1945-yil 6-martda Ruminiyada Xalq-demokratik fronti hukumati tuzildi. Taniqli siyosiy arbob Petru Groza bosh vazir bo’ldi. Bu mamlakatdagi birinchi demokratik hukumat edi. Dehqonlar yerga ega bo’ldi.
Biroq uning siyosati hokimiyatdan ajralishni istamagan sobiq rahbarlar qarshiligiga uchradi. Ular qirollik hokimiyati va qirol Mixay atrofiga jipslashdi va demokratik islohotlarni amalga oshirishga to’siq bo’ldi.
1946-yil noyabrda rumin parlamentiga umumiy va yashirin saylov huquqi asosida ilk saylovlar bo’ldi. Mamlakat demokratik kuchlari Demokratik partiyalar blokiga (DPB) birlashdi va 80 foiz ovoz olib g’alaba qozondi. Hukumatni yana Petru Groza boshqardi. Bu Ruminiyada yangi demokratiyaning g’alabasi edi, uni xalqchil desa bo’lardi, chunki rumin xalqining ko’pchiligining irodasi unda o’z ifodasini topgan edi. Hukmron sinflar mulkchiligi, banklar natsionalizatsiya qilindi, pul- islohoti amalga oshirildi, monopol birlashmalar - kartel va trestlar tugatildi. Islohotlar mamlakat ahvolini ancha yaxshiladi. 1947-yil 30 dekabrda Ruminiyaning so’nggi qiroli Mixay o’zinimg toj-taxtdan voz kechganini bildirdi. Ruminiya XalqRespublikasi deb e’lon qilindi. Kommunistik partiya yakka hokimlik o’rnatdi. 1948-yilning fevralida kommunistik va sotsialdemokratik partiya George Georgiu Dej rahbarligida Ruminiya ishchi partiyasiga (RIP) birlashdi. Petru Groza 1952-yilgacha bosh vazir o’rnida qoldi, so’ngra iste’foga chiqdi. 1948-yilning aprelida Ruminiya yangi konstitutsiyasi qabul qilindi. Oliy Milliy majlis qonunchilik hokimiyatilling oliy organi bo’ldi. Mamlakatda butun sanoat natsionalizatsiya qilindi, 1951-1955-yillar respublika iqtisodiyotini rivojlantirish uchun birinchi besh yillik reja tasdiqlandi. Bu yillarda 100 ta yirik korxona qurildi, 200 tasi kengaytirildi va qayta qurildi. Mamlakatni keng miqyosda elektrlashtirish boshlandi. Biroq sanoatni barpo etishdagi muvaffaqiyatlar rumin xalqi ahvoliga kam ta’sir ko’rsatdi. Davlat mulkchiligi monopoliyasi iste’mol mollari ishlab chiqarilishi rivojlanishini to’xtatib qo’ydi. 1954-yilgacha mamlakatda oziq-ovqatlarga kartochka tizimi saqlanib kelindi. 1952-yilgi pul islohoti zarur natijalarni bermadi, chunki erkin bozorning yo’qligi pulni uning haqiqiy vazifasidan mahrum etdi. Totalitar iqtisodiyot ochiq-oydin orqada qola boshladi va RIP totalitar siyosiy tizimni shakllantirishga qaror qildi. 1952-yil sentyabrda qabul qilingan yangi konstitutsiya RIPni mamlakat siyosiy hayotida "rahbar kuch" deb e’lon qildi. Georgiu-Dej shu yili Vazirlar Kengashi raisi bo’ldi. Mamlakat davlat tuzilmasida mavqeini mustahkamlagan G.Georgiu-Dej partiyada o’zining yakkahokimligini qaror toptirdi. Bu maqomga erishgach, u sotsializm qurilishida "milliy tafovutlar" tarafdori bo’lib chiqdi va N. Xrushevning Stalin shaxsiga sig’inishni fosh etish bo’yicha faoliyatini qo’llab-quvvatladi. 1958-yilda u Ruminiyadan sovet qo’shinlarining olib chiqilishiga erishdi. To’liq erkinlikka erishgach, Ruminiya suverenitetini qaror toptirish bo’yicha mustaqil ishlarga kirishildi. O’IYKrejalariga qarama-qarshi o’laroq, u Ruminiyani industrlashtirish rejasini ishlab chiqdi, bu sovet rahbariyati noroziligiga sabab bo’ldi. 1955-yilning dekabrida RIP mamlakat oldiga sotsialistik iqtisodiyotni barpo etish vazifasini qo’ydi. Og’ir sanoatni rivojlantirish ustuvor yo’nalish bo’ldi. Ikkinchi besh yillikda tarmoqqa barcha kapital mablag’larning 3/4 qismi yo’naltirildi. Qora va rangli metallar, og’ir mashinasozlik qayta qurildi.