1989-yil dekabrning o’rtalarida Timishoar shahrida (Transilvaniya) "Chaushesku yo’qolsin!" shiori ostida ommaviy tartibsizliklar boshlandi. Chaushesku qo’shin yubordi, bu qo’shin politsiya va xavfsizlik organlari bilan birga namoyishchilarni tarqatdi. Norozilik to’lqini Buxarestga yetib bordi. 1989-yil 22-dekabrda Buxarestning markaziy maydoni milliy bayroq ko’targan minglab kishilarga to’ldi. Namoyishchilar RKP MK binosini egallashdi. 25-dekabrda N.Chaushesku va uning xotini Yelena mamlakatdan qochish chog’ida qamoqqa olindi va sud qarori bilan otib tashlandi. Chausheskuning "oltin davri" va Ruminiyadagi antikommunistik inqilob shu bilan tugadi. Hokimiyat Ion lliyesku (1930-yilda tug’ilgan) boshchiligidagi milliy qutqaruv frontiga (MQF) o’tdi. Iliyesku RKP rahbariyatining sobiq a’zosi bo’lib, Chaushesku siyosatidan noroziligi tufayli ishdan chetlatilgan edi. Mamlakatda g’ayritabiiy inqilob yuz berdi: hammaning g’azabiga uchragan mustabid yo’q qilindiyu, uni yuzaga keltirgan tashkilot saqlanib qoldi. 1990-yilgi parlament saylovlarida MQF quyi palata va senatda mutlaq ko’pchilik o’rin oldi. Ruminiya prezidenti etib I. Iliyesku saylandi. Shu yil 13-iyunda namoyishchilar va politsiya o’rtasida to’qnashuv ro’y berdi. Bir qator hukumat binolari yoqib yuborildi. Hukumat tartibsizliklarni bostirish uchun viloyatdan 10 ming shaxtyorni chaqirdi, ular o’ta shafqatsizlik bilan harakat qilib, Chaushesku diktaturasi ag’darilgandan so’ng tiklangan milliy-liberal va milliysaranistik partiyalar shtab-kvartiralari tor-mor etildi. Biroq aholining turmush darajasi pasaya bordi. Hukumatni qo’llab-quvvatlagan shaxtyorlar 1991-yil sentyabrda yana Buxarestga kelishdi. Ularning hukumat bilan muzokarasi muvaffaqiyatsizlikka uchragach, shaxtyorlar hukumat rezidensiyasi va telemarkazga hujum etishdi. Xavfsizlik kuchlari ularning ishg’ol etilishiga yo’l qo’ymadi, biroq hukumat iste’foga chiqishga majbur bo’ldi. 1991-1992-yillarda islohotlar boshlandi. Ularga ko’ra, davlat korxonalari hissadorlik korxonalariga aylantirildi. 1945-yildan so’ng musodara qilingan uy, kvartira, yerlar (10 gadan oshmagan) ilgarigi egalariga qaytarildi yoki pul badali to’landi. Bu jarayonga narx oshishi, ishsizlik, ijtimoiy tanglik qo’shildi. Muxolifat demokratik konvensiyaga jipslashdi. Biroq so’l kuchlar ham bekor turmadi. 1991-yil 8-dekabrda Ruminiyada yangi Konstitutsiya qabul qilindi. Mamlakatda ko’p partiyali tizim tasdiqlandi. 1996-yilda davlat tasarrufida bo’lgan barcha korxonalar xususiylashtirildi. O’sha yilning noyabrida o’tkazilgan saylovlarda kommunistlar o’zlarining barcha lavozimlaridan mahrum bo’lishdi. Biroq 2000-yilgi saylovlarda I. Iliyesku yana prezident qilib saylandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |