Sienitlar – asosan kaliy shpatidan tashkil topgan (5,0– 70 %) tog‘ jinsi bo‘lib, granitdan farqi, asosan, tarkibida kvars mineralining kamligi yoki mutlaqo bo‘lmasligidadir. Sienitni silliqlash va pardozlash qiyin emas. Siqilishdagi mustahkamlik chegarasi 100–250 MPa, zichligi esa 2600–2700 kg/m3. Sienitlar sariq, qizg‘ish, to‘q ko‘k ranglarda uchraydi. O‘zbekistonning Ohangaron tumanida sienit zaxiralari ko‘p.
Diorit – nordon plagioklaz (70 %), rogovaya obmanka, biotit va avgit minerallaridan tashkil topgan tog‘ jinsi. Dioritlar bir tekis kristalli tuzilishga ega. Agar diorit tarkibida kvars miqdori ko‘p bo‘lsa, kvarsli diorit deb ataladi. U to‘q ko‘k va ochiq kul ranglarda uchraydi. Siqilishdagi mustahkamlik chegarasi 150–300 MPa, zichligi 2800–3000 kg/m3 ga teng. YAxshi jilvirlanadi. Diorit yo‘l qurilishida va qoplama pardozbop ashyolar sifatida ko‘p ishlatiladi.
Gabbro – otilib chiqqan eng mustahkam tog‘ jinsi, asosan dala shpati (50 %) va rangli minerallardan tashkil topgan. U bir tekis yirik donali tuzilishga ega. Gabbro yo‘l qurilishida va pardozbop bezak buyumlari tayyorlashda ishlatiladi. Uning zichligi 2900–3000 kg/m3, siqilishdagi mustahkamlik chegarasi 200–350 MPa ga teng.
Labrodorit – gabbroga o‘xshash, asosan, dala shpati va boshqa och qora rangli minerallardan tashkil topgan jins. Labrodoritni pardozlaganda uning sirtida ko‘k-binafsha rangli minerallar ajralib turadi. SHuning uchun u ko‘proq hashamatli inshootlar qurishda bezakli qoplama plitalar sifatida ishlatiladi.
Vulqondan toshib chiqqan birlamchi tog‘ jinslari magma holatda er yuziga ko‘tarilishida kristallana boshlaydi va sovishi jarayonida to‘la kristallangan, bir tekis kristallanmagan va to‘la kristallanmagan tuzilishga ega jinsga aylanadi. Tog‘ jinslarning tuzilishi orqali ularning fizik-mexanik xossalari to‘g‘risida umumiy fikr yuritsa bo‘ladi. SHular ichida donalari bir tartibda joylashgan tog‘ jinslari yuqori mustahkam bo‘ladi. Ammo yirik donali kristallardan tashkil topgan jinslar haroratning o‘zgaruvchanligidan yoki mexanik kuchlar ta’sirida tez buziladi. Xuddi shunday holatni tarkibida har xil minerallar bo‘lgan jinslarda ko‘rish mumkin.
Bazalt – yashirin kristalli, ba’zan shishasimon tuzilishga ega bo‘lgan jins Er yuzasiga ko‘tarilgan jinslar ichida zichligi eng katta (3300 kg/m3). Bazaltni ishlash ko‘p mehnat talab etadi, ammo uni pardozlash oson. Siqilishdagi mustahkamlik chegarasi 300–500 MPa ga etadi. Bazalt xarsangtosh, shag‘al va boshqa donali buyumlar tayyorlashda, shu bilan birga eritib olinadigan buyumlar va issiqlikni saqlovchi mineral paxta uchun xom ashyo sifatida ishlatiladi.
Diabaz – dala shpati va avgitdan tashkil topgan kristall jins. Uning tarkibiga olivin minerali ham kiradi. Diabaz porfir tuzilishida ham uchraydi, rangi to‘q sariq, kulrang, yashil, zichligi 3000–3100 kg/m3, siqilishdagi mustahkamlik chegarasi 300–450 MPa ga teng. Diabaz yuqori qattiqlikka egaligi, nihoyatda zich hamda chidamliligi uchun yo‘llarni qoplashda va boshqa ishqalanishga ishlaydigan inshootlarda ko‘p qo‘llaniladi. Boshqa jinslardan farqi erish haroratining kichikligidir (1200–1300°S). SHu sababli maxsus qurilish buyumlari diabaz eritmasidan quyib olinadi. Diabaz har xil plitalar, to‘sinchalar va boshqa donali qismlar, shuningdek, mineral paxta tayyorlashda va asfaltbetonlar uchun to‘ldirgich sifatida ishlatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |