Minerallarning qattiqligi – deb, shu mineralning biron tashqi mexanik ta’sirga, jumladan tirnalishga qarshilik ko’rsatish qobilyati darajasiga aytiladi.Minerallarni aniqlashda oson usullardan biri bo`lib, muhim diagnostik belgi. Qattiqlikni aniqlashda nemis olimi F. Moosning nisbiy qattiqlik shkalasidan (1811-yilda yaratilgan) foydalaniladi. Bu shkala 10 ta mineraldan iborat bo`lib, ularning qattiqligi biridan ikkinchisiga tomon ortib boradi. Shunga ko`ra, har bir oldingi mineralni keyingi mineral chiza oladi (iz qoldiradi). Ayrim hollarda asboblar bo`lmaganida, minerallarning qattiqligini qo`l ostidagi mavjud narsalar yordamida ham aniqlash mumkin. Buning uchun biz yumshoq qalamning qattiqligi 1, tirnoqniki 2-2,5, mis tanganiki 3, mixniki (temirdan qilingan) 4-4,5, uchli pichoq yoki shisha sinig`iniki 5-6, po`lat egovning qattiqligi 5,5-7 ga tengligini bilishimiz kifoya.
Jins hosil qiluvchi minerallar — togʻ jinslari tarkibiga doimiy asosiy komponent sifatida kiruvchi minerallar. Silikatlar eng koʻp tarqalgan (Yer pusti massasining qariyb 75% ini tashkil etadi). Minerallarning xillari 3000 dan ziyod boʻlishiga qaramay faqat 100 dan ortiqrogʻi Jins hosil qiluvchi minerallar, ulardan 60 tachasi eng koʻp tarqalgan. Jins hosil qiluvchi minerallar asosiy, ikkinchi darajali va aksessor minerallarga boʻlinadi. Asosiy minerallar yaxshi oʻrganilgan, ular togʻ jinslarining nomini aniqlashda muhim omil hisoblanadi. Ikkinchi darajalilarining borligi yoki yoʻqligi togʻ jinsining nomini aniqlashga taʼsir etmaydi. Har qaysi togʻ jinsi guruhi oʻziga xos minerallarga ega. Magmatik togʻ jinslari uchun dala shpatlari, kvars, slyudalar, piroksenlar, olivinlar; choʻkindi togʻ jinslari uchun gips, angidrit, gidroslyudalar, galit, kaolinit, galluazit, kalsiy va boshqalar; metamorfik togʻ jinslariga kianit, andaluzit, sillimanit, glaukofan va b. harakterli. Magmatik va metamorfik togʻ jinslaridagi Jins hosil qiluvchi minerallar ularning qosil boʻlish sharoitini bilishda muhim hisoblanadi. Bir xil togʻ jinslari uchun asosiy hisoblangan minerallar boshqa togʻ jinslarida ikkinchi darajali rolni oʻtashi mumkin. Jins hosil qiluvchi minerallar togʻ jinslarining fizik xossalarini belgilaydi. Shuning uchun ham Jins hosil qiluvchi minerallarni oʻrganish ilmiy (ayniqsa geofizik tadqiqotlarda) va amaliy ahamiyatga egadir.
Jins hosil qiluvchi minerallar Yer qatlamini tashkil etuvchi barcha tabiiy toshlar minerallardan tashkil topgan. Tog‘jinsining xususiyatlari asosan shu jinsning tarkibiga kirgan minerallarning turiga, miqdoriga va zarrachalarning o‘zaro bog‘lanish kuchiga bog‘liq. Quyida tog‘ jinsi tarkibini tashkil etgan asosiy minerallar bilan tanishib chiqamiz.
Kvars (SiO2) – asosan qumtuproqdan tashkil topgan yashirin yoki ochiq kristall shaklida uchraydigan nihoyatda zich, mustahkam va chidamli mineral. Kvarsning zichligi 2,5–2,8 g/sm3. Siqilishdagi mustahkamligi 200 MPa, cho‘zilishdagisi esa 100 MPa dan ko‘p. Qattiqlik shkalasida kvars ettinchi o‘rinda turadi. Oddiy haroratda kvars barcha kislota va uning eritmalarida chidamlidir. YUqori haroratda kvars ftorli vodorod va fosfor kislotasi bilan reaksiyaga kirishib, silikatlar hosil qiladi. Agar nam sharoitda reaksiya davom ettirilsa, silikatlar hosil bo‘ladi.
Kvarsni 575°S dan 870°S gacha qizdirganda, u tridimit holatga aylanadi, ya’ni hajmi kattalashadi. Uning bu xususiyati kvars ishlatiladigan buyumlar tayyorlashda e’tiborga olinishi zarur. 1710°S da esa kvars suyuqlanadi va tez sovitilsa, kvars shishasi hosil bo‘ladi. Kvars sanoatda o‘tga chidamli buyumlar (dinas) tayyorlashda, sopol buyumlari ishlab chiqarishda, kvars qumi esa shisha sanoatida va silikat g‘ishti, kislotaga chidamli sementlar ishlab chiqarishda, shuningdek, qorishma va betonlar uchun mayda to‘ldirgich sifatida ishlatiladi.
