Jazoni og`irlashtiruchi holatlar
Jazoni individuallashtirish eng avvalo hukm chiqarish vaqtida yengillashtiruvchi va og`irlashtiruvchi holatlarni e`tiborga olish orqali amalga oshiriladi va bu holatlarning qonunda mustahkamlab quyilganligi uning qanchalik muhimligini ko`rsatadi. Jazoni og`irlashtiruvchi holatlar O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 56-moddasida ko`rsatib o`tilgan bo`lib ular quyidagilardan iborat:
a) homiladorligi aybdorga ayon bo`lgan ayolga nisbatan;
b) yosh bola, qariya yoki ojiz ahvoldagi shaxsga nisbatan;
v) xizmat vazifasi yoki fukarolik burchini bajarganligi munosabati bilan shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga nisbatan;
g) aybdorga moddiy tomondan, xizmat jihatidan yoki boshqa jihatdan qaram shaxsga nisbatan;
d) o`ta shafqatsizlik bilan;
ye) ko`pchilik uchun xavfli bo`lgan usulda;
j) yosh bola yoki ruhiy kasalligi aybdorga ayon bo`lgan shaxsdan foydalangan holda;
z) jinoyat natijasida og`ir oqibatlarning kelib chiqqanligi;
i) umumiy ofat sharoitidan foydalangan holda yoki favqulodda holat vaqtida yoxud ommaviy tartibsizliklar jarayonida;
k) g`arazli yoki boshqacha past niyatlarda;
l) irqiy yoki milliy dushmanlik yoxud adovat zamirida;
m) bir guruh shaxslar tomonidan oldindandan til biriktirgan holda yoki uyushgan guruh yoxud jinoiy uyushma tomonidan;
n) ilgari ham qasddan jinoyat sodir etgan shaxsning takroran yoki qasddan yangi jinoyat sodir etishi;
o) mastlik holatida yoki giyohvandlik vositalari; psixotrop yoxud kishining akl-idrokiga ta`sir qiluvchi boshqa moddalar ta`siri ostida jinoyat sodir etish.
Yuqorida berilgan og`irlashtiruvchi holatlar ro`yxati qat`iy bo`lib boshqa holatlarni og`irlashtiruvchi holat deb hisoblanishi mumkin emas. Jazoni og`irlashtiruvchi holatlar mazmunini qisqacha yoritib o`tsak.
Aybdorga homiladorligi ilgaridan ayon bo`lgan ayolga nisbatan sodir etilgan jinoyat Jinoyat kodeksi 56-moddasidagi keltirilgan holatlar ro`yxatiga kiritilgan. Homilador ayolga tajovuz qilgan shaxs ayni vaqtda homilaning normal rivojlanishiga ham tajovuz qilgan bo`ladi. Homilador ayolga tashqi salbiy ta`sir bilan muvozanat holatidan chiqarish faqat ayolga emas, homilaga ham zarar yetkazadi. Bu esa tajovuzning ijtimoiy xavflilik darajasini ikki marotaba oshiradi, binobarin, aybdorning javobgarligini og`irlashtiradi.
Yosh bola, keksa, qariya yoki ojiz ahvoldagi shaxsga nisbatan sodir etilgan jinoyat uchun og`irlashtiruvchi holatlarda jazo tayinlash qo`llanilishi kerak.
Yosh bolalar deb, o`n turt yoshgacha bo`lgan bolalar va o`smirlarni hisobash lozim. Qariyalar deganda esa pensiya yoshiga yetganlar tushuniladi. Ojiz ahvoldagi shaxslar deganda yoshi kattaligi, kasalligi, jismoniy kamchiligi va boshqa omillar tufayli jinoyatchiga qarshilik ko`rsata olmaydigan kishilarni tushunish kerak.
Xizmat vazifasi yoki fuqarolik burchlarini bajarishlari munosabati bilan shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga nisbatan sodir etilgan jinoyat Jinoyat kodeksi 56-moddasi 1-qismining «v» bandida jazoni og`irlashtiruvchi holat sifatida nazarda tutilgan.
O`z xizmat burchini bajarish deganda, har qanday shaxsning o`z xizmat burchi doirasidagi vazifasini huquqqa muvofiq ravishda amalga oshirishi, jamoatchilik burchi deganda esa fuqaroning o`ziga yuklangan ijtimoiy burchlarini, shuningdek, uning jamiyat yoki ayrim shaxslar manfaatlari, ya`ni mazkur shaxsni huquqbuzarlikning oldindani olish, sodir etilgan yoki sodir etilayotgan jinoyatlar tug`risida xokimiyat idoralariga xabar berish kabi ijtimoiy burchni bajarishi tushuniladi.
Shaxsning yaqin qarindoshlari deganda ota-onalar, opa-singillar, er-xotinlar, bolalar, jumladan farzandlikka olinganlar, nabiralar, shuningdek, er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillarini tushunish lozim.
Jinoyat kodeksi 56-moddasi 1-qismining «g» bandida ko`rsatilgan jinoyatlar, ya`ni aybdorga moddiy tomondan, xizmat jihatidan yoki boshqa jihatdan qaram shaxsga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar ham jazoni og`irlashtiruvchi holat ekanligi nazarda tutilgan.
Basharti jabrlanuvchi xaqiqatan ham aybdorning qaramog`ida bo`lganda yoki uning ko`rsatadigan moddiy yordami jabrlanuvchi uchun birdan-bir tirikchilik manbai bo`lgan holatlarda moddiy qaramlik mavjuddir. Nikoh munosabatlari ham bunday bog`liqlikni vujudga keltiradi. Jabrlanuvchining moddiy qaramligi shaxsning majburiyatlari (masalan, ugay qizga to`lanadigan aliment) yoki er va xotin o`rtasida yuzaga kelgan murakkab munosabatlar (masalan, boshqa shahar yoki qishloqdan shaharga o`qish uchun kelgan qarindoshni uy-joy va oziqovqat bilan ta`minlash) bilan bog`liq bo`lishi mumkin.
Xizmat bo`yicha aybdorga qaramlik shaxsning xizmatga ko`ra bo`ysunishi bilan bog`liq bo`ladi, shuningdek, bevosita kelib chiqmaydigan, lekin uning mehnati yoki o`quvi ustidan nazorat qilish vazifalari bilan bog`liq bo`lishi mumkin (masalan, ilmiy rahbar va aspirant, trener va sportchi o`rtasida).
Boshqa turdagi qaramlik deganda, jabrlanuvchi aybdorning uy-joyida yashashini, o`quvchilarning yoki tarbiyalanuvchilarning vasiylar, tarbiyachilar va xokazolarga bog`liqligini tushunish kerak.
Bir guruh shaxslar tomonidan oldindandan til biriktirgan holda, uyushgan guruh yoki jinoiy uyushma tomonidan jinoyat sodir etish ham jazoni og`irlashtiruvchi holatdir. Birgalikda sodir etilgan jinoyat o`ta xavfli bo`lib, unda jinoyat sodir etishni, jinoyat izlari va jinoyatchining yashirish yengilroq amalga oshadi.
Ayniqsa, jinoiy faoliyat uyushganlik xususiyatiga ega bo`lganida uning ijtimoiy xavfliligi yanada ortadi. Bu o`rinda gap guruh xususida emas, uyushgan guruh tug`risida boradi. Uyushgan guruh faqat miqdoriy belgi bilan tavsiflanmaydi (ikki va undan ortiq shaxslarning mavjudligi), ayni vaqtda sifat belgilari bilan, ya`ni oldindandan kelishib olish, jinoyatni sodir etish rejasini to`zish, uni amalga oshirishga tayyorgarlik ko`rish, guruh ishtirokchilari o`rtasida mustahkam aloqa mavjudligi bilan ham izoxlanadi.
O`z navbatida, jinoiy uyushmaning xavfliligi ikki va undan ko`proq jinoiy guruhning jinoiy faoliyat bilan shug`ullanish uchun birlashishidan iboratdir. Bunday birlashish natijasida uyushgan tuzilmaning o`ta faolligiga erishiladi, bu esa ularni kuchaytiribgina kolmay, balki ta`sir doirasini kengaytiradi.
Og`ir oqibatlarga olib kelgan jinoyatni sodir etish jazoni og`irlashtiruvchi holat deb topiladi, zero oqibatning xaddan tashqari og`irligi tajovuz tarkibi doirasidan chetga chiqadi. Masalan, oilaning yagona boquvchining o`ldirilishi uning moddiy ahvolini o`ta qiyinlashtirib yuborishi va xokazolar.
Sud qonuniga muvofiq jinoyatning moxiyatiga ko`ra mastlikni jazoni og`irlashtiruvchi holat deb topmasligi mumkin, zero u mazkur masalani yechishda qilmish o`z tabiatiga ko`ra mastlik yoki aybdorning aqliy-irodaviy faoliyatiga ta`sir etadigan gixyovandlik vositalari, psixotrop yoki boshqa moddalar bilan bog`langanligini, shuningdek, shaxsning mazkur holatga tushish sharoitlarini batafsil o`rganishi va ularni inobatga olishi lozim.
Umumiy ofat sharoitidan foydalangan holda jinoyat sodir etish deganda, aksariyat kishilarning hayot yoki sog`lig`iga xavf tug`diradigan yoki davlat, jamoat yoxud xususiy mulkka yirik miqdorda zarar keltiruvchi ofatlar, masalan, yong`in, transport halokati, suv toshqini va boshqa holatlar tushuniladi. Ushbu vaziyatlarni og`irlashtiruvchi holat sifatida e`tirof etish uchun aybdor tomonidan shu vaziyatlardan ongli ravishda foydalanish maqsadi mavjud bo`lishi kerak.
Ko`pchilik uchun xavfli usulda jinoyat sodir etish deganda, bir shaxsga yoki muayyan mol-mulkka qarshi qaratilgan bo`lib boshqa kishilarga yoki mol-mulkka muayyan xavf tug`diradigan usullar tushuniladi. Masalan, suvni zaharlash, yong`in, portlatish, suv bostirish, odamlar gavjum joyda uq otish, bu holatlarda sodir etilgan qilmish nafaqat jabrlanuvchiga balki boshqa shaxslarga ham real xavf tug`diradi.
O`ta shafqatsizlik bilan jinoyat sodir etish bu jinoyatning subyektini ifodalovchi og`irlashtiruvchi holatlardan biri bo`lib bu jabrlanuvchiga nisbatan jinoiy harakatni amalga oshirishdan oldindan yoki amalga oshirish jarayonida unga nisbatan azoblash, qiynash yoki taxqirlash, xo`rlangan yoxud subyektning jabrlanuvchini juda azoblab, masalan, jabrlanuvchining badaniga ko`plab jaroxatlar yetkazish yoki juda og`riq beradigan zahardan foydalanish, tiriklayin kuydirish, uzoq vaqt ovqatsiz qoldirish va boshqa shunga o`xshash harakatlar sodir etishda namoyon bo`ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |