3. Badiiy adabiyot rivoji. O’rta Osiyo Uyg’onish davri madaniyati xususida gap borar ekan, bunda uning muhim tarkibiy qismi, xalq dahosi mahsuli bo’lgan badiiy adabiyot va uning ajoyib namoyandalarining serqirra ijodi to’g’risida to’xtalib o’tmasdan bo’lmaydi.
IX-XII asrlar davri madaniyati ayni paytda yuksak darajada ravnaq topgan badiiy adabiyot namoyandalari ijodida ham yaqqol namoyon bo’ldi. Bu davrda O’rta Osiyoda forsiy va turkiy adabiyotning ajoyib durdona asarlari yaratildi. Garchi o’lkada rasmiy davlat tili sifatida arab tili va uning grammatikasi hukm surgan bo’lsa-da, biroq o’lkada mustaqil davlatlarning tashkil topishi va rivojlanib borishi davomida fors va turkiy adabiyot ham o’sib, uning zabardast vakillari ijodi sayqal topib bordi.
Somoniylar va g’aznaviylar hukmronligi davrida yashab ijod qilgan Abu Abdullo Rudakiy, Daqiqiy, Abu Shukur Balxiy, Abulqosim Firdavsiy kabi daho shoirlarning forsiydagi ijodi fikrimizga dalil bo’la oladi.
Abu Abdullo Rudakiy (858, hoz. Tojikiston Res., Panjakent tumani Panjrudak qishlog’i-941). Rudakiy Abu Abdullo Ja’far-fors-tojik shoiri. Fors-tojik she’riyati asoschilaridan biri. Yoshligidan she’riyat va musiqaga ixlos qo’ygan, adabiyotni, arab tilini o’rgangan. Zamonasining mashhur cholg’uchisi Abul Abbos Baxtiyordan musiqa bo’yicha ta’lim olgan; barbat, chang, ud, rud kabi cholg’u asboblarini chalishni o’rgangan. Rudakiyning she’riyat va musiqadagi mahoratini eshitgan Buxoro hukumdori Nasr II ibn Ahmad Somoniy uni saroyga taklif etgan. Rudakiy Buxoroda vazir Abul Fazl Bal’amiy homiyligida ijod qilib, san’atda katta obro’ qozongan. Rudakiy 40 yil saroyda shoirlarga boshchilik qilgan. Uning tug’ma ko’r bo’lganligi haqida naqllar bor. Aslida saroydagi ig’vo va fitnalar tufayli dushmanlari Rudakiyning ko’zlariga mil tortib ko’r qilgan, mol-mulkini talab, o’zini Buxorodan badarg’a qilishga erishganlar. Qarigan chog’ida Rudakiy o’z qishlog’iga qaytib, faqirlikda umr kechirgan.
Manbalarda Rudakiy she’riyati 100 000 baytdan iboratligi qayd etilgan. Ammohozirga qadar uning 1000 bayt asari (2 qasida, 50 ruboiy, she’r va dostonlari) yetib kelgan.
Rudakiy Movarounnahrda o’z she’rlaridan devon tuzgan ilk shoir hisoblanadi. «Bo’i jo’i Mo’liyon oyad hame» («Mo’liyon arig’ining isi kelmoqdadir») misrasi bilan boshlanadigan g’azali unga favqulodda shuhrat keltirgan.
Rudakiyning «Modari may» («Mayning onasi»), «Dar vasfi Buxoro» va «Shikoyai az piri» («Qarilikdan shikoyat») qasidalari, hamda «Kalila va Dimna», «Davroni falak» va boshqa bir necha masnaviylaridan parchalar bizgacha yetib kelgan.
Rudakiy fors-tojik she’riyatining deyarli barcha shakllarini ishlab bergan. Sharq xalklari she’riyatida keng tarkalgan dastlabki poetik janr-ruboiy (arab.-to’rtlik) larni Rudakiy va Shahidi Balxiy yaratgan. Qadimgi manbalarda Rudakiyning «Oftob davroni», «Aroisan-nafois» («Nafis kurtaklar») va «Sindbodnoma» (933) dostoni bo’lganligi haqida ma’lumotlar uchraydi. Rudakiy va uning izdoshlari forsiy she’riyatda bir necha asr hukmronlik qilgan Xuroson (yoki Turkiston) uslubiga asos solib, uni rivojlantirganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |