2.3. Didaktik o`yinlardan foydalanish jarayonida qo`llaniladigan ko`rgazmali vositalar
Sinf xonasiga olib kirilgan har qanday, har tomonlama go`zal, bola diqqatini o`ziga jalb qila oladigan ko`rgazma har qanday tilsiz bolani ham tilga kiritadi, uni o`ylashga majbur etadi. 2-sinflarda qo`lda tayyorlangan ko`rgazmali qurollardan foydalanish, ayniqsa, katta ahamiyat kasb etadi. Boshlang`ich sinf o`qituvchilarining o`zlari turli mavzularda ko`rgazmali qurollar tayyorlashlari mumkin.
Qo`lda ko`rgazmali qurollar yasash xilma-xildir. O`quvchilarning og`zaki nutqini o`stirish uchun katta hajmdagi rangli rasmlar, bukletlar va tarqatma materiallar tayyorlanadi. Shuningdek, ona tili, o`qish, matematika darslari uchun turli maketlar va harakatlantiruvchi o`yinchoqlar hozirlashimiz mumkin.
Kichik yoshdagi o`quvchilar faoliyatini o`stirish, fikrlashga undash va qiziqishlarini o`stirishda turli kartochkalar muhim ahamiyatga ega. Didaktik materiallardan foydalanish o`quvchining darslarga qiziqishini orttirib, bilim doirasini kengaytiradi. Ularda hozirjavoblik xususiyatlarini tarbiyalaydi, xotirasini mustahkamlab, o`rganilgan materialni uzoq vaqt esda saqlab qolishga yordam beradi.
Bolaning idrok qilishi uchun iloji bo`lsa o`sha narsani ko`zi bilan ko`rib, qo`li bilan ushlab, hidi bo`lsa hidlab, imkoni bo`lsa, mazasini totib ko`rsa, o`sha predmet va uning belgi, xususiyatlari o`quvchining yodidan ko`tarilmaydi. Idrok qilishning bu turlarida o`quvchining ko`rish, hid bilish, sezish, maza-ta`m bilish sezgilari ishtirok etadi.
Mohir o`qituvchi har bir darsda tarqatma so`zli, rasmli, didaktik materiallardan, bo`g`inli, so`zli, gapli kartochkalardan, harf, so`zli kassalardan keng foydalanadi.
2-sinf o`quvchilarining nutqini o`stirish uchun didaktik o`yinlar o`tkazdim. Buning uchun rasmli kartochkalar tayyorladim. Bu kartochkalardan mavzuga oid topishmoqlar yozdim, o`quvchilarga tarqatib chiqdim. O`quvchilar tez va aniq javob berdilar. Birinchilardan bo`lib topgan besh o`quvchini rag`batlantirdim.
Boshlang`ich sinf ona tili va o`qish darslarida didaktik o`yinlar jarayonida ko`rsatmalilikni quyidagi guruhlarga ajratish mumkin:
l. Darsda o`rganiladigan mavzularning aynan o`ziga oid ko`rgazmalarni
ko`rsatish, masalan, qushlar, hayvonlar, makiab, sinf, shaharlar va shunga o`xshash bevosita o`zini ko`rish mumkin bo`lgan narsalarni ko`rsatib, o`quvchilar bilimini puxta bo`lishini ta`minlaydi. Ko`rgan bilganlarini darsda eslatish, ularni savol-javoblar orqali o`rganilayotgan mavzu mazmuniga bog`lash mumkin.
2. O`rganilayotgan mavzu mazmuniga mos bo`lgan turli texnik vositalarning modellaridan foydalanish.
Ayrim shahar va qishloqlar, umuman, ayni vaqtda ko`z bilan ko`rish mumkin narsalarga oid materiallarni o`rganishda rasmlardan foydalanish.
Turli xildagi kartochkalardan foydalanish (Masalan, rasmlar tasvirlangan yoki turli xil meva, hayvonlar shaklida tayyorlangan bo`lishi mumkin). Bu ona tili va o`qish darslarida qo`llaniladigan ko`rgazmalilikning keng tarqalgan shakli hisoblanadi.
Ko`rsatmalilik turlari xilma-xil bo`lib, uni yana davom ettirishimiz mumkin. Ko`rgazma vositalardan yana biri qo`lda yasalgan olma daraxtining maketidir. Daraxtda mevalar osilgan. O`yin jarayonida sinfni uch guruhga bo`lamiz. Har bir guruhdan bittadan o`quvchi chiqariladi. O`quvchilar mevalardan uzib, uning orqasidagi topshiriqni bajarishi kerak. Har bir mevalar orqasida mavzuga oid so`zlar berilgan bo`ladi. O`quvchilar shu so`z qatnashgan gap tuzib, uni doskaga yozishi kerak. O`yin shu tariqa davom etib, qaysi guruh ko`proq olma mevasini yig`sa shu guruh g`olib hisoblanadi.
Ma`lumki, 2- sinfga qabul qilinib, maktab ostonasiga ilk qadam qo`ygan bolaning faoliyatida o`yin asosiy o`rinni egallaydi. O`yin ularning eng sevimli mashg`uloti bo`lib, ular har qanday mashg`ulotni o`yin bilan uyg`unlashtirishga harakat qiladilar.
Shunday ekan, o`qituvchi o`quvchi faoliyatidan ularning sevimli mashg`uloti — o`yinni siqib chiqarmasdan, undan maqsadga muvoviq foydalanish bilan ta`lim jarayonining samaradorligini oshirishga imkon beradi.
Ta`lim jarayonida qo`llaniladigan didaktik o`yinlarni biz mazmuniga va arnalga oshirish shakliga ko`ra 2 xil tasnif qilish mumkin10.
Do'stlaringiz bilan baham: |