Osima –
Yolg‘izim, sen unday dema,
Dasturxon chetida qoldirgin mehr
Shoir sherni Osimaga murojaat bilan boshlaydi, va uning ko’ngliga yo’l topishga intilib, ,,yolg’izim” deya erkalaydi. Osima nimadandir alamzada–yu, shoir uni yupatishga, sabr qilishga chorlaydi. Shu o’rinda ijodkor o’z menini saqlab qoladi. ,,Dasturxon chetida qoldirgin mehr” deya, ayol haddini bosib qo’yadi. Lekin dastlabki bandlarda asl muammo nimada ekanligi sirligicha qoladi.
Mana bu misrada esa Osimaning shoir hayotidagi o‘rni ayonlashadi:
Tal’ating –
Ko‘rligim yoritsin ayon,
Ishqni soyabonday tutay qo‘limga,
Senga dil arzini qilayin bayon:
Bebaho so‘z qo‘yay soqov tilimga…
Bu bandda “ishqni soyabonday tutay qo‘limga” degan fikr yaqqol ko’zga tashlanadi. Xuddiki hamma jumboq menda degandek o’ziga tortaveradi. Bundan chiqadiki, demak, shoir ishqni har narsadan ustun qo’yadi, va soqov tiliga tuhfa qilgan so’ng so’zi ham ishq bo’lsa ajab emas. Aynan ana shu narsa Osimaga yoqmaydi. U o’z shoiri uchun yo’l bo’lishni istaydi, ammo har gal shoir sarkashlik qiladi, chunki, uning soyaboni bor va u hech narsadan qo’rqmaydi. Lekin she’rning shoh satrlari keyingi bandda keladi. Biz shuning uchun unga batafsilroq to‘xtalamiz:
Boshqaman,
Mutlaqo chekmayman afsus.
Yurakni otaman chinni laganga,
Yana bir sevaman.
Alalxusus –
Ismimni aytaman qamashganlarga…
“Boshqaman” degan so‘z juda o‘tkir e’tirof kabi eshitiladi. Bu o‘z yo‘limdan yuraman, o‘z so‘zimni aytaman, Haqiqatan ham Abduvali Qutbiddin she’riyati boshqachalikda tanho. Uning she’riy yutuqlari boshqacha bo‘lganidek, mavhumliklari ham o‘ziga xos. “Boshqachaman” deganiga to‘la ishonamiz, buni yuragini chinni laganga otishidan ham ko’rish mumkin. U yuragini yashirmoqchi emas, aksincha ko’z-ko’z qilmoqchi. So’zimiz dalili sifatida shoir o’z so’zidan, ahdidan qaytmasligini eslatib o’tishni unutmaydi, ,,Yana bir sevaman’’ deb baralla aytadi.
Ochig’ini aytganda, Abduvalining Qutbiddin she’rlarini tushunish va ulardan zavqlanish uchun uning holatiga kirishga to‘g‘ri keladi. Shoir Aziz Said bergan intervyusida Abduvali Qutbiddinni shunday xotirlaydi; ,,Abduvali Qutbiddin adabiyotimizga xudoning bir tuhfasi. Uning ijodi hali ham deyarli o’rganilmadi. Balki, bugungi fikrlash darajamiz, bugungi o’lchovlarimiz va o’zimiz o’rganib qolgan mushohada qoliplarimiz Abduvali Qutbiddin she’rlariga yetib kelmagandir. Uning ijodi o’zbek she’riyatida juda kata yangilik bo’lgani, bu maydonda katta bir hodisa ro’y berib, hali bu hodisa anglanmay turganini hech kim bilmaydi. Sababi uning ijodi shunchaki obrazlar yoki she’riy san’atlarni o’rganish orqali yuzaga chiqadigan narsalar emas”.
Do'stlaringiz bilan baham: |