Arab-musulmon madaniyatining ta`siri salib yurishlaridan so`ng. Salib yurishlarining Yevropa mamlakatlari madaniy, ijtimoiy va iqtisodiy hayoti uchun mohiyati nihoyatda katta ekanligini ilk bor buyuk fransuz faylasufi va adibi Volter (1194-1178) ta`kidlagan edi. Uning fikricha, salib yurishlari insoniyat tarixida xunnlar, gotlar, burgundlar, vandallar, keyinchalik arablar va turklar istilolalari bilan bir qatorda turadi. Ikkinchi tomondan, salib yurishlari boshlanishi sabablarini juda to`g`ri talqin qiladi: “Bu muhojirotni din, ochko`zlik, harislik, betoqatlik keltirib chiqardi”. Volterning ta`biriga ko`ra, “besaranjom, janjal va urushlarni yoqtiruvchi, jinoyatlarga ko`milib ketgan ritsarlarning asosiy maqsadi boy sharq xalqlarini talash edi”.
XVIII-XIX asrlarda salb yurishlari tarixini yozgan olimlarning hammasi bu diniy urushlar keltirgan behisob falokatlar bilan bir qatorda, Yevropa xalqlarining iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy taraqqiyoti uchun foydasi benihoyat katta ekanini ham ko`rsatganlar.
Salib yurishlaridan so`ng krepostnoy tuzumi o`z-o`zidan barbod bo`ldi. Bu jarayon ancha-muncha ijobiy holatlarni keltirib chiqardi. Feodal zodagonlarning o`zboshimcha hokimiyati susaygani, markazlashgan mustabid qirol tuzumi mustahkamlangani, oddiy mehnatkash bir oz erkinlikka, shaharlar o`zini o`zi idora etishga erishgani, hunarmandchilik, ichki va tashqi savdo aloqalarining kengayishi kabi xususiyatlarni ko`rsatadilar. Fransuz faylasufi Volter (1194-1178) ning fikricha, uning natijasida savdo, hunarmandchilik rivojlandi. Shotland tarixchisi V. Robertson (1721-1793) esa, “XI asrgacha G`arbda feodal jamiyati chuqur zulmat, avomlikda yashagan, salib yurishlaridan boshlab, ular tufayli tubdan o`zgarish ro`y beradi… Bu Yevropani uzoq vaqtli uyqudan uyg`otgan, idora etish va ahloqda mutloq o`zgarishga olib kelgan voqeadir”, deydi. Madaniyatning dastlabki nurlari salib yurishlari ishtirokchilari bilan keldi. Fransuz tarixchisi B.J. Mayi (1724-1794) esa, salib yurishlari natijasida Sharq va G`arb o`rtasida savdo yo`llari o`rnatilishi, xo`jalik hayotiga sharqning ijobiy ta`siri, umuman jamiyat hayotidagi ajoyib o`zgarishlar haqida yozadi.
Haqiqatan, Sharq mamlakatlaridagi markazlashgan davlat tuzumi, iqtisodiy taraqqiyot, yo`lga qo`yilgan qishloq xo`jaligi, rivojlangan hunarmandchilik, o`zaro va xalqaro savdo aloqalarining keng rivoji, yuksak madaniyatning turli sohalarda namoyon bo`lishi, ajoyib me`morchilik, san`at, adabiyot, ilm-fan, texnika, yuksak ahloq, odob, nozik did, nazokatli hayot tarzi – hammasi salib tashuvchilarni hayratga soladi. Yurish ishtirokchilari Quddusda Iso payg`ambar hokini topolmadilar, biroq o`zlari uchun ko`p narsalarni bilib qaytdilar.
Salib yurishlari voqealaridan so`ng Sharqqa, arab-musulmon madaniyatiga qiziqish kuchaydi. Yevropa mamlakatlariga yaqin bo`lgan, arab-musulmon madaniyati keng tarqalgan Ispaniya, Italiya va Sitsiliyaga kelib bilim oluvchi, madaniyat o`rganuvchilarining soni yildan yilga orta boshladi. Yevropaning ilg`or mamlakatlarida arab-musulmon madaniyatini o`zlashtirish salib yurishlari natijasida ancha jonlandi. Ta`sir jamiyat hayotining hamma tomonlarida o`z izini qoldiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |