Arab tili. Arab tili somiy tillar guruhiga mansub bo`lib, barcha tillar kabi murakkab rivojlanish yo`lini bosib o`tgan. Qabilalarning birlashuvi turli arab qavmlari tillarining yaqinlashuviga olib keldi va barcha arablar tushunadigan yagona til paydo bo`ldi. Biroq yagona til bilan birga qabilalar lahjalari ham mavjud edi. Yagona arab tili shoirlar, notiqlar va boshqa ma`lumotli kishilar tomonidan qo`llanilgan bo`lsa, lahjalar ichida quraysh qabilasining lahjasi keng tarqalgan edi. Bu shu bilan izohlanadiki, Ka`batullohga ziyorat uchun tashrif buyurgan ziyoratchilar Makka shahrida o`troqlashgan va hokimiyat tepasida bo`lgan qurayshiylar qabilasi bilan doimiy muloqotda bo`lardi va qurayshiylar lahjasi butun Arabiston bo`ylab keng so`zlashuv tiliga aylanib bordi. Arab tilini o`zagini quraysh lahjasi tashkil qiladi. Bundan tashqari arablar Misr, Eron, Vizantiya, Efiopiya (Xabashiston) xalqlari bilan yaqin aloqada bo`ldi. Bu esa, arab tilini shu xalqlarning tillaridan kirib kelgan yangi so`z va atamalar bilan yanada boyitdi. Islom paydo bo`lganida arab tili shu qadar boy tilga aylangan ediki, uning so`z boyligi bilan har qanday murakkab tushunchani ham ifodalash mumkin edi33.
Xalifalikda arab tilining juda tez va nihoyatda keng ko`lamda tarqalishining eng asosiy omili shu ediki, xalifalikka kiruvchi davlatlarning hech birida yagona til hukmron emas edi. Adabiy arab tili “denatsionalizatsiya” qilindi, endi u faqatgina arablarning tili bo`lmay, balki umumiy madaniyatning asosiy elementi sifatida qabul qilindi. Har bir tahsil ko`rgan musulmon, u hoh turk yoki fors millatiga mansub bo`ladimi, uzoq Al-Andalusiya yoki Hindiston fuqarosi bo`lishidan qat`iy nazar muqaddas Qur`on va diniy adabiyotlar tili bo`lgan arab tilini egallashga harakat qildi34. Bundan anglashiladiki, arab tilining tarqalishida aholining islomlashtirilishi ham katta rol o`ynagan. Iymon keltirgan har bir musulmon Allohning muqaddas kitobini hamda uning payg`ambari bo`lmish Muhammad (sav)ning tilida o`qishi shart edi. Arab tilining ahamiyatini O`rta asr G`arbiy Yevropasidagi lotin tilining roliga qiyoslash mumkin35. Shuning uchun arab tilini ko`p hollarda “Sharq lotini” deyishadi. Ammo lotin tili o`rta asrlarda faqat tahsil olganlar orasidagina mavjud edi. Bu paytda arab tili ko`plab Sharq xalqlarining jonli so`zlashuv tili edi. Arablar o`z tillarini davlat tili deb e`lon qilishdi va ummaviylar davridayoq hujjat yuritish ishlari yolg`iz arab tilida olib borilardi36. Arab tilini mukammal o`rganish nafaqat din ulamolari uchun, balki ziyolilar, davlat boshqaruv vakillari, huquqshunoslar uchun ham majburiy edi. Arab tilining keng yoyilishi arab-musulmon fanlarining rivojiga ulkan ta`sir ko`rsatdi. Olimlarning o`zaro muloqoti uchun keng imkoniyatlar yaratdi. Yagona til qadimgi madaniy merosni o`rganish uchun keng imkoniyatlar yaratdi37.
Do'stlaringiz bilan baham: |