Iroda Asatjanova
Hozirgi adabiy jarayon
(o‘quv-uslubiy qo‘llanma )
Mas’ul muharrir: Dilshod G‘ayipov,
filologiya fanlari doktori, (DSc), dotsent, Urganch davlat universiteti Filologiya fakulteti dekani.
Taqrizchilar:
Nasiba Sabirova,
filologiya fanlari doktori (DSc), dotsent, Xorazm viloyati XTXQTMOHM Tillarni oʼqitish metodikasi kafedrasi mudiri.
Bekposhsha RAHIMOVA,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
MUNDARIJA
Kirish. Hozirgi adabiy jarayon fanining o‘ziga xos xususiyatlari
I BOB. Istiqlol davri she’riyati
Istiqlol davri she’riyatining ilg‘or namoyondalari.
Modernizm va modern yo‘nalishidagi she’riyat.
Bugungi o‘zbek dostonchiligida janr va shakl izlanishlari.
II BOB. Hozirgi o‘zbek nasri
Hozirgi o‘zbek qissachiligi xususida
Zamonaviy o‘zbek hikoyachiligida yangilanishlar
Bugungi o‘zbek romanlarida yangi tamoyillar
III BOB. Istiqlol davri dramaturgiyasi
Istiqlol davri dramalari
Hozirgi o‘zbek komediyalari xususida
Kirish.
Hozirgi adabiy jarayon fanining o‘ziga xos xususiyatlari
Mustaqilik davri milliy adabiyotimiz, adabiy va ijtimoiy fikrimiz taraqqiyotida muhim tarixiy voqea va alohida adabiy bosqichdir. Ma’lumki, o‘zbek adabiyotida mustaqil davlatchilik g‘oyalari XX asr boshidan shakllangan. Respublika adiblari o‘zbek adabiyotida davlat istiqlol g‘oyalarining mustahkam poydevorini tashkil etdilar. Adabiyotning voqea va shaxslarga munosabati o‘zgarib borayotgani, badiiy tafakkurda mustaqil davlat manfaati va mas’uliyati inobatga olinishi asta-sekin sezilib bormoqda. Biz o‘rganmoqchi bo‘lgan “Hozirgi adabiy jarayon” fani to‘la ma’noda mustaqillik mevasi hisoblanadi. Fanning obyekti XX asrning 90-yillaridan XXI asrning shu kunigacha bo‘lgan davrda yaratilgan adabiy-badiiy asarlarni o‘z ichiga oladi. Fanni o‘zlashtirish jarayonida talabalar O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimovning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch”, “Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” nomli asarlari, Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning ilm-fan namoyondalari, akademiklar, O‘zbekiston ijodor ziyoli vakillari bilan uchrashuvlarda so‘zlagan nutqlarini puxta o‘rganishlari shart. Bu manbalar mamlakatimizda adabiyot va san’atning rivojlanishiga juda katta rag‘bat bo‘lganligini isbotlaydi. “Ijodkor ziyolilarimizning eng yaxshi asarlarini yurtimizda va chet ellarda targ‘ib etishni biz ma’naviy-ma’rifiy sohadagi siyosatimizning muhim bir qismi sifatida davom ettiramiz.”1
“Hozirgi adabiy jarayon” fanining bosh maqsadi mustaqillik davri adabiyotining asosiy xususiyatlari, bu yillarda o‘zbek adabiyotida paydo bo‘lgan muhim konsepsiyalarni aniqlash, bu davrda yaratilgan asarlarni o‘rganish va tahlil qilishdan, vazifasi esa badiiy asarni tushunish malakasini shakllantirish, hozirgi davr adabiyotining eng yangi fazilatlarlarini targ‘ib etish ko‘nikmasini hosil qilishdan iboratdir.
“Hozirgi adabiy jarayon va yangi o‘zbek adabiyoti” fani bevosita adabiy jarayondagi yangilanishlardan talabalami boxabar qilishi bilan birga ularni baholashga o‘rgatadi; bevosita ajdodlarimiz qoldirgan va bugungi kunda yaratilayotgan boy adabiy merosni o‘rganish maqsadiga xizmat qiladi. Amaliy jihatdan esa talaba adabiy jarayonning faol ishtirokchisiga aylanadi.
“Hozirgi adabiy jarayon va yangi o‘zbek adabiyoti” fani talabani faol kitobxonlikka, badiiy asarni tahlil qila olish malakasini hosil qilishga, turli uslubga mansub ijodkorlar to‘g‘risida yaxlit tasavvur berishi jihatidan ahamiyatli sanaladi.
Ushbu maqsadga erishish uchun fan talabalami nazariy bilimlar, amaliy ko‘nikmalar, adabiy hodisa va jarayonlarga uslubiy yondashuv hamda ilmiy dunyoqarashini shakllantirish vazifalarini bajaradi.
Mazkur uslubiy-qo‘llanma istiqlol davrida yuzaga kelgan lirika, doston, hikoya, qissa, roman, drama, komediyalar asosida test savollaridan tuzilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |