ILMIY AXBOROTNOMA
OʻQITISH METODIKASI
2019-yil, 6-son
103
Savol-topshiriqlar bilan ishlash bo‘yicha uy ishlari.
Boshlang‘ich sinflarning “O‘qish kitobi”da
taqdim etilgan adabiy matnlar ustida ishlash uchun ma’lum savol-topshiriqlar berilgan. Boshlang‘ich
maktabning 3–4-sinflarida o‘quvchilarga uy vazifasi sifatida asar matni yuzasidan beriladigan savol-
topshiriqlarning soni to‘rttadan oshmasligi kerakligi ma’lum. Darsliklarda taqdim etilgan ayrim savol-
topshiriqlar tavsiflashni talab qilsa, ba’zilari umumlashtiruvchi xarakter kasb etadi. Ayrim savollar avval
o‘zlashtirilgan bilimlarni eslashga ehtiyoj uyg‘otsa, boshqasi har tomonlama o‘ylashni va tahlilni talab
qiladi.
Darslikdagi asar matni yuzasidan berilgan savol-topshiriqlarga uyda javob tayyorlashda o‘quvchilar
ko‘pincha umumiy qonuniyatni to‘g‘ri topadilar, biroq buni o‘zlari asardan misollar keltirib asoslab
berishga qiynaladilar. Ulardan nega shundayligini tushuntirish yoki aytganlarini isbotlash talab qilinganda,
mazkur holatga tegishli ko‘pgina faktlarni bilsalar ham, o‘zlarini yo‘qotib qo‘yadilar. Gap shundaki, javob
beradigan o‘quvchi o‘zi bilgan dalillarni, bilimlarni yangi tizimga, o‘qituvchi tomonidan belgilangan, uning
savoli talab qilayotgan yangi yo‘nalishga solishi kerak bo‘ladi. Dastlab o‘quvchini aynan shu narsa
qiynaydi. Keyinchalik, faktlar aniqlanib, topshiriq aqliy imkoniyati darajasidan uncha uzoq emasligi
ma’lum bo‘lgach, tafakkuri faollashadi.
O‘quvchilar faoliyati mustaqilligini uyg‘otishga intilgan o‘qituvchi uyga beriladigan savol yoki
topshiriqni mavzuga moslagan tarzda shakllantiradi. Shuning o‘zi o‘quvchining aqliy faoliyati uchun qulay
sharoit yaratadi. O‘qituvchi o‘quvchini materialni shunchaki qayta bayon qilmay, qarashlarini ma’lum
tayanch fikr atrofida umumlashtirishga, undan javob uchun zarurini ajratib olishga, fikrini qolipga tushgan
siyqa iboralarda emas, o‘z so‘zlari bilan bayon qilishga undaydi. Bu o‘quvchidan ma’lum hodisa sabablarini
tushuntirish, fikrlarini qat’iy ilmiy-mantiqiy asoslarga qurish, voqealarni xolis baholash va kuzatganlarini
umumlashtirishni talab qiladi [2.106]. Uy vazifalarini bajarish bilan bog‘liq bunday vaziyatlarda qo‘shimcha
savollar juda qo‘l keladi. Qo‘shimcha savollarning kuchi shundaki, ular avval o‘rganilgan bilimlarga
tayanganidan o‘quvchilar ishini engillashtiradi. Bu o‘rinda avval o‘zlashtirilganlarni takrorlash emas, balki
o‘rganilgan bilimdan yangi yo‘nalishda foydalaniladi. Bu o‘quvchilarni yangilik qidirishga, noma’lumni
aniqlashga yo‘naltiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |