Manba: Markaziy bankhisob-kitoblari. Markaziy bank tomonidan amalga oshirilgan tahlillar 2018-yilning boshidan boshlab iqtisodiyotda ishlab chiqarishning ijobiy tafovuti paydo bo‘lib, uning o‘suvchi dinamikaga ega ekanligini ko‘rsatmoqda. Ishlab chiqarish farqining ijobiyligi va o‘sib borishi kelgusi yilda ham ichki narxlarga bosimni yuzaga keltirishi va asoslanmagan talab hajmining oshib borishi orqali pul-kredit siyosatini yuritish shart-sharoitlarini qiyinlashtiradi.
Shuningdek, byudjet xarajatlari va kreditlar hisobiga shakllanayotgan investitsion va iste’mol talabining katta qismi import evaziga qondirilishi import hajmlarini keskin oshirmoqda. Bu tashqi savdo balansining manfiy salьdo bilan ijro etilishiga va milliy valyuta kursiga nisbatan devalьvatsion bosimning yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.
Kreditlash hajmlarining tez sur’atlarda oshganligi, o‘z navbatida, real sektorning qarzdorlik yuklamasining ham tez sur’atlarda oshishiga olib keladi. Qarzdorlik yuklamasining yuqoriligi kelgusi yillarda aholi va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning moliyaviy salohiyati bo‘yicha xatarlarni oshiradi.
Bugungi kunda iqtisodiyotimizning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri aholi daromadlarining bir tekis taqsimlanmaganligi bo‘lib, inflyasiya darajasini pul-kredit siyosati instrumentlari bilan pasaytirish imkoniyatlarini cheklaydi. Bunda aholining katta qismi o‘rtacha va undan past daromad oladiganlar hissasiga to‘g‘ri kelganligi sababli ularning iste’moli tarkibida birinchi darajali oziq-ovqat mahsulotlarining ulushi katta.
Mazkur mahsulotlarga bo‘lgan talabning narxlar o‘zgarishiga bog‘liqlik darajasi boshqa tovarlarga nisbatan past bo‘ladi. Ushbu tovarlar narxlari o‘zgarishi ko‘proq taklif omillari bilan bog‘liq bo‘ladi (ishlab chiqaruvlar o‘rtasidagi raqobat, mavsumiylik va qishloq xo‘jaligidagi hosildorlik darajasi va boshqalar).
Mohiyatan pul-kredit siyosati talabni boshqarishda samarali bo‘lib, tarkibiy omillarga bog‘liq bo‘lgan ishlab chiqarish unumdorligiga bevosita ta’sir ko‘rsata olmaydi. Unumdorlikning sekin o‘sishi korxonalarning xarajatlarini oshiradi, chunki ular ishchi kuchi va asosiy vositalarga bo‘lgan solishtirma xarajatlarning tezroq oshishiga duch keladi. Yo‘qotilgan foyda hajmini to‘ldirish uchun korxonalar o‘z mahsulotlarining narxlarini oshirishga majbur bo‘ladi, bu esa inflyasiyaga oshiruvchi bosimni yuzaga keltiradi.
Unumdorlikni oshirish uchun birinchi navbatda iqtisodiyotda raqobat muhitini yaratish va rivojlantirish talab etiladi. Bunga iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy sektorni rivojlantirish, monopoliyani va ayrim korxonalarning bozordagi imtiyozli mavqeini bartaraf etish, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini olib borishdagi to‘siqlarni olib tashlash orqali erishish mumkin.
Yuqori raqobat sharoitlarida korxonalar xarajatlarni kamaytirishga intiladi va yangi texnologiyalarni joriy qilish yo‘li bilan unumdorlikni oshiradi. Bozorlarning monopollashtirilishi esa aksincha texnologik turg‘unlikni keltirib chiqaradi va mahsulot tannarxini pasaytirishga hech qanday rag‘bat yaratmaydi. Natijada, birinchidan, iste’molchilar ko‘proq sarf-xarajat qilishga va samarasiz monopol ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab turishga majbur bo‘ladi, ikkinchidan, mahalliy tovarlarning xorij tovarlariga nisbatan raqobatbardoshligi pasayib boradi.
Shu nuqtai nazardan, unumdorlikni oshirishda iqtisodiyotning ko‘pgina sohalari asosini tashkil etuvchi davlat korxonalarini islohqilish muhim ahamiyatga ega. Ushbu korxonalarning ko‘pi yirik ish beruvchi va soliq to‘lovchi hisoblanishiga qaramasdan, ularning ayrimlari zarar ko‘rib ishlaydigan va samarasiz korxonalardir.
Ularning davlat tomonidan muntazam qo‘llab-quvvatlab turilishi, ularda tartibga solish va nazorat qilish vakolatlarining mavjudligi hamda ushbu korxonalarning asosiy tovar bozorlarida monopol o‘rinda bo‘lishi ularni ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga va boshqarishga bo‘lgan rag‘batdan mahrum qiladi. Qolaversa, davlat korxonalarining bozordagi ustunligi hamda kredit resurslari va xomashyoga imtiyozli huquqi raqobat muhitini yomonlashtiradi, xususiy sektorning kredit olish imkoniyatini susaytiradi hamda uning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi.
O‘rta muddatli istiqbolda davlat korxonalari islohotlarini asosiy tarmoq korxonalari, jumladan, energetika, neftь-gaz sanoati, kimyo sanoati, havo yo‘llari, temir yo‘llari, donni qayta ishlash va paxta sanoati kabi sohalarda amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Ushbu islohotlar doirasida korporativ boshqaruvning zamonaviy tizimini tatbiq etish, nazorat funksiyalarini ixtisoslashgan davlat idoralariga o‘tkazish, shuningdek, raqobatni cheklovchi tartibga soluvchi qoidalarni bekor qilish kabi choralar amalga oshiriladi.
Iqtisodiyotdagi inflyasion jarayonlarga energetikasohasi islohotlari sezilarli ta’sir ko‘rsatadi, chunki ular iste’molchilar xarid qiladigan tovar va xizmatlarga (kommunal xizmatlar, elektr tarmog‘i va yoqilg‘i) ham, ishlab chiqaruvchilarning xarajatlariga ham ta’sir ko‘rsatadi.
Mamlakatimizda energoresurslarning joriy ichki narxlari uning mavjud xarajatlarni qoplash darajasidan past, bu esa iqtisodiyotning talabini to‘laqonli qondirishga yo‘l qo‘ymaydi, iste’molchilar uchun energiya samaradorligini oshirishga bo‘lgan rag‘batni yo‘qotadi hamda iqtisodiy agentlarga ushbu resurslar zaxirasi cheklanganligi haqida signallar bermaydi. Hukumat tomonidan energoresurslarning ichki narxlarini bir necha yil davomida bosqichma-bosqich oshirish rejalashtirilmoqda.
Agar tartibga solinadigan narxlar erkinlashuvidan keyin kommunal xizmatlar ko‘rsatuvchi va yoqilg‘i-energetika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarda ishlab chiqarish samaradorligi oshishi kuzatilmasa, ishlab chiqarishning samarasizligini qoplash uchun mazkur korxonalar xizmatlari tariflari va mahsulotlari narxlarining muttasil oshib borishi xavfi yana paydo bo‘ladi. SHuning uchun davlat korxonalarining tarkibiy jihatdan isloh qilinishi va narxlar liberallashuvi iqtisodiyotning energetika sohasida davlat boshqaruvidan voz kechilishi, energiya va yoqilg‘i- energetika ishlab chiqarish hamda taqsimlashda raqobatli bozor yaratilishi bilan chambarchas bog‘liq.
Tarkibiy o‘zgarishlar va salbiy siljishlar ayniqsa hozirgi paytda ma’lum bir ma’noda davlat nazorati ostida bo‘lgan qishloq xo‘jaligi tarmog‘ida sezilmoqda. Ushbu sohada shakllangan ma’muriy boshqaruv tajribasiga ko‘ra fermerlar va ishlab chiqaruvchilarga ma’lum bir ekinlarni etishtirish talabining qo‘yilishi “majburiy” ekinlarning ko‘proq foyda keltirishi va katta qo‘shimcha qiymat yaratishi mumkin bo‘lgan boshqa ekinlar o‘rniga ekilishiga sabab bo‘lmoqda. Bu esa kelgusi yillarda mavjud er va mehnat resurslarining samarasiz taqsimlanishiga, sohaga bozor munosabatlarining sekin joriy etilishiga va qishloq xo‘jaligi unumdorligining past bo‘lishiga olib keladi. Natijada aholi iste’mol savatida katta ulushga ega bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxlarining o‘sishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Kelgusi yillarda go‘sht mahsulotlari narxining keskin o‘sishi xavfini kamaytirish maqsadida hozirgi kunda deyarli uy xo‘jaliklariga bog‘liq bo‘lgan bo‘rdoqi chorvachilik salohiyatini mustahkamlash talab qilinadi. Fermer xo‘jaliklari va agrosanoat klasterlarini yuqori mahsuldorlikka ega zotdor chorva turlarini etishtirish asosida rivojlantirish ichki bozorda go‘sht mahsulotlari taklifini barqarorlashtirishga yordam beradi.
Iqtisodiyotning ochiqligini oshirish doirasida harakatlar ketma-ket emasligi, eksport va importga bo‘lgan cheklovlar o‘rnatilishining ochiq va tushunarli qoidalari yo‘qligi investorlar kayfiyatida salbiy aks etishi, bozor ishtirokchilarining kutilmalari yomonlashuviga olib kelishi va islohotlarning orqaga ketishi xavfini kuchaytirishi mumkin.
Oldingi yillarning tajribasi ko‘rsatganidek, "taqiqlash siyosati" raqobat muhiti yomonlashishiga va ichki narxlarning asossiz o‘sishiga olib keladi. O‘zbekistonning dengiz savdo yo‘llaridan yiroqligi tovarlarni tashish transport xarajatlari yuqoriligiga sabab bo‘lmoqda, bu esa ichki bozorlardagi iste’mol narxlarida aks etadi.
SHuning uchun, bojxona bojlarini pasaytirish yo‘li bilan savdo to‘siqlarini kamaytirish, tashqi savdo operatsiyalarida byurokratiya, tadbirkorlarning eksport va importga bo‘lgan huquqlari asimmetriyasini bartaraf etish, jumladan, ayrim korxonalarga eksport va importga alohida huquq taqdim qilish amaliyotini to‘xtatish bo‘yicha choralar ko‘rilishi kerak.
Pul-kredit siyosatini samarali yuritishning yana bir muhim ichki sharoiti mamlakatimizda to‘laqonli faoliyat yuritadigan moliyabozori, xususan, qimmatli qog‘ozlar bozori mavjud bo‘lishidir. Moliya bozorining rivojlanishi va samarali faoliyati Markaziy bankka pul-kredit instrumentlarini bozor mexanizmlari asosida ishlatishga zamin yaratadi. Bu borada Moliya vazirligi tomonidan davlat qimmatli qog‘ozlari muomala chiqarilishi ham moliya bozorini rivojlantirishda dastlabki turtki bo‘ladi.
Yuqorida qayd etilgan tarkibiy muammolarning barchasi resurslarning cheklanganligi va kamayib borishi sharoitida mamlakatimizda mavjud resurslardan samarali foydalanish, ishlab chiqarish jarayonlari energiya iste’molini optimallashtirish, energiya tejamkor texnologiyalarni amaliyotga joriy etish borasida islohotlarga bog‘liq bo‘ladi.
Bu, o‘z navbatida, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda iqtisodiyotni rivojlantirishning resurslarni tejashga asoslangan modelini ishlab chiqishni talab etadi. Ushbu modelь resurslarning kam samarali tarmoqlardan raqobatbardosh tarmoqlarga o‘tishi bilan bog‘liq tarkibiy o‘zgarishlarni qamrab olishni taqozo etadi.