Shavkat Rahmon (1950–1996) - Shoirning dastlabki sheʼrlari Oʻsh viloyati gazetalarida bosildi. 1978 yilda “Rangin lavhalar” nomli birinchi sheʼriy toʻplami nashr etildi. Shundan soʻng “Yurak qirralari” (1981), “Ochiq kunlar” (1983), “Gullayotgan tosh” (1984), “Uygʻoq togʻlar” (1986), “Hulvo” (1988) kabi qator sheʼriy toʻplamlari bosilib chiqdi. Shavkat Rahmon oʻz qoʻli bilan tayyorlagan, ammo vafotidan keyin nashr etilgan “Saylanma”sini (1997) koʻzdan kechirsangiz, butun ijodi davomida yaratilgan sara asarlari qatori xastalik damlarida bitilgan soʻnggi sheʼrlariga ham duch kelasiz. Shavkat Rahmon tarjimon sifatida taniqli ispan shoiri Garsiya Lorkaning goʻzal sheʼrlarini rus va ispan tillaridan oʻzbek tiliga oʻgirib, ikki marta nashr ettirdi (1979,1989), oʻzbek oʻquvchisining maʼnaviy dunyosini boyitishga munosib hissasini qoʻshdi.
Muhammad Yusuf (1954-2001) - U oʻnga yaqin sheʼriy toʻplamlar, koʻplab qoʻshiqlarning muallifi sifatida keng kitobxonlar qalbiga kirib ulgurdi. Shoirning dastlabki sheʼrlari “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida 1976 yili eʼlon qilindi. Soʻngra “Tanish teraklar” (1985), “Bulbulga bir gapim bor” (1987), “Iltijo” (1988), “Uyqudagi qiz” (1989), “Halima enam allalari” (1989), “Ishq kemasi” (1990), “Koʻnglimda bir yor” (1991), “Bevafo koʻp ekan” (1991), “Erka kiyik” (1992), “Yolgʻonchi yor” (1994) kabi sheʼriy toʻplamlari, saylanmalari nashr etildi. 1989 yilda esa “Uyqudagi qiz” nomli sheʼriy toʻplami uchun unga respublika Yoshlar tashkilotining mukofoti berildi. U rostgoʻy shoir, halol va pokiza qalb egasi edi. Shoir muhabbat haqida kuylaydimi, bevafo yor haqida qoʻshiq toʻqiydimi yoki tariximiz sahifalarini qalamga oladimi, ularda hamisha hayotga, haqiqatga hamnafaslik sezilib turadi. Satlardagi ravonlik, soddalik va xalqonalik sabab shoir sheʼrlari tezda yodda qoladi.
1998 yili Muhammad Yusufga “Oʻzbekiston xalq shoiri” degan yuksak unvon berildi.
Halima Xudoyberdiyeva (1947-2018) - “Ilk muhabbat” nomli birinchi kitobi 1968 yilda bosilib chiqdi. Shundan soʻng shoiraning “Oq olmalar” (1973), “Chaman” (1974), “Suyanch togʻlarim” (1976), “Bobo quyosh” (1977), “Issiq qor” (1979), “Sadoqat” (1983), “Muqaddas ayol” (1987), “Yuragimning ogʻriq nuqtalari” (1991), “Hurlik oʻti” (1993), “Bu kunlarga yetganlar bor” (1994), “Toʻmarisning aytgani” (1996) kabi yigirmadan ortiq sheʼriy majmualari, dostonlari va maqolalar toʻplamlari nashr etildi. Halima Xudoyberdiyeva sheʼriyatining mavzu va maʼno koʻlami keng, teran. Uning sheʼrlarida ona Vatan, ota-ona, ayol va bola mavzulari ustuvorlik qiladi. U tarjimon sifatida Fazu Aliyeva, Silva Kaputikyan, Ibrohim Yusupov kabi qardosh xalqlar shoirlari asarlarini ona tilimizga oʻgirdi. Oʻzbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva 1990 yilda “Muqaddas ayol” sheʼriy toʻplami uchun Davlat mukofotiga sazovor boʻlgan. Shoira 2017 yil mayida oʻzbek sanʼati va adabiyotini rivojlantirish, yosh avlodni milliy va umuminsoniy gʻoyalar, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash ishiga katta hissa qoʻshgani, koʻp yillik samarali ijodiy faoliyati hamda tavalludining 70 yilligi munosabati bilan “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |