8.Etnografik dialektal so‘zlar o‘zbek adabiy tilida ham, shevalarimizda ham xalqimizning asrlar davomida shakllangan qadimiy urf-odat moddiy va ma'naviy madaniyat bilan aloqador sheva, dialektlarga xos etnografik so‘zlarni qamrab oladi. Tadqiqotimiz natijasida biz folklor namunalari bo‘lmish marosimlar va bolalar xalq o‘yinlarini ham anchagina qismini to‘pladik. Va aynan shularni etnografik dialektal so‘zlar guruhiga kiritib, ularni har taraflama izohlashga harakat qildik.
Äkkāl/akkol-tayoq bilan tepib o‘ynaladigan o‘g‘il bolalar o‘yini.
Länkä/lanka- Orqasiga og‘ir metall parchasi, tanga yopishtirilgan uzun-uzun junli teri parchasidan iborat, tepib o‘ynaladigan bolalar o‘yini.
Besh qayroq- beshta kichikroq tosh yordamida turlicha qo‘l harakatlari bilan o‘ynaladigan o‘yin.
Dak-daka- arg‘amchiqda sakrash, bu so‘z taqlid so‘zdan yasalgan, arg‘amchiqda har sakraganda yerdan "duk - duk" etib ovoz chiqadi. Duk - duk taqlid so‘zi dak-daka bo‘lib o‘yin nomiga aylangan.
Bolalar xalq o‘yinlarining she'riy matni:
Äbüläkäm düboläkäm čitmä čitān
Ānäɳ qerä ketti, tüjgä ketti
Qäčän kelär,jāz kelär
Pilān pis, äjāɣingni qis
Bu o‘yinda bolalar davra qurib o‘tirib oladilar va abulakam she'rini aytib oyoqlarni sanay boshlaydilar. Sanoq kimning oyog‘ida tugasa,o‘sha darrov oyog‘ini tortib olishi kerak bo‘ladi.
***
Ättüm bättüm lājgä bāttim
Lājdän čiqib miltiq āttim
Miltiɣimni oqi yoq
Träktirni keti yoq
***
Bir, ikki deb kim äjtti
Äkälä küčükčä äjtti
Äkälä küčükčä olsin
Bäčäsi bizgä qālsin
Bäčäsini sātäjlik
Sabzi piyoz olaylik
Sävzi pijāz aččiq
Jürägim sän čiq
Yuqoridagi she'riy matnlarning hammasi sanamalar hisoblanadi. " Sanamalar keng tarqalgan o‘yinboshi badihalari bo‘lib, o‘yin boshlanishi oldidan navbatda turuvchini aniqlash, galda qoluvchini («Yashinmachoq» o‘yinida toparmonni) belgilash vazifasini bajaradi. Ular o‘yinga kompozitsion asos bo‘lolmasalar-da, muqaddima sifatida uning kompozitsion uzvini tashkil etgan va o‘sha o‘yinning umumiy yo‘nalishiga poydevor solgan".14 Sanamalardagi sanash ohangi, qo‘l yoki oyoq harakatlari bilan to‘ldirilib, tasdiqlanib turiladi. O‘yinboshi har bir so‘zni yoki iborani sanoq ohangiga mos baland ovozda aytib turadi, har bir ritmik taktda qo‘lini navbatma navbat o‘yin ishtirokchilari ko'ksiga yo kiftiga tekkiza boradi, shu asosda sanoq ritmini bo‘rttirib ta’kidlaydi va qo‘li tekkan bola davradan chiqib turadi. Eng so‘nggi so‘z kimning chekiga tushsa, o‘sha navbatda qoladi.
Čillägürüzon // chillaguruzon -chaqaloqni qirq kundan keyin onasining uyiga chaqirish marosimi. Fors tilidan o‘zlashgan bo‘lib, adabiy tilda chillaguzaron shaklida ifoda etiladi.
Čälländi // challandi - kelin to‘yidan keyin onasinikiga birinchi marotaba mehmon bo‘lib kelishi . Toshkentdagi challari marosimiga sinonim sifatida qo‘llanadi.
Dāmāt sälām // domot salom - kuyovni birinchi marotaba qaynatasinikiga kelishi, challandi bilan birga o‘tkaziladigan marosim. Kuyov yaqinalarini bu marosimga taklif qilayotganda, challandiga deb, chaqirish erish tuyuladi va domot salom marosimiga taklif qilayotganini aytadi. Aslida kuyov salom qilmaydi, davraga kelgan mehmonlar hurmati ozroq vaqt qo‘li ko‘ksida holida turib beradi. Hozirgi kunda ba'zi bir joylarda yangi urf bo‘lgan kuyov salomdan boshqacha marosimdir.
Šäjtān täväɣ // Shayton tavag' - fotiha to‘yidan oldin o‘tkaziladigan kichik tadbir. Ikki yoshni baxtiga shayton aralashmasin deb, qiznikiga kuyov taraf katta tovoqda osh yoki biror tansiq ovqat qilib keltiradi. Sheva vakillari orasida shayton qochdi deb ham ataladi.
Xüdāji // xudoyi - forscha xudoga oid, aloqador degan ma'noni beradi. O‘ylagan yaxshi ishi amalga oshganligi uchun qurbonlik so‘yib xayri-xudoyi qilib elga tarqatiladi. G‘ijduvon tuman hududida ko‘pincha xudoyida qo‘chqor suyib halim qilinadi. Qarindoshlar uyiga keladi va mahalladoshlarga tarqatiladi
Kelin tüšti // Kelin tushdi - to‘y tugagandan so‘ng kuyov uyida erta ertalabdan kelinning amma, xola, yanga,qo‘shnilarga salom berishi, ta'zim qilish marosimi. Bu marosim nomidagi so‘zlardan ham ma'no yaqqol ko‘rinib turibdi, kelin yangi bir xonadonga tushdi.
Sälläbändān // sallabandon -beshik to‘yida bolaning onasiga oq marlidan salla qilib boshiga o‘raladi. Kultapo‘shak kiydiriladi. Bu bilan yosh kelinchak ayollar safiga kirganligi bildiradi.
Pärčäbürān // parchaburon-fotiha to‘yida kelin tarafga kuyov tarafdan ro‘molcha va shirinliklar solingan xaltachani berilishi. To‘ydan bir parcha berdi ma'nosida.
Biči-bičān // bichi-bichon - nikoh to‘yi oldidan kelin kiyimlarini,chimildiq narsalarini tikish uchun oq matoni yoshi katta onaxon tomonidan qirqib berilishi. Matolarni bichishni boshlab beradigan marosim. Tuzilish jihatdan bu etnografik dialektal so‘zimiz takror so‘zlarga misol bo‘la oladi.
Yuqoridagi misollarda ko‘rib turganingizdek, etnografik dialektal so‘zlarga anchagina misollar to‘plangan. Ularning ba'zilarining izohini shu joyda bergan bo‘lsak, yana ba'zi bir etnografik dialektal so‘zlar tahlilini MDmizning keyingi boblari uchun material sifatida saqlab qo‘ydik.
Demak, dialektal so‘zlar sof dialektal so‘zlardangina iborat emas. Balki ularning o‘nga yaqin turlari borligini mazkur bobning ikkinchi faslida qayd etildi va bu yuqoridagi misollarda ko‘rsatib o‘tildi. Bu esa o‘zbek xalq shevalari lug‘atining yangi so‘zlar bilan boyitilgan variantini yaratishga qisman bo‘lsa-da, asos bo‘la oladi, deb o‘ylaymiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |