II. 2. Lirik kechinmani ifodalashda shoir mahorati
Adabiyotning qismati ijodkorning qalami qudratiga, salohiyatiga, ong-u shuur darajasiga, qalbi kengligi va albatta, vijdoniga bog’liq. Insonning qalbi haqidagi har qanday kitob o‘qilishga muhtojdir. Shubhasiz, u inson haqidagi bilimdir. Bu bilimdan bebahra yashash inson o‘z ismini bilmay yashash bilan barobardir, deb bejiz aytmaydilar. Shoirlik qismat ekanligini erta anglab ulgurgan Abduvali Qutbiddin uchun she’r umrining, tiriklikning ma’no-mazmuniga aylangan edi. 80-yillardan she’riyat ahliga tanish bu shoirning she’rlari boshdanoq shaxsiy dardlar ifodasidan ancha baland bo’lgan. Uning dard-u armonlari, iztiroblari xalqning dardi, millatning dardi bilan, jamiyatning muammolari bilan chambarchas bog‘lanib ketgandi.
«Shoir lirikasida qahramonning ruhiyatini ochishda, ko’ngil nidolari tasvirida majozlar, ramzlar yetakchi badiiy vositaga aylanadi. Shoir she’riyatidagi psixologizmni lirik qahramon ong-tafakkurida nurlangan, tagi buzilmagan o’y-fikrning holatlar, kayfiyatlar tarzidagi tasvirini, tabiat, ijtimoiy voqelik va hayot hodisalari ta’sirida ko’ngilda tug’ilgan tuyg’ular to’foni manzaralari tarzida anglash joiz.
Shoirning qalbini larzaga solayotgan og’riq chin ma’noda o’zligini anglash uchun talpinayotgan shaxs tiynatini tasvirlaydi. Shaxs ham barkamollik istab, dunyoning sirini tushunmoq payida eziladi, sitiladi. Dunyoning bebaholigidan xavotirlanadi. Ezg`in savollar iskanjasida qovuriladi.
Uning lirik qahramoni o’zining shaxsiy kechinmalarini qoralab, o’zigagina tegishli narsalarni birovga aytib berayotgandek maydonga chiqadi. Ya’ni shoirning qalbi ochiqdan ochiq bizga yuzlanadi. Savol nigohi ila ko’ngilni zabt etgan satrlari bilan sehrlaydi, hayajonga soladi, butun murakkabligicha mahliyo aylaydi. Ana shu oraliqda shoirning ham, o’quvchining ham samimiyatiga putur yetmaydi.
Shoir yangilanishlar og’ushida. Yangilikka tashna insonning qalbiga yorug’lik, ertangi kunga umid bag’ishlaydi. Binobarin, Abduvali Qutbiddin she’riyatini negadir soda deya, yelka qisadiganlar bordir, lekin uning mohiyatiga teran nazar tashlagan insonda boshqacha kayfiyat zohir bo’ladi:
Yo’qsil tongotarda ol karvon o’tsa,
Ul karvon qushlari taxtravon tutsa,
Ilashsak bu baxtga, ilkis mung tutsa,
Opichlab olgali go’zal tun o’tsa,
Yo’qsil tongotarda ol karvon o’tsa.
To Mashhar bazmiga yetgunga qadar,
Men shotut barglarin aylagum daftar
Har yozgan she’rimni oh, gulisafsar,
Senga o’qib bersa biyrona, agar
To mashhar bazmiga yetgunga qadar
Siz ham o’sha lahzada ranglar jilvasiga evrilgingiz kelib qoladi. Lahzalarga do’ngan so’zning o’ktamligi ulug’vorligi va ayni paytda ohoriyligi sizning shashtingizga yanada shasht qo’shadi. Shashtingiz shiddatidan tug’ilgan mas’uliyat o’zini so’z va ulkan lahza oldida jussasi naqadar kichkina ekanligini his qila boshlaydi.
Parishon – parishon qadam tashlarman,
Buzilib –buzilib alam boshlarman,
Uzilib – uzilib sitam boshlarman,
“Shu ikki qo’limni toshtarosh etdim,
Bus – butun umrimni men adosh etdim”.
Parishon – parishon qadam tashlarman…
Shoir o’z she’rlari asosida yangi ruhiy olam yaratadi, va o’z qalbidagi kechinmalarni kitobxon bilan bo’lisha boshlaydi. Bizga ayqash- uyqash o’y- xayollar bo’lib ko’ringan tasvirlar aslida esa, yuksak badiiyat namunasi ekanligini ilg’ay olishimiz biroz qiyin kechsada satrlarning bo’yoqdorligi, o’ziga xos takrorlar kitobxonni o’ziga tortaveradi, asl mohiyatni anglashga uni tushunishga undaydi. Shoirning maqsadi ham shu u she’rxonni o’zining maqsadi tomon ergashtiradi.
U hech bir yashirishni, o’quvchisidan darig’ tutgan narsasi yo’qligini shu kabi satrlarida ham to’laligicha ilg’ash mumkin. Shunday ekan, shoirlik shaxsini hamisha saqlashga, yangi-yangi ma’nolar kashf etishga o’zini bag’ishlaydi. Bag’ishlamoq esa, adabiyotda jonfidolikka aylanadi. U ham boshqalar kabi azob bilan yashay boshlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |