ILMIY AXBOROTNOMA TARIX 2019 - yil, 6 - son 14
Ularning o‘zaro ta’siri arxeologik materiallarda aniq sezilib turadi. V.A. Ranov O‘rta Osiyo paleolit davri
yodgorliklarini ikkita guruhga ajratadi: A guruhi (Old Osiyo viloyati), B guruhi (Sibir va Sharqiy viloyat).
Sibir guruhining ta’siri so‘nggi paleolit davri yodgorliklari misolida namoyon bo‘ladi.
A guruhi (Old Osiyo tipidagi madaniyat) Qayroqqumning ashel-muste komplekslarida
(Tojikiston), o‘rta paleolitga oid - Teshik-tosh, Obiraxmat, Xo‘jakent, (O‘zbekiston), Xo‘jag‘or, Jar-Qo‘ton
(Tojikiston) yodgorliklarini qamrab oladi. O‘rta Osiyo hududida so‘nggi paleolit davriga oid yodgorliklar
juda kam topilganligi uchun, shunga mos ravishda, A guruhiga oid so‘nggi paleolit davri o‘rta paleolit
singari uncha keng tarqalmagan va ular Qora-Kamar (Afg‘oniston) hamda "orinyak tipidagi qirg‘ichchali"
Vaxsh daryosi allyuviyidan topilgan materiallarni o‘z ichiga oladi (Tojikiston).
Hududning ilk paleoliti uchun industriyalarda qo‘l cho‘qmorlarining mavjudligi xarakterli
xususiyat hisoblanadi. O‘rta paleolit davri yodgorliklari levallua chaqmoqlash texnikasi asosida yagona
guruhga birlashtirilgan va bu industriyalarda uchirindi va plastinalardan ishlangan qurollar ko‘pchilikni
tashkil qiladi, bifasial ishlangan buyumlar deyarli uchramaydi. Shuningdek ushbu guruhning xarakterli
xususiyati plastinalar chaqmoqlash texnikasi ancha erta paydo bo‘lishi hisoblanadi (ashel davridan).
So‘nggi paleolit davri yodgorliklari uchun inventarlarida prizmatik nukleuslar, qalin tipli qirg‘ichchalar va
gravetti tipidagi tig‘larning uchrashi xarakterlidir.
B guruhining ilk paleolitga oid kompleksi (Sharqiy Osiyo tipidagi madaniyat, Sibir va Sharqiy
Osiyo viloyatlari bilan solishtiriladi) X.A. Alpisbayev tomonidan yig‘ilgan Janubiy Qozog‘iston
kolleksiyalarini o‘z ichiga oladi. O‘rta paleolit Qora-Bura (Tojikiston), Qorasuv makoni (Qozog‘iston),
so‘nggi paleolit – Samarqand makoni (O‘zbekiston) kabi yodgorliklarni qamrab oladi.
Ushbu guruhni ajratib turadigan xususiyat ularning industriyalarida ikki taraflama ishlov berilgan
choppinglarga o‘xshash galkali qurollarning mavjudligi hamda Old Osiyo uchun xarakterli bo‘lmagan
muste elementlarining uzoq vaqt saqlanib qolishi hisoblanadi.
V.A. Ranov Sibirning paleolit davri yodgorliklari bilan yaqin analogiyalarni yonlama (qoziqsimon)
nukleuslarni tayyorlash usullarida, qirg‘ichlarda va galkali qurollarda ko‘radi. Galkali qurollarni
tadqiqotchi har ikkala hududning bosh bog‘lovchi zvenosi, deb hisoblagan. Sibirdagi «galkali
madaniyatlar»ning ildizlari O‘rta Osiyo madaniyatlaridan qidirilgan. V. A. Ranovning fikricha, Sibirda
«galkali texnika»ning paydo bo‘lishi ham O‘rta Osiyodan bo‘lgan migrasiyalar va ham ushbu hududlarning
konvergent rivojlanishi natijasida ro‘y bergan.
Samarqand makoni tadqiqotchilari D.N. Lev va M. D. Djo‘raqulovlar A. P. Okladnikov va V. A.
Ranovlarning izidan borishib, Samarqand makonini Sibir-Mo‘g‘ul viloyatiga kiritganlar. 1965-yilda D. N.
Lev Samarqand makoni industriyasining Ust-Kon g‘ori inventari bilan o‘xshashliklarni ko‘ra bildi.
Keyinchalik tadqiqotchilar Samarqand makoni industriyasining malta-buret guruhi yodgorliklari bilan
o‘xshashligini ta’kidladilar va bunga "galkali texnologiyalarning keng tarqalganligini" hamda
"industriyalarning arxaik ko‘rinishi"ni asos qilib oldilar. Tadqiqotchilar Yaqin Sharq va Yevropa bilan
parallellarni inkor etadilar.
Z. A. Abramova Paleolit SSSR to‘plamining so‘nggi paleolitga bag‘ishlangan qismida Samarqand
makonini Sibir-Mo‘g‘ul viloyati yodgorliklari doirasiga kiritishni shubha ostiga qo‘yadi. Uning
ta’kidlashicha, 1958-1960-yillarda qazib olingan kolleksiyaning galkali qurollari G. F. Korobkovaning
aniqlashicha, to‘plamdagi barcha qurollarning beshdan bir qismini tashkil qiladi va «ular ko‘proq
sandonlar, ezg‘ich-retusherlardir». Ushbu xulosa D. N. Levning xulosalariga qarama-qarshi bo‘lib, u aynan
shu qurollarni boltalar, randalar, chopperlar va choppinglar deb tasniflagan edi.
Samarqand makonini Sibir-Mo‘g‘ul viloyati madaniyati yodgorliklari doirasiga kiritish
muammosiga 2000-yilda G. F. Korobkova hamda M. D. Djo‘raqulovlar o‘zlarining keng qamrovli
«Samarkandskaya stoyanka kak etalon verxnego paleolita Sredney Azii» nomli asarlarida e’tibor qaratishdi.
G.F. Korobkova yodgorlikning yuqori qatlamlari materiallarini tahlil qilish asosida Samarqand makoni
industriyasini Sibir va Shugnou (Tojikiston) paleolit davri madaniyatlari bilan qiyosladi (malta-buret,
kokoreva va afontovskaya madaniyatlari bilan). Amalga oshirilgan qiyosiy tahlillar asosida tadqiqotchilar
Samarqand makoni bilan Afontova, Kokerova va Shugnou makonlari industriyalari o‘rtasida ushbu
komplekslarning yagona jamoa birligini ko‘rsatuvchi belgilar yo‘q, degan xulosaga kelishdi. Samarqand
makoni industriyasi bilan o‘xshashliklar Malta va Buret yodgorliklarida kuzatiladi. Negaki ularda ham
Samarqand makonida ham «ayrim kertikli uchirindilar va plastinkalar, uchlari tagyo‘nishli iskanasimon
qurollar, galkali qurollar va qirg‘ichlar uchraydi». Ushbu makonlar inventarlardagi kuzatilgan
analogiyalarni tadqiqotchilar «davriy va regional tipdagi konvergent holat», deb baholaydilar. Ushbu
asarning asosiy xulosasi: «Samarqand makonining Sibir yodgorliklari bilan tilga olingan o‘xshashliklari
turli tadqiqotchilar tomonidan ilgari surilgan umumiy xulosalarga, ya’ni ushbu komplekslarning Sibir-
Osiyo madaniyati doirasiga kirishidan guvohlik beradi».