TO’SIQSIZ ERGASH GAPLI QO’SHMA GAP
reja:
1. To’siqsiz ergash gapning ta'rifi.
2. To’siqsiz ergash gapni bosh gapga biriktiruvchi vositalar va
komponentlarning o’rinlashish tartibi.
3. To’siqsiz ergash gapli qo’shma gapga doir tahlil namunasi.
To’siqsiz ergash gapli qo’shma gaplarda ergash gapning mazmuni bosh gapning mazmuniga zid bo’ladi; shu zidlikka – tusiqqa qaramay, bosh gapdagi voqea-hodisa yuzaga keladi – bajariladi. Bosh gapdagi voqelikning yuzaga kelishiga monelik qilmaydigan ana shunday ergash gaplar to’siqsiz ergash gap deyiladi: Atrof fashistlar bilan o’rab olingan bo’lsa ham, partizanlarimiz radistlar manziliga yetib bordi (A.R.) gapida ergash gapning mazmuni nuqtai nazaridan qaralganda, bosh gapning mazmuni orqali anglashilgan voqelik bajarilmasligi kerak. Biroq shunga qaramay, u yuzaga kelgan – bajarilgan.
To’siqsiz ergash gap mazmun va tuzilishi jihatidan shart ergash gapga yaqin. Shart ergash gapli qo’shma gaplarda ergash gap shartni, bosh gap uning natijasini bildiradi. To’siqsiz ergash gapli qo’shma gaplarda esa bosh gap ergash gapdagi shartga asoslangan natijani emas, shartsiz natijani, bosh gap natijasiga qarama-qarshi sababni bildiradi. Shart ergash gapli qo’shma gaplarda ergash gapdagi voqea ("A") bosh gapdagi voqea ("B")ni keltirib chiqaradi; to’siqsiz ergash gapli qo’shma gaplarda esa ergash gapdagi "A" siz ham "B" kelib chiqaveradi. Qiyoslaylik: Boshqalar o’zini har qalay tutib olgan bo’lsa ham, Onaxon hamon tinchiy olmas edi. (Asq.M.) – to’siqsiz ergash gapli qo’shma; Rahbariyat jonli, mustahkam bo’lsa, sog’ kishiga Suqrotning nima keragi bor. (A.Q.) – sabab ergash gapli qo’shma gap.
To’siqsiz ergash gaplar bosh gapga quyidagi vositalar bilan birikadi:
1. -sa ham (-yam): Gulning to’ni ming yamoq bo’lsa ham, u – gul (O.). Qornimiz och bo’lsayam, ko’zimiz to’q bo’lsin (O.). Do’st bilan obod uying, Gar bo’lsa u vayrona ham (E.V.).
2. -sa hamki: Bu ish andak mehnat talab qilsa hamki, foydasi yo’q ("K.D".). Bo’lsang hamki qari, bo’lsang ham chol, qo’lingga qurol ol! (H.O.).
3. -sa: O’zi ko’rmasa, bolalari ko’rar yorug’likni,– dedi kampir osoyishta tovush bilan (O). Oltin qafas ichra gar qizil gul bitsa, Bulbulga tikandek oshiyon bo’lmas emish (N.).
4. -sa-da: Tulki tilmochning asli ismi Bozorboy bo’lsa-da, bu ismni ko’plar bilmas edi. (O.) Kiyinish har bir kishining shaxsiy ishi bo’lib ko’rinsa-da, u kishi o’z didini boshqalarga yuqtirayotganligini unutil-masligi kerak. ("S.")
5. -gan+da ham (-yam): Buloq qaziyotgan barcha xasharchilar charchab uyquga ketganda ham, Olimjon bezovtalanib aylanib yurar edi (Sh.R).
6. -gan chog’da (paytda, vaqtda, taqdirda) ham: O’q yog’ilib turgan paytda ham, ona yodga olinadi ("S."). To’ldirgan chog’da ham jahonni nurga, Quyosh qucha olmas seni daf'atan. (H.O.) U unutgan taqdirda ham, men uni unutmayman ("S.").
Yuqoridagi misollardan anglashiladiki, to’siqsiz ergash gaplar mazmun jihatidan quyidagi ikki guruhga ajraladi:
a) to’siqsiz shart ergash gapli qo’shma gaplar. Bunda ergash gap bosh gapdagi mazmunga zid qo’yilgan shartni anglatadi: Suv to’xtasa ham, parrak aylanib turardi. (Asq.M.)
b) to’siqsiz payt ergash gapli qo’shma gaplar. Bunda ergash gap bosh gapning mazmuniga zid bo’lgan paytni anglatadi: Asalari uzoq-uzoqlarga uchganda ham, u o’z uyasini tark etmaydi. ("F.T.")
7. -gan (i) bilan: Toshga yomg’ir qor qilurmi, muttasil yoqqan bilan, Davlatingiz kam bo’lurmi, bir qiyo boqqan bilan (Q.) Umrzoq ota nasihat qilgani bilan, Oyqiz bunga ko’nmas edi. ("F.T.")
8. -ga qara+may//(-mas+dan): Martabasi ulug’ bo’lishiga qara-masdan, eng yaqin do’stday g’amxo’rlik qilgan (A.Q.). Shamol qattiq bo’lganiga qaramay, yo’lovchilar manzilga yetib olishdi.
9. -b (-ib): Reja bajarilib, biz ishni to’xtatib qo’ymadik. Yanvar oyi kirib ham havoda birorta bulut ko’rinmaydi. Shifokor bo’la turib, bu kasallikning havfli ekanligiga aqli yetmabdi-da,– dedi Mirsalim ("Mushtum").
10. -gan (i) holda: Oftob toblanib turgan holda, yomg’ir yog’moqda edi. Poyezdga biletim bor bo’lgani holda, atayin jo’namadim. (so’zla-shuvdan)
11. -di hamki: Oradan ykki oy o’tdi hamki, inspektor ishdan chiqmadi (A.Q.). "Bulbuli go’yo" ancha kutdi hamki, Saidiy javob bermadi (A.Q.). Kutilgan soatlar o’tdi hamki, mehmonlardan darak bo’lmadi (“Mushtum”).
12. -dan qat'i nazar: Reja bajarilganligidai qat'iy nazar, paxta oxirgi chigitgacha terib olinishi kerak (gazeta).
13. Buyruq maylidagi fe'lning inkor shakllari -masin, -mang, -maylik kabilar bilan: Hukumatimiz naqadar badavlat va qudratli bo’l-masin, siz bilan biz, ayniqsa, biz cho’l o’zlashtiruvchilar isrofgarchi-likka yo’l qo’ya olmaymiz. (Asq.M.) Sendan ajralib qayerga ketmaylik va qanday nozu ne'mat ichida yashamaylik, bizga tatimaydi ("K.D".).
14. To’siqsiz ergash gap kesimi tasdiq va inkor shaklda takrorlanib, juftlashib, bosh gapga bog’lanadi: Derazadan boqmangiz, boshim ya-lang, Boqsangiz-boqmasangiz, qoshim qalam. (O.) Sensan sevarim, xoh inon, xoh inonma, qondir jigarim, xoh inon, xoh inonma (Lutfiy).
15. -mi. Bunda -mi bilan shakllangan kesimlar uyushgan shaklda bo’ladi: Bu gap hazil ekanmi, rost ekanmi, uch-turt oy o’tib, bobomning uyida manqillab, gapiradigan bir kampir paydo bo’ldi (E.A.). Saida telefonga javob beradimi, kelgan-ketgan odamlar bilan muomala qiladimi, qo’lida qog’oz, kapalakday uchib, hali u eshikka, hali bu eshikka kirib chiqadimi – boshidan xayol arimay qo’ydi. (A.Q.)
To’siqsiz ergash gapli qo’shma gaplarning ergash komponenti tarkibida ba'zan harakat miqdorini kuchaytirish, qabartirib, bo’rttirib ko’rsatish uchun qancha, qanchalik, nechog’lik, naqadar so’zlari qo’llaniladi: Qancha tirishsam ham, u beor yellar meni aldab ketadi. (H.O.) Bu gaplar naqadar shirin, naqadar yoqimli bo’lmasin, Qalan-darov bularga har nechuk ko’tarilgan bolta deb qaradi. (A.Q.)
To’siqsiz ergash gap, ko’pincha, bosh gapdan oldin, uslubiy talab bilan, bosh gapdan keyin yoki uning o’rtasida kelishi ham mumkin: Ocherkda "Buston" deb sarlavha qo’yilgan bo’lsa ham, gap faqat Arslonbek Qalandarov haqida borardi. (A.Q.) Dunyo go’zal ko’rinar menga, o’zi qancha eski bo’lsa ham. (H.O.) Tohirjon Nosirov... yoshi ellikdan oshib ketganiga qaramay, idora binosi zinasidan chopqillab chiqib kelayotgan edi. (A.Q.)
Tahlil namunasi:
O’tgan bo’lsa hamki qancha shonli zamonlar,
Bizning davrimizdek davron bo’lmagan (Q.)
1) ikkita sodda gapdan tuzilgan,
2) birinchi komponent to’siqsiz ergash gap, ikkinchi komponent bosh gap,
3) ergash gap bosh gapga -sa hamki shakli bilan birikkan; bog’lovchi ergash gap tarkibida, ergash gap birinchi, bosh gap ikkinchi o’rinda kelgan,
4) chizmasi: -sa hamki,
Do'stlaringiz bilan baham: |