Dala shpati – silikatlar guruhida keng tarqalgan oq va qizg‘ish rangli mineraldir. U silikatlar guruhidagi ortoklaz va plagaoklaz, albit, anortit jinslarida uchraydi. Kimyoviy tarkibi bo‘yicha ortoklaz (K2OAl2O36SiO2) alyumosilikat kaliydan farq qilmaydi. Ortoklaz to‘g‘ri burchak shaklidagi bo‘laklarga parchalanadi. Qurilish sanoatida ishlatiladigan tabiiy tosh ashyolariga tomonlari qirrali yoki kichik burchak shaklida bo‘linuvchan jinslar - plagioklaz, albit (alyumosilikat natriy - Na2OAl2O36SiO2) va anortit (alyumosilikat kalsiy - CaOAl2O32SiO2) lar kiradi. Dala shpatining siqilishdagi mustahkamligi kvarsnikidan kam (120– 170 MPa), erish harorati esa 1170–1550°S ga teng. Dala shpati atmosfera ta’sirida asta-sekin emirilib, kaolin (chinni buyumlari ishlanadigan xom ashyoning bir turi), qumtuproq qumlari va boshqa jinslarga aylanadi. Toza dala shpatidan quyma sopol ashyolari ishlanadi.
Dala shpati va kvarsdan tashkil topgan jinslar pegmatitlar deb ataladi va asosan chinni buyumlar ishlab chiqarishda qo‘llaniladi.
Slyuda - kimyoviy tarkibi jihatidan murakkab suvli alyumosilikatdir. Tabiatda slyudaning bir necha xili uchraydi. SHulardan eng ko‘p tarqalganlari muskovit va biotitdir.
Muskovit – yaltiroq oq yoki kulrang holatda uchraydigan, qiyin eruvchan, kislotalar ta’siriga chidamli slyuda. Biotit – qora rangdagi, oson emiriluvchan magnezial-temir slyuda. U yassi va yupqa qatlamga ajralish xususiyatiga ega.
Olivin asosan temir va magniy silikatlaridan tashkil topgan mineraldir. U ko‘k rangli, atmosfera ta’siriga chidamsiz, suv ta’sirida esa hajmi kengayadi. U asbestsement sanoatida va issiqlik o‘tkazmaydigan ashyolar ishlab chiqarishda ko‘p ishlatiladi.
Granit – qurilishda keng tarqalgan magmatik tog‘ jinsi. U bir tartibli kristall jins bo‘lib, asosan kvars (20–40 %), dala shpati – ortoklaz (40–70 %) va slyuda (5–20 %) dan tashkil topgan. Bundan tashqari, granit tarkibida ishqorli plagioklaz, rogovaya obmanka kabi minerallar ham uchraydi. Granit tiniq sariq yoki och qora rangda bo‘lib, asosan tarkibidagi minerallar rangiga qarab o‘zgaradi. Granitlar mayda, o‘rta yirik kristalli, porfir kabi yaxlit va qatlam-qatlam (gneys jinsi singari) holatda bo‘ladi. Granitning zichligi 2,6–2,8 g/sm3, g‘ovakligi (0,5– 1,5 %) va suv shimuvchanligi esa nihoyatda kam. Siqilishdagi mustahkamlik chegarasi 120–250 MPa, issiqlik o‘tkazuvchanlik koeffitsienti 2,5–3,0 Vt/m-grad. ga teng. Granit ancha qattiq jins (Moos shkalasiga ko‘ra – 6–7), ammo uni qayta ishlash va silliqlash uncha qiyin emas.
Slyuda miqdori ko‘p bo‘lsa, granitni silliqlash qiyinlashadi. Granitning erish harorati 1400–1500°S. Harorat 750–800°S ga etganda granit tarkibida kvars kristallari kengayib, uning mustahkamligini kamaytiradi.
Tosh ashyolar orasida granit yuqori texnik sifatga ega bo‘lganligi sababli qurilishda (yo‘l qurilishlarida, gidrotexnika inshootlarida, me’morchiliqda, bezak qismlar tayyorlashda) keng qo‘llaniladi. U tabiatda har xil rangda uchraydi. Undagi dala shpati oq, kulrang, sariq, qizil va binafsha ranglarda bo‘lishi mumkin. SHu sababli granit ajoyib pardozbop qurilish ashyosidir. CHidamli bo‘lgani uchun ochiq sharoitda va zararli muhit ta’sirida ko‘p ishlatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |