Arabiston Johiliya va Islom davri
Reja:
I. Johiliya;
II. Islom ta’limoti;
III. Muhammad alayhis-salomning hayotlari;
IV. Islom Makka davrida;
V. Madina islom davlatining vujudga kelishi.
Johiliya. Bu so‘z arab tilida (jahula-bilmaslik) johillik, bilimsizlik, nodonlik ma’nosini beradi. Johiliya so‘zi Arabistonning islomdan oldingi davriga nisbatan ishlatiladi. Chunki bu davrda arablar orasida al-Vasaniyya - ko‘pxudolik hukm surib, ular yakkaxudolikdan bexabar edilar. Bundan tashqari xalq orasida qizlarni tiriklayin ko‘mish, mayxo‘rlik va boshqa axloqiy buzuqliklar keng yoyilgan bo‘lib, islom dini ularga chek qo‘ydi.
Arabiston yarim orolining Makka, Madina, Toif, Xaybar singari bir qancha eng muhim shaharlarini o‘z ichiga olgan qismini qadimdan Hijoz deb atashgan. Bu yarim orolning katta qismida islom vujudga kelguniga qadar ko‘pxudolik hukm surardi. Arablarning eng qadimgi dinlari jumlasiga totemizm, fetishizm, animizm va o‘tmish avlodlarga sig‘inishni kiritish mumkin. Totemizmning yaqqol dalili sifatida ko‘p arab qabilalarining nomini keltirish kifoya; asad (arslon), kalb (it), bakr (bo‘taloq), sa’lab (tulki), zi’b (bo‘ri) va h.k.
Arabistonda har xil xudolarning timsoli - sanamlar qachon paydo bo‘lganligi haqida konkret tarixiy ma’lumotlar yo‘q. Harqalay, but-sanamlarga sig‘inish - dinning yangi bosqichi bo‘ldi. Eramizdan avvalgi VIII asrdayoq har bir arab qabilasining o‘z sanami bo‘lgan. Ikki qabila urushidan so‘ng, odatda, mag‘lub qabila g‘olib qabila sanamiga sig‘ina boshlardi. Ba’zida g‘olib qabila mag‘lub qabilaning sanamini ham o‘z sanami yoki sanamlari safiga qabul qilishi mumkin edi. Arabistonning turli erlarida muayyan sanamlarning qarorgohi mavjud bo‘lib, ular ziyoratgohlar sifatida ma’lum edi. Makka Arabistonning diniy markaziga aylangach, u erdagi Ka’ba sanamlarning panteoniga (to‘plangan joyiga) aylanib qoldi. Islom arafasida arablar orasida butparastlik shunchalik avjida ediki, hatto har xonadonning o‘z sanami bor edi, deyish mumkin. Safarga otlangan kishi bunday sanamni qo‘li bilan ishqab, so‘ng yo‘lga tushardi, safardan qaytgach esa, birinchi navbatda u yana sanamini silab-siypardi.
Ibn al-Asirning uqtirishicha, 630 yili Muhammad s.a.v. Makkani zabt etganlarida Ka’ba ichida 360 ta sanamni ko‘rganlar va ularni sindirib tashlashni buyurganlar. Sanamlarning soni uchun bu raqam juda katta ko‘rinadi, ammo muayyan sanam bir necha qabilada ehtirom qilingan bo‘lsa, u Ka’baga shuncha nusxada qo‘yilgan bo‘lishi mumkin.
Ibn al-Kalbiyning arab ko‘pxudoligiga bag‘ishlangan «Kitob al-asnom» asarida tilga olingan datlabki 5 sanamning nomi (Vadd, Suvo’, Yag‘us, Ya‘uq, Nasr) Qur’onda ham zikr qilingan (Nuh, 22-23-oyatlar). Ularning tasviri ko‘pchilikka ma’lum edi. Vadd – erkak kishi, Suvo‘ – ayol kishi, Yag‘us – sher, Ya’uq - ot va Nasr – burgut qiyofasida ifodalanar edi.
Qur’onda zikr qilingan eng qadimgi sanamlar jumlasiga Manot, Allot va al-‘Uzza ham kiradi. Johiliya arablarining tasavvurida bu uchchala sanam ham ayol xudolar bo‘lgan.
Islom vujudga kelishi arafasida Janubiy Arabiston aholisining etiqodida katta o‘zgarishlar yuz berdi. Arabiston yarim orolining janubida ham, shimolida ham aksariyat aholi har xil but-sanamlarga sig‘inardi, ya’ni ko‘pxudolik e’tiqodida edi. Ammo arablarning butparastligi faqat totemizm, fetishizm kabi ibtidoiy, ilk din shakllari emas, balki uzoq yo‘lni bosib o‘tgan, nisbatan rivojlangan ko‘pxudolik edi.
Islomdan oldin Arabistonning ko‘p joylarida yahud jamoalari mavjud bo‘lgani haqida ma’lumotlar ko‘p. Yahudlar bilan birga Arabiston yarim oroliga yahudiy dini ham kirib keldi. Arabiston yahudiylar haqida, asosan, Qur’on, Hadis, Tafsir, Sira va ahborlar kitoblari xabar beradi. Bu mavzuga aniqlik kiritadigan hozirga qadar topilgan hujjatlarning eng qadimiysi – YAngi Bobil podshohi Nabonidga (er.av.555-539) tegishli xronikadir. Unda aytilishicha, eramizdan avvalgi 552-542 yillar SHimoliy Arabistondagi Teyma shahrini o‘ziga poytaxt qilib olgan Nabonid bu erdagi shaharlarni o‘zlashtirish maqsadida Bobildan talaygina aholini ko‘chirgan; ular orasida ko‘pchilikni yahudlar tashkil qilgan. Ma’lumki, bundan oldinroq (er.av. 586 y.) Navuxodonosor II Quddusni zabt qilganida salkam 30 ming yahudiyni asir qilib, Bobilga keltirgan va «Bobil asirligi» 50 yil davom etgandi. Shundan so‘ng ham ba’zi yahudlar Falastinga qaytmay Bobilda qolib ketgandilar. Islom ta’limoti. Islom dunyoda keng tarqalgan jahon dinlaridan biri. Arabiston yarim oroli, Iordaniya, Suriya, Falastin, Turkiya, Eron, Pokiston, Afrika qit’asidagi Marokash, Jazoir, Tunis, Liviya, Misr Arab Respublikasi, Sudan, Somali singari mamlakatlar xalqlari, O‘rta Osiyo, Efiopiya, Bruney Sultonligi, Malayziya, Indoneziya hamda Livan, Hindiston, Xitoy hamda Filippin aholisining ma’lum bir qismi, Evropa qit’asida esa Bolqon yarim oroli, Kavkazorti va Shimoliy Kavkaz, Volgabo‘yi, G‘arbiy Sibirda yashovchi xalqlarning bir bo‘lagi islomga e’tiqod qiladi. Er yuzida Islomga e’tiqod qiluvchilar, ya’ni musulmonlar qariyb 1,5 mlrd. ga etadi va ular soni jihatidan xristianlardan so‘ng ikkinchi o‘rinda turadi.
Islom so‘zi arabcha «Ollohga o‘zini topshirish», «itoat etish», «taslim bo‘lish», «bo‘ysunish» ma’nolarini beradi. Islomning asosiy manbasi bo‘lmish Qur’oni Karim VII asrda nozil bo‘lgan bo‘lsa-da, islom ta’limotiga ko‘ra bu din, er yuzida insoniyat paydo bo‘libdiki, barchalariga nozil qilingan. Muhammad s.a.v. avvalgi payg‘ambarlar ishini davom ettirgan, ular dinini qayta tiklagan, qiyomat oldidan yuborilgan oxirgi payg‘ambar - Nabiy va Rasul deb tan olinadi.
Nabiy – payg‘ambar, arab tilidan tarjimasi xabarchi, xabar etkazuvchi ma’nolarini beradi. Payg‘ambarlar orasida ularga Alloh tomonidan alohida kitob va shariat nozil qilinmagan va avvalgi payg‘ambarning kitob va shariatini insonlarga targ‘ib qilganlari nabiylar deb ataladi (Ismo‘il, Ishoq, Ya‘qub, Zakariyo kabi).
Rasul - payg‘ambar, arab tilida elchi ma’nosini anglatadi. Alloh tomonidan alohida kitob va shariat berilgan payg‘ambarlar rasullar darajasiga erishgan hisoblanadi (Ibrohim, Muso, ‘Iso kabi).
Do'stlaringiz bilan baham: |