87
33. “SUYAK” TASHLASH
Taniqli inson huquqlari himoyachisi Olmoniya siyosatiga norozilik sifatida bu mamlakatning
O’zbekistonga kelgan hay’ati bilan uchrashishdan bosh tortdi. (Xabarlar oqimidan).
Karimovning chet elliklar haqida aytgan ajabtovur gaplari ko’p׃
“Bizga dumini ko’targanlar Rossiyaga dumini ko’targan bo’ladi”.
“Avval o’zingga boq, keyin do’mbira qoq!”
Bu gaplarni yaqinda eshitdingiz. Ammo 1990 yillarning boshida ham u xuddi mana shunday
ajabtovur gaplarni ko’p aytar edi. Shulardan biri׃
“Hammasi “suyak” tishlayman, deb keladi, ammo katta “suyak” tashlamang”.
Bu gapni u qo’l ostidagi mulozimlariga aytgandi. Hukumatning majlisida, chet ellardan keladigan
mehmonlar haqida gap borganda aytgandi.
U ana shu gapiga sodiq qoldigina emas, balki o’zi safarga borganda “suyak” olib borishni ham
epladi.
Katta bir mamlakatdan bir mehmon kelmoqda. Uning savollariga javob topib qo’yish uchun
muxolifatdan yoki inson huquqlari faollaridan birini qamoqdan chiqaradi. Ikki tomonlama suhbat
demokratiyaga kelib taqalganda ana shu “suyak” bilan mehmonning og’ziga uradi. Mehmon ham
mamnun, u ham.
Keyin Vashington kabi katta markazlarga borishidan oldin ham xuddi shunday ish tutadigan
bo’ldi. BMT yoki Avropa anjumanlarida O’zbekistondagi masala kun tartibiga kelib qolganda ham
shu usulni qo’lladi. Hamma yoqda nomi aylanib turgan bir kishini avf etib, shu bilan eshagini
loydan o’tkazib, ishini bitirib qaytaverdi. Yillar o’tishi bilan buni ham ziyod deb bildi.
Endi keladigan mehmonlarga muxolifatdan ikki-uch kishi bilan uchrashishga izn berish bilan
cheklandi.
Kimdir aytishi mumkin, uning nima ishi bor, mehmon istagan odami bilan uchrashadi, deb.
Assalomu alaykum! Agar u istamasa, muxolifatning bobosi bo’lsangiz ham uyingizdan chiqa
olmaysiz yoki chiqqan taqdirda ham o’g’irlab ketib, kechgacha sarson qilib, kechqurun uyingizga
tashlab ketishadi.
Bunday hollarni 15 yillik tarixda million karra ko’rdik, eshitdik. U kelgan mehmonga ishonsa va
mehmonning ko’nglida unga nisbatan qarshilik bo’lmaganini bilsa, uning muxolifat faollari bilan
uchrashuvidan ko’z yumadi.
Ba’zan esa, “Bor uchrashaver, qo’lingdan nima ham kelardi”, qabilida ish tutadi. AQShdan borgan
senator Makeyn va safdoshlariga xuddi ana shunday muomala qilgandi.
88
Esingizda bo’lsa, bundan 3-4 yil burun xorijiy radiolarning muxbirlari O’zbekistonda erkin
qushlarga aylanishdi.
Radiolarga hatto o’rta to’lqindan joy berildi. Muxbirlar qamoqlarga kirib siyosiy mahbuslar bilan
ham uchrashib, turkum eshittirishlar qildilar.
Siyosiy mahbuslar qiynoqlar, azoblar haqida ochiq, baralla gapirdilar. Qamoqda turib, qamoq
rahbariyatining po’stagini qoqdilar. O’shanda men juda ajablangan edim.
Oradan yillar o’tib, Prezident devonida ishlagan bir tanishim Moskvaga borganda menga telefon
qilib qoldi. Gap orasi o’sha turkum suhbatlar haqida so’radim. Uning javobi quyidagicha
bo’lgandi:
-O’shanda Karimov Murod Muhammad Do’st va Xayriddin Sultonovlarni chaqirib, mahbuslarni
birorta radioga chiqarlaring, istagan gapini aytaversin, keyin matnini tarjima qilib, olib kellaring,
degan ekan. Tarjima qilganlar ba’zi joylarini o’girishga qo’rqib qolishgandi, hatto. Ammo ipidan-
ignasiga qadar tarjima qil, deyishgani uchun qo’llari qaltirab, o’girib berishgandi. Keyin bilsam,
Karimov bu matnlarni G’arbga olib ketgan. U erda “g’ing” degan odamga, sizlar o’zbek tilini
bilmaysizlar, mana mahbuslar bizda qanchalik erkin, deb haligi matnlar va kassetalarni hadya
qilgan ekan.
Darhaqiqat, BMTda qiynoqlar masalasi muhokamasida ham shu kassetalar ish bergandi. Inson
huquqlari markazining direktori Akmal Saidov bu suhbatlarni tarqatib, bizda muammolar bor,
sovet davridan me’ros, shuning uchun odamlarni tarbiyalashimiz kerak, bunda mahbuslarning
tanqidlari bizga oltin kabi ish bermoqda, degan edi.
-Nahotki xorijiy radiolar shunday o’yinga rozi bo’lgan?-deb so’radim tanishimdan.
-Ular o’yin haqida, Karimov kimlargadir “suyak” tashlash niyatida bo’lgani borasida bilmaganlar
ham. Jurnalistga nima kerak? Dolzarb mavzu. Ular qamoqlarga borishga izn berilganidan xursand
bo’lishgan va vazifalarini bajarishgan. Axir Mamadali Mahmudov, Zayniddin Asqarov,
Muhammad Bekjon kabi siyosiy mahbuslardan qamoqxonaga borib, intervyu olishga har qanday
jurnalist rozi bo’ladi-da. Bu unga shuhrat keltiradi…
Ma’lumki, Olmoniya umum siyosatda AQShga raqib bo’lgan davlatlar sirasiga kiradi. Garchi
yuzada bilinmasada, zimdan buni hamma biladi. Jumladan, Karimov ham.
Qolaversa, Andijon voqealaridan keyin Avropa Ittifoqining viza bermaslik qarori bo’lishiga,
demokratik dunyo oyoqqa qalqqaniga qaramay Olmoniya qonli voqealarning kaltakboshisi Zokir
Almatovga eshiklarini ochgandi.
Keyin uni imi-jimida yana Toshkentga kuzatib qo’ydi.
Shunday ekan, bu o’lkadan keladigan odamlarning Karimovga tahlikasi yo’q. Kerak bo’lsa,
hamma narsani ko’rsatadi ham.
89
Shunday paytda o’zbekning bir muxolifatchisi chiqib, “Men sizning siyosatingizga qarshi isyon
qilaman va siz bilan ucharshishni rad etaman” deyishi bu momoqaldiroq gulduragi kabi
ko’plarning diliga larza soldi, lekin Olmoniyaga burga chaqqanchalik ham ta’sir qilmadi. Chunki
Olmoniyaga inson huquqlari, adolat emas, o’z maqsadini yashirish uchun “suyak” kerak.
Faqat Olmoniyagami?
Do'stlaringiz bilan baham: |