Yangi mahsulotning yaratilishi.
Korxonada innovatsiya faoliyatini tashkil etishning birinchi bosqichida ishlab chiqarish bo’limlaridagi marketing xizmatidan, korxonaning sotish apparatidan, savdo agentlaridan, iste’molchilardan kelib tushayotgan yangiliklar hamda bozorlardagi texnologik o’zgarishlar haqida ma’lumotlar yig’iladi. Yangi mahsulotni yaratish va o’zlashtirish bilan bog’liq bo’lgan potensial imkoniyatlar ham o’rganiladi.
Yangi mahsulotning g’oyasini ishlab chiqish bosqichida esa g’oyaning amaliy jihatdan amalga oshirishning mavjud imkoniyatlarini aniqlash; yangi va an’anaviy mahsulotni texnologik umumiyligi darajasini aniqlash; kelajakda ishlab chiqariladigan mahsulotga patent tizimini aniqlash kabilar aniqlanadi.
Mahsulotning texnik holatini yaratish hamda mahsulotning iqtisodiy xarakteristikasini aniqlash g’oya aniq loyiha ko’rinishiga kelganidan so’ng amalga oshiriladi. Uning sifati hamda iste’mol xususiyatlarini baholash; sotuv hajmi va potensial bozor taklifini baholash; yangi mahsulot ishlab chiqarish rentabelligining tahlili va uni baholash, marketing dasturini yaratish kabilar yangi mahsulotning iqtisodiy samaradorligining mazmuni, marketing dasturini yaratish deb nomlangan uchinchi bosqichida amalga oshiriladi.
Kichik biznes subyektlari innovatsion faoliyatining oxirgi: yangi mahsulotning yaratilishi deb nomlangan bosqichida esa kichik biznes subyektining bo’limlariga vazifalarni taqsimlagan holda yangi mahsulot rivojlanishining aniq dasturini tuzish; mahsulot namunasini yaratish va texnik tanlovdan o’tkazish; mahsulotning nomini va belgisini aniqlash; narx va boshqa tijorat shartlariga oid test o’tkazish kabi jarayonlar amalga oshiriladi.
Yuqorida ko’rsatilgan bosqichlarda belgilangan jarayonlar samarali tashkil etilsa kichik biznes subyektlarini innovatsion faoliyati ham mukammal ravishda amalga oshadi. Buning natijasida esa korxona o’z oldiga qo’ygan maqsadlar sari odimlashi mumkin bo’ladi.
Kichik biznesda innovatsion faoliyatni rivojlantirishning xorij tajribasi
Dunyodagi barcha rivojlangan mamlakatlarda kichik biznes va tadbirkorlikni, uning innovatsion faoliyatini har tomonlama qo’llab-quvvatlash davlat iqtisodiy siyosatining mustaqil tarkibiy qismi hisoblanadi.
Barcha rivojlangan davlatlarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish orqali iqtisodiyotni yuksaltirishga alohida ahamiyat berilgan. Iqtisodiyotda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish va unga keng yo’l ochib berish aholi bandligini samarali ta’minlash va bu orqali aholi farovonligini oshirishning muhim omili sifatida e’tirof etiladi.
Xorijiy mamlakatlarda kichik biznesni har tomonlama qo’llab-quvvatlashning mukammal va puxta ishlab chiqilgan tizimi mavjud bo’lib, bu tizim iqtisodiyotning globallashuvi, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi va raqobatning kuchayishi sharoitida ijtimoiy-iqtisodiy muhitning barqaror taraqqiy etishini ta’minlaydi. Bu holat esa, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni davlat tomonidan qo’llab-quvvatlash mexanizmining to’la darajada rivojlanganligini ko’rsatadi.
Rivojlangan mamlakatlarda davlat sektori muhim manbalardan hisoblansada, biroq innovatsion faoliyatni amalga oshirishda va moliyalashtirishda ikkinchi darajadagi o’rinni egallaydi. Uning ulushi ko’pchilik rivojlangan davlatlarda xususiy sektorga nisbatan 1.3-2.5 marta kam.
Jahon tajribasida kichik biznes va tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash va uning innovatsion faoliyatini rivojlantirishning o’ziga xos tomonlari mavjud bo’lib, bu rivojlangan mamlakatlarda turlichadir. Ko’pgina mamlakatlarda kichik biznesni qo’llab-quvvatlash va rivojlantirish, ularning innovatsion faoliyatini rag’batlantirish hamda muvofiqlashtirish yetarli resurs imkoniyatlariga va boshqaruv vakolatiga ega bo’lgan maxsus davlat organlari zimmasiga yuklatilgan.
Jahonning rivojlangan mamlakatlaridan biri hisoblangan Amerika Qo’shma Shtatlarida Kongress tomonidan “Kichik biznes ma’muriyati” deb nomlangan maxsus tashkilot tuzilgan bo’lib, u xususiy sektorga ko’maklashish, uni moliyalash hamda kreditlash, innovatsion faoliyatini rag’batlantirish ishlarini samarali yo’lga qo’ygan. Kichik biznes ma’muriyatining 90 dan ziyod mintaqaviy va hududiy bo’limlari tuzilgan bo’lib, ular joylarda xususiy sektor subyektlari oldida tug’iladigan har qanday muammolarni kechiktirmay hal etishni asosiy maqsad qilib olgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |