ILMIY AXBOROTNOMA TARIX 2019 - yil, 6 - son 20
urushga jo‘natilardi. O‘shanda menday yosh bolaning bunga aqli yetmas ekan. Nega bu shior bilan frontga
ketayotganini tushunib yetmas edim”.
Karlshtrasseda turgan yosh bola bilan 1923-yili diplom ishini yoqlagan yosh mutaxassis
oralig‘idagi davrda eng dahshatli jahon urushi bo‘lib o‘tgan edi. Xalqlar boshiga shuncha kulfat, musibat
olib kelgan urushning gunohkorlari kim? Nega bu xunrezliklarning oldini olish iloji bo‘lmadi. Urush
tugagach butun dunyoda jamiyatshunos olimlar bu savollarga rosa javob qidirdilar.
Birinchi jahon urushi natijalariga yakun yasagan Versal tinchlik shartnomasining 231-moddasi
urushning yagona gunohkori deb Germaniyani e’lon qilgan edi. Ammo A.S. Yerusalimskiyning bu
masaladagi fikri aslida boshqacha. U nemis, ingliz va fransuzlarning hujjatlar to‘plamlarini chuqur ilmiy
tahlil qilib g‘olib va mag‘lub davlatlarning siyosiy maqsadlarida o‘xshashlik borligini fosh etdi. Demak
urushning kelib chiqishida tomonlar birdek javobgar ekanlari isbotlandi.
Eng yangi davr xalqaro munosabatlariga bo‘lgan qiziqishini A.Yerusalimskiy shunday izohlaydi:
“Bizni o‘ziga tortgan eng birinchi motiv Birinchi jahon urushining sabablari va uni keltirib chiqargan
tarixiy shart-sharoitni fikrlab ko‘rishga intilish edi. Chunki bu voqealar men tengi avlodning ongiga chuqur
va o‘chmas iz qoldirdi… Mening universitetdagi ustozim prof. P.F.Preobrajenskiy diqqatimni o‘sha davrda
nashrdan chiqqan Germaniya imperiyasining diplomatik hujjatlar kolleksiyasidagi dastlabki tomlarga jalb
etib-“Die Grosse Politik der Europaischen Kabinette” ni tanqidiy o‘rganishni tavsiya yetgan edi”.
1923-yil noyabrida Yerusalimskiy Rossiya ilmiy tadqiqot assotsatsiyasining Tarix instituti
aspiranturasiga qabul qilindi. O‘sha yillarda institutga taniqli mediyevist D.M. Petrushevskiy rahbarlik
qilardi. Aynan shu direktor Preobrajenskiyning taklifi asosida Yerusalimskiyni Germaniyaga ilmiy safarga
yuborishni lozim topdi. Unga asosiy vazifa qilib arxiv materiallaridan foydalanib Germaniyaning XIX asr
2-yarmidagi xalqaro munosabatlarini o‘rganish vazifasi yuklatildi. 1924-yil yozida 23 yoshli Arkadiy
Berlinga yo‘l oldi. Nemis tilini puxta bilgani kerakli kishilar bilan muloqat o‘rnatish va maxsus
adabiyotlarni mutolaa qilishga qo‘l keldi. Lekin Germaniyada uni taajubga, xavotirga solgan voqealarga
ham duch keldi. Talabalik yillaridagi do‘sti Mashkinga yozgan xatida o‘z taasurotini quyidagicha
ifodalaydi; “Reyxstag oldida olomon yig‘ilgan. Reyxsprezident Ebert va reyxskansler Lyuter nutqlarida
urushning fojeasi to‘g‘risida, kelgusida bunday halokatga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida bir og‘iz ham so‘z
aytilmadi. Aksincha, Germaniya, Germaniya deb uning ulug‘vorligini, dunyoda yagonaligini takrorlar
edilar. Siyosiy yetuk bo‘lmagan odam ham, agar u vijdonidan ajralmagan bo‘lsa, mas’uliyatni tushunsa,
fikrlash qobiliyati bo‘lsa, ular tarixni qaysi tomonga yo‘naltirayotganlarini tushunmay qolmasdi.
Germaniyadagi voqealar meni tashvishlantirayabti, deb yozgan edi Yerusalimiskiy 1924-yil oxirlarida.
Keyinchalik do‘stiga yozgan xatlarida u juda ko‘p o‘qiyotgani, hujjatlar uni Bismark tomon
yetaklayotgani, Bismark hech hayolidan ko‘tarilmayotgani haqida yozadi va bu materiallardan qutulish
yo‘llarini topishi kerakligini aytadi.
1925-yil Yerusalimskiy Fransiya kutubxonalariga ishlash uchun Parijga keladi. U yerda ham
Bismark to‘g‘risidagi materiallardan ajrala olmadi. Uni yuborgan Tarix institutida u qadimgi tarix bo‘yicha
mutaxassis edi. Tarixchidan shu sohadagi izlanishlarni ham kutishardi. Lekin uning butun borlig‘ini
Bismark egallagan edi. Do‘stiga yozgan xatlaridan birida Parijdan Bismarkning 1875-yil harbiy inqiroz
davrida German matbuotidagi roli haqida qiziq material topganini yozadi.
Yerusalimskiy qadimgi tarixdan tobora uzoqlashayotgani, uni to‘laligicha yangi tarix qamrab
olganiga qarshilik ko‘rsata olmayotganini tushunib yetgan va buni eslaganida uni dahshat bosganini tan
oladi. Grek tilini umuman bilmasligini, lotin va arameyni juda yomon, qadimgi yevrey tilini esa o‘rtacha
bilishini o‘zi tushunardi. Tarix institutiga yuborgan hisobotlaridan birida Yerusalimskiy o‘zining asosiy
mashg‘ulotlarini ochiq yozadi. Bismark to‘g‘risida chiqargan maqolalarini ham yashirmadi.
Petrushevskiyning javobi uni tinchlantirdi. “Hisobot olindi, hammasi joyida, xotirjam o‘tirib
shug‘ullanavering”-deyilgan edi institut direktorining javob xatida.
Bismarkka bag‘ishlangan yangi tadqiqotlarni tahlil qilarkan tarixchi Bismarkning tashqi siyosatiga
bag‘ishlangan bahs aynan shu davrda boshlanganligi bejiz emasligini ko‘rsatdi. “Hukmron sinflar va
Veymar Respublikasidagi siyosiy partiyalar o‘rtasida boshlangan turli g‘oyalar, manfaatlar yoki xalqaro
munosabatlardagi oddiy siyosiy hiylalar deb yozgan edi u,-siyosiy muammodagi “sharqiy” va “g‘arbiy”
bo‘laklarga bo‘linishi bismarkovchi tarixshunoslikning markaziy masalalaridan biriga aylandi”.
Moskvalik bu aspirantning Parijdagi hayotiga qaytsak, uning unchalik xursand emasligini sezish
qiyin emas. “Chetga chiqqanimga endi yarim yildan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, Moskvadagi
hayotimning hissiyotini yo‘qota boshladim, ongsiz tarzda bo‘lsa-da, atrofimdagi sharoitlarga moslasha
borayapman. Tashqi holatim bo‘yicha Germaniyada- men nemis, Parijda esa fransuzman. Bunchalik tez
o‘zgarishimga ehtimol mendagi iudey qoni ko‘maklashayotgandir. Mening ichki, ruscha tarzim esa mening
haqiqiy tabiatim bo‘lib, katta kuch bilan meni boshqa tomonga tortadi.”