019-54s GURUH TALABASI
SUYUNOV XASANNING
Jahon sivilizatsiyalar tarixi fanidan
MAVZU: SIVILIZATSIYA TUSHUNCHASI – TARIXIY JARAYONNING TAHLIL QILISHINING YANGICHA USULI.
BAJARDI: X. SUYONOV ______________
QABUL QILDI: _____________ ______________
MAVZU: SIVILIZATSIYA TUSHUNCHASI – TARIXIY JARAYONNING TAHLIL QILISHINING YANGICHA USULI.
REJA:
1. Mesopotamiya sivilizatsiyasining shakllanishi va taraqqiyoti
2. Qadimgi Mesopotomiya madaniyati.
3. Misr sivilizatsiyasining asoslari.
4. Misr sivilizatsiyasining taraqqiyot bosqichlari.
5. Qadimgi Misr madaniyati va uning jahon sivilizatsiyaisda tutgan o‘rni.
6. Adabiyotlar.
M.a. IV ming yilliklarda janubiy Mesopotamiyada shumer manzilgohlari paydo bo‘lgan. Bora-bora ular butun Mesopotamiyani egallashgan.
Mesopotamiyaning shimoliy qismida m.a. III ming yillikning birinchi yarmidan semitlar istiqomat qilgan. Ular qadimgi Old Osiyo va Suriya dashtlarining chorvador qabilalari bo‘lishgan. Mesopotamiyaga kelib o‘rnashgan semit xalqlarining tili akkad tili deb atalgan. Bir necha asrlar davomida semitlar shumerlar bilan yonma-yon yashashgan, so‘ngra ular janubga siljib, III ming yillik oxirida butun janubiy Mesopotamiyani egallashgan.
M.a. III ming yillik oxirida Mesopotamiyaga Suriya dashtlaridan g‘arbiy semit chorvador qabilalari kirib kela boshlagan. Ularni bobilliklar amoriylar deb atashgan. M.a. III ming yillikdan boshlab shimoliy Mesopotamiyada kutiy yoki gutiy qabilalari istiqomat qilishgan. Qadimgi davrlardan bu yerda xurrit qabilalari ham yashagan. Shimoliy Mesopotamiyada xurritlar o‘zlarining Mitanni davlatini barpo etishgan.
M.a. II ming yillikning ikkinchi yarmida Shimoliy Arabistondan Suriya dashtlariga, Shimoliy Suriya va Mesopotamiyaga oromiy qabilalarining kuchli to‘lqini kirib keldi.
M.a. III ming yillikning birinchi yarmida Mesopotamiya janubida qator shahar-davlatlar Eredu, Ur, Larsa, Uruk va Kish kabilar paydo bo‘ladi. Hunarmandchilik yuqori darajada rivojlandi. Metallurgiya sanoati birinchi o‘ringa chiqib oladi. Savdo hunarmandchilikdan ajralib chiqadi. Yerni sotish va sotib olish boshlandi. Qulchilik munosabatlari rivojlanadi.
Shumer jamiyatida qullardan tashqari o‘z yeri bo‘lmagan yoki yeridan ajralgan, boshqa jamoalardan kelganlar, kambag‘al oilaning kichik a’zosi ibodatxonaga bag‘ishlangan qaram kishilar ko‘p bo‘lgan. Bu qaram kishilar ibodatxona va xususiy xo‘jaliklarda qullar qatorida mehnat qilganlar. Ilk sulola davrida Shumer jamiyatining hukmron qatlamini quldorlar tashkil qilgan. Bu qatlamga urug‘ zodagonlari, oliy kohinlar, ma’muriyat vakillari bo‘lgan amaldorlar kirgan. Mayda ishlab chiqaruvchilar qatlamini kichik yer uchastkasiga ega bo‘lgan hududiy va katta oilalarga birlashgan oddiy jamoachilar tashkil qilgan. Shumer jamiyatida yer egaligi ikki qismdan -jamoa va ibodatxona yerlaridan iborat bo‘lgan. Ilk sulola davrida m.a. XXVIII-XXVII asrlarda shahar-davlat tepasida «En» (janob)-oliy kohin turgan, ehtimol u saylab qo‘yilgan. «En» ning vazifasi kohinlik, ibodatxona ma’muriyatini boshqarish, ibodatxona, shahar qurilishi-sug‘orish inshootlarini barpo qilish, boshqa jamoa mulki hamda uning iqtisodiyotini boshqarish bo‘lgan. M.a. III ming yillik o‘rtalarida “En” unvoni o‘rniga “Ensi” (“kohin-quruvchi” shahar boshqaruvchisi) va “Lugal”-(“katta odam”, “podsho”, akkadcha “sharru”) paydo bo‘ladi.
M.a. III ming yillik boshlaridan shumerlar jezni o‘zlashtira boshladilar. Shu davrdan arxeologlar ilk sulola davrini (m.a. 3000-2300-yillar atrofi) belgilaydilar. Shumer an’anasi esa mamlakat tarixini “to‘fon”gacha va “ to‘fondan” keyingi davrga bo‘ladi.
Shumer tarixini u yoki bu markazning siyosiy yetakchiligiga qarab m.a. III ming yillikning birinchi yarmida ilk sulola davrini tashkil qilgan uch bosqichga bo‘lish qabul qilingan. Dastlab Kish, so‘ngra Uruk va uchinchi bosqichda Ur yetakchilik qilgan.
Vaqt o‘tishi bilan ziddiyatlar kuchayib, Ur zaiflashib qo‘shni Lagash shahri kuchayib ketadi. Lagash deyarli barcha Shumer shaharlarini bo‘ysundiradi, Elam ustidan g‘alaba qiladi. Ammo ichki ziddiyatlar Lagashni zaiflashtiradi. Lagashning ichki qiyinchiliklaridan foydalangan Umma shahri podshosi Lugalzagissi m.a. XXIV asr oxirida Lagashni bosib olib, butun Shumerda chorak asr yetakchilik mavqeiga ega bo‘ladi.
O‘zini Sharrum-ken (“haqiqiy podsho”) deb atagan Sargon (m.a. 2316-2361 yy) Shumer shimolidagi Akkad davlatiga asos soldi va butun Shumerni istilo qildi. Sargon butun Mesopotamiyani Akkad davlati qo‘l ostiga birlashtiradi. Bundan tashqari u Kichik Osiyo, Kipr, Suriya, Elam va hatto uzoq Janubiy Erongacha harbiy yurishlar qiladi.
Sargon davlati oldingi Mesopotamiya davlatlaridan farq qilgan holda markazlashgan davlat edi. Sargon va uning vorislari davrida mamlakatda iqtisodiyot, pul-tovar munosabatlari, sun’iy sug‘orishga asoslangan dehqonchilik yuksaladi.
Akkad podsholigining qudratiga Mesopotamiyaga Zagros tog‘laridan bostirib kirgan tog‘li qabilalardan bo‘lgan kutiylar chek qo‘yganlar. Lagash hokimlari kutiylar yordamiga tayanib boshqa shaharlar ustidan ma’lum darajada hukmronlik qildilar. Kutiylar Mesopotamiyada yuz yilga yaqin hukmronlik qilganlar. M.a. 2109-yil kutiylar Ur podshosi Utuxengal tomonidan tor-mor qilinadi va III Ur sulolasi hukmronligi boshlanadi. Shumer-akkad podsholigining davlat boshqaruvi III sulola davrida qadimgi Sharq podsho hokimiyatining tugallangan shakli edi.
Iqtisodiy tushkunlik, amoriy ko‘chmanchi qabilalarining hujumi, Ur sulolasining yemirilishi siyosiy tarqoqlikka olib keldi. Amoriy va Akkad davlatlari bir-birlari bilan shafqatsiz urushlar olib bordilar. M.a.. 1800-yillar atrofida Mesopotamiya janubini Larsa podsholigi, markazni Bobil shahri va Eshnunna, Yuqori Mesopotamiyani va Mari podsholigini M.a.. XIX asrd oxirida amoriy hukmdor Shamshi-Add (1824-1870-yillar atrofida) davlati egallab olgan edi.
Bu davlatlar o‘rtasida uzoqqa cho‘zilgan urushlar bo‘lib o‘tdi. Bu kurashlar davomida sekin-asta Bobil shahri yuksala boshlaydi. Bu shaharda I-Bobil yoki amoriylar sulolasi hukmronlik qilib uning boshqaruvi tarixda qadimgi Bobil (m.a. 1894-1595 yillar) davri deb nom oldi.
Bobilning gullab-yashnashi I-Bobil sulolasining oltinchi podshosi Xammurapi (yer.avv. 1792-1750 yillar) davriga to‘g‘ri keladi. Xammurapining hukmronligi davomida Bobil kichik shahardan butun Mesopotamiyani birlashtirgan yangi qudratli davlatning poytaxti, Old Osiyoning yirik siyosiy–iqtisodiy va madaniy markaziga aylanadi.
M.a. 1742-yilda Mesopotamiyaga shimoli-sharqdan bu yerda avval noma’lum bo‘lgan “kass” etnomidagi hind-yevropa qabilalari bostirib kiradilar. Elam janubda shumer shaharlariga bostirib kiradi.
M.a. 1595 - yildan Bobilda kassit sulolasining hukmronligi boshlanib, 1055 - yilgacha davom etadi. Bu davr «O‘rta Bobil davri» deb ataladi. Kassitlar Bobilni yuksak madaniyatini qabul qiladilar. Kassit sulolasi keng qamrovli tashqi siyosat olib bordi.
M.a. XII asrda Elam kassitlar sulolasi hukmronligini tugatadi. Navuxodonosor I (m.a. 1124-1108-yillar) II Issin sulolasi davrida elamliklar Bobildan haydab yuboriladi.
Bobilning keyingi tarixida Dajla, Frot daryolari, Fors qo‘ltig‘i qirg‘og‘i va janubiy Mesopotamiyaning shaharlari oralig‘ida joylashgan xaldey qabilalari muhim o‘rinni egalladilar. Ular yarim ko‘chmanchi chorvador va dehqonlar edilar. Xaldeylar M.a.. IX asrda Bobilni janubiy qismini bosib oladilar va Bobil madaniyatini qabul qiladilar.
M.a. 729-yilda Bobilni Osuriya bosib oladi. Osuriyaliklar Bobilda m.a. VII asrgacha hukmronlik qiladilar. Yangi Bobil podsholigini paydo bo‘lishi eramizdan avvalgi 629-yilga to‘g‘ri keladi. Lashkarboshi Nabopalasar Bobilda yangi xaldey sulolasiga asos soldi. Navuxudonosor II ning hukmronlik yillari Bobilning gullab-yashnagan davri bo‘ldi. Navuxodonosor II vafotidan so‘ng Bobil zaiflashadi. M.a. 539 - yilda Bobilni Eron podshosi Kayxusrav II bosib oldi. Bobil m.a. 331- yilgacha Ahamoniylar davlati tarkibiga kiradi, keyin esa Makedoniyalik Iskandar davlatiga, uning yemirilishidan so‘ng Salavkiylar davlati tarkibiga kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |