlarini keltirib chiqaradi.
Bular, odatda, ilgari sudlangan, ozodlikdan mahrum qilish joylarida qayta ijtimoiylashmagan (tarbiyalanmagan) va sezilarli ijtimoiy mavqega ega bo‘lmagan shaxslardir. Ularning kundalik harakati jinoyatga yaqin turadi, g‘ayriijtimoiy, jinoiy submadaniyat sharoitida amalga oshadi.
Ular tashqaridan bo‘ladigan har qanday ta’sirni o‘ziga nisbatan hujum deb hisoblaydilar, «to‘g‘ri», hamma ishi joyida odamlarga nafrat bilan munosabatda bo‘ladilar. Ular surunkali ravishda hissiy-ruhiy zo‘riqish, xavotir his qilib, arzimagan sabablarga ko‘ra impulsiv (to‘satdan ichki shartsiz reaksiyalar asosida) harakat qilishga tayyor turadilar.
Masalan, muqaddam sudlangan T. tramvayda og‘aynilari bilan keta turib, yo‘lovchilarga pista po‘choq tuflay boshladi. Uzoq chidagan yo‘lovchilarning jur’atsizgina e’tiroziga qo‘pol so‘kinish yog‘dirdi va affekt holatida uch nafar yo‘lovchiga pichoq bilan hayoti uchun xavfli bo‘lgan jarohat yetkazdi. Ya’ni qo‘pollik, zo‘ravonlik bilan o‘zini ko‘rsatishga bo‘lgan «men»ligi ishlab ketdi.
Shaxsning butun tuzilishidagi chuqur g‘ayriijtimoiy buzilish ashaddiy qotilning asosiy xususiyatidir.
Tasodifiy qotilning psixologik xususiyati. Uning o‘zini ruhiy boshqarishidagi nuqsonlari quyidagicha: jabrlanuvchini o‘ldirish uning uchun fojiali tasodifdir, lekin aslida bu «tasodif» tasodifiy emas. Unda shaxsning murakkab, nizoli vaziyatdan ijtimoiy moslashgan holda chiqa olmasligi namoyon bo‘ldi. Odatda bunday qotilliklar uzoq vaqt to‘planib boradigan salbiy his-tuyg‘ular, boshdan o‘tkazgan azoblar zamirida yuz beradi.
Individ himoyalanishning axloqiy-ijobiy va qonuniy usullarini ko‘rmagan holda chidab bo‘lmas tushkunlik, chorasizligi, hayotiy ziddiyatlardan qonuniy yo‘l bilan chiqish mumkinligiga ishonmaslik natijasida oxirgi choradan foydalanadi. Bunda odatda jabrlanuvchi insoniy munosabatlarning oddiy asoslarini uzoq vaqt va qo‘pol ravishda buzadi, jinoyat sodir etilishiga zamin tayyorlaydi.
Ayrim tasodifiy qotilliklar qo‘qqisdan, favqulodda vaziyatlarda, ayniqsa affekt (qo‘rquv, dahshat) holatida sodir etiladi. Xalq tomonidan la’natlanadigan ashaddiy qotillar hamda ehtiyotsizlik orqasida odam o‘ldirish o‘rtasida katta axloqiy-psixologik farq borligini inobatga olish lozim. Ushbu jinoyatlardagi ayni bir xil jinoiy natija jinoyatchilarning turli darajadagi ijtimoiy xavfliligi bilan ham, axloqiy-psixologik tipi bilan ham farqlanadi.
Aksariyat qotilliklar maishiy asosda, impulsiv tarzda, ba’zan nihoyatda arzimas sabablarga ko‘ra sodir etiladi. Bu toifadagi qotillar ko‘pincha hissiy beqarorlik holatidan aziyat chekadilar, ularning tajovuzkor qilmishlari giperkompensatsiya bilan bog‘liq bo‘ladi, olinmagan o‘ch alamlarning uzoq vaqt to‘planishi natijasi hisoblanadi.
Ko‘p holatlarda qotillarning hayot yo‘li tajovuzkor xulqning uzoq vaqt to‘planishi bilan kechgan. Qotillar orasida ruhiy nuqsonlilari aholining qonunga itoatkor qismi orasidagi ruhiy nuqsoni borlarga qaraganda ko‘proq. Zo‘ravon jinoyatchilar jinoyat qurbonining xatti-harakatiga juda ta’sirchan bo‘ladilar.
Zo‘ravonlikka asoslangan jinoyat qurbonlarining g‘alamis xulqi viktim xulq deb ataladi (lotincha viktima - qurbon). Viktim xulq - yengiltak, haddan tashqari ishonuvchan yoki axloqsiz, janjalkash, jinoyat sodir etilishi uchun bahona bo‘luvchi xatti-harakatdir.
Viktimlik jinoyati qurbonining jinsi, yoshi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei bilan bog‘liq umumiy hamda shaxsning individual ruhiy xususiyatlari - ishonuvchanligi, bilimsizligi, irodasining sustligi, huquqbuzarga ruhan tobeligi, ekssentrikligi, tavakkalga moyilligi, shaxsiy janjalkashligi bilan bog‘liq bo‘lgan bir qancha turlarga bo‘linishi mumkin. Jinoyat qurbonining chorasiz holati ham viktim holat hisoblanadi. Ba’zan jinoyat qurbonining ruhiy xususiyatlari jinoyatchini izlab topishni osonlashtiradi - jinoyat qurbonining xulqiga xos xususiyatlari jinoyatchining ruhiy xususiyati uchun valentli chiqadi, uning psixologik portretini yaratish imkoniyati yuzaga keladi (ayniqsa, seriyali jinoyatlar sodir etilganida).
Do'stlaringiz bilan baham: